Aksiyalar tasnifi ularni turli vaziyatlarda narx o‘zgarishini aks ettiruvchi bir nechta turli toifalarga bo‘lishni nazarda tutadi. Masalan, risk darajasi nuqtayi nazaridan aksiyalar konservativ va venchur turlariga bo‘linadi. Daromadlilik bo‘yicha esa – qiymat, o‘sish, dividend aksiyalari. Qanday toifalar mavjudligini va muayyan aksiyalar qaysi toifaga tegishli ekanligini tushunish sizga muvozanatli investitsiya portfelini shakllantirishga yordam beradi.
Ushbu sharhda siz aksiyalarning qanday asosiy turlari borligi, ularning narx harakatidagi farqlari va bu xususiyatlardan savdo hamda investitsiyalarda qanday foydalanish mumkinligi haqida bilib olasiz.
Maqolada quyidagi mavzular yoritilgan:
- Asosiy faktlar
- Aksiyalar turlarining tasnifi
- Aksiyalarning asosiy turlari: oddiy va imtiyozli aksiyalar
- O‘sish aksiyalari qiymatga bog'langan aksiyalarga qarshi: daromadlilikni taqqoslash
- Aksiyalarni bozor kapitallashuvi bo‘yicha tasniflash
- Qimmatli qog‘ozlarning maxsus turlari
- Tarmoqlar va iqtisodiy sikllar bo‘yicha aksiyalarning turlari
- Geografik tasnif va yangi emissiyalar
- Aksiyalarning necha turi mavjud: investitsiya portfelini qanday shakllantirish kerak?
- Xulosa
- Aksiyalar turlari bo‘yicha ko‘p beriladigan savollar
Asosiy faktlar
- Kompaniya aksiyalarining asosiy turlarini tushunish potensial riskka nisbatan turli maqsadlar, davriy ufqlari, turlicha prognoz qilingan o‘rtacha daromadlilik bilan diversifikatsiyalangan investitsiya portfelini tuzishga yordam beradi.
- Aksiyalarning turlari bo‘yicha tasnifi: oddiy va imtiyozli; yirik, o‘rta va kichik kapitallashuvga ega kompaniyalar aksiyalari; o‘sish aksiyalari va qiymatga bo’glangan aksiyalar; “moviy fishkalar” va sohaga bo’g’langan aksiyalar; to‘g‘ri, teskari va nol korrelyatsiyali aksiyalar.
- Tez o‘suvchi aksiyalar yuqori riskli hisoblanadi. Potensial daromad qanchalik yuqori bo‘lsa, narxning keskin burilishi va chuqur pasayishi ehtimoli ham shunchalik yuqori bo‘ladi.
- Aksiyaning risk darajasini tahlil qilish uchun moliyaviy hisobotlar asosida hisoblangan multiplikatorlar, beta-koeffitsient, shuningdek, kompaniya va uning sektoridagi faoliyatning fundamental bahosidan foydalaniladi.
- Konservativ turdagi diversifikatsiyalangan investitsiya portfelining 60 foizgacha bo‘lgan qismini xalqaro aksiyalar, qolgan 40 foizini esa barqaror daromad keltiruvchi aktivlar (obligatsiyalar, oltin, valyuta depozitlari, himoya aksiyalari) tashkil etadi.
Aksiyalar turlarining tasnifi
Turli mezonlarga ko‘ra kompaniya aksiyalarining turlarini bir necha guruhga ajratish mumkin. Masalan, iqtisodiy hodisalarga reaksiyasi bo‘yicha – siklik va nosiklik. Kapitallashuvi bo‘yicha – katta, o‘rta va kichik kapitallashuvli aksiyalar. Risk darajasi bo‘yicha – barqaror o‘suvchi va venchur. Ushbu sharhda keltirilgan aksiyalarni tasniflash misollari sizga qimmatli qog‘ozlarning mohiyatini, har bir aksiyaning “tabiatini” tushunishga va turli maqsadlar uchun optimal investitsiya portfelini shakllantirishga yordam beradi.
Aksiyalarning asosiy turlari: oddiy va imtiyozli aksiyalar
Qimmatli qog‘ozlar egasi oladigan huquqlar nuqtayi nazaridan aksiyalar oddiy va imtiyozli turlarga bo‘linadi. Bir nechta jihatlari bor:
- Kompaniyalarning har ikkala turdagi aksiyalari ham fond birjasida sotiladi.
- Ba’zi mamlakatlar qonunchiligi imtiyozli aksiyalar emissiyasi hajmini cheklashi mumkin. Masalan, ayrim mamlakatlarda imtiyozli aksiyalar soni aksiyadorlik jamiyati ustav fondining 25 foizidan oshmasligi kerak.
- Oddiy aksiyalarni imtiyozli aksiyalarga almashtirib bo‘lmaydi. Ayrim turdagi imtiyozli aksiyalarni esa oddiy aksiyalarga almashtirish mumkin.
Har bir aksiya turi haqida batafsil ma’lumot berib o’tamiz.
Oddiy aksiyalar nima?
Oddiy aksiyalar – bu aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan qimmatli qog‘ozlar bo‘lib, ular o‘z egalariga aksiyadorlar yig‘ilishida ovoz berish huquqini (1 aksiya = 1 ovoz) va dividendlar olish huquqini beradi. Dividendlar imtiyozli aksiyalar va kreditorlar bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilgandan so‘ng foyda hisobidan to‘lanadi. Dividendlar to‘lanishi yoki to‘lanmasligi hamda to‘lov miqdori kompaniyaning moliyaviy natijalari va direktorlar kengashi qaroriga bog‘liq.
- 50% + 1 aksiya – nazorat paketi. U oddiy aksiyalar egasiga bir qator qarorlarni qabul qilishda (direktorlar kengashi tarkibini tayinlash va o‘zgartirish; asosiy strategiya, byudjet va yirik bitimlarni tasdiqlash) ko‘pchilik ovozni ta’minlaydi.
- 25% + 1 aksiya – bloklovchi paket. Agar boshqa aksiyalar ulushi nazorat paketiga birlashtirilmagan bo‘lsa, bu aksiyadorlar yig‘ilishi qarorlarini yakka o‘zi bloklash imkonini beradi.
Nazorat va bloklovchi paketda faqat oddiy aksiyalar ishtirok etadi. Bu aksiyadorlik jamiyatining ustavida imtiyozli qimmatli qog‘ozlar uchun ovoz berish huquqi ko‘zda tutilmagan bo‘lsa amal qiladi.
Imtiyozli aksiyalarning xususiyatlari
Imtiyozli aksiyalar – bu kompaniya aksiyalarining bir turi bo‘lib, u o‘z egasiga oddiy aksiyalarga nisbatan muayyan afzalliklar beradi, va bir vaqtning o’zida bir qator cheklovlarni ham yuklaydi. Ular qat’iy belgilangan dividend daromadini olishni ko‘zda tutsa-da, odatda, agar aksiyadorlik jamiyatining ustavida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ovoz berish huquqini bermaydi.
Imtiyozli aksiyalarning xususiyatlari:
- Qat’iy belgilangan dividend summasi yoki foiz stavkasiga ega. Bu dividendlarning 100% to‘lanishini kafolatlamaydi – to‘lov to‘g‘risidagi qarorni aksiyadorlar yig‘ilishi qabul qiladi. Biroq aynan imtiyozli aksiyalar egalari belgilangan summani birinchi navbatda oladilar. Qolgan summa oddiy aksiyalar egalari o‘rtasida taqsimlanadi.
- Agar oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlar yuqoriroq bo‘lib chiqsa, imtiyozli aksiyalar egalari qo‘shimcha to‘lov olish huquqiga ega bo‘ladi.
- Kompaniya likvidatsiya qilinganda ustuvorlikka ega bo‘ladi. Aksiya egalari kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan so‘ng aktivlar qoldig‘ini oddiy aksiyadorlardan avvalroq oladilar.
- Agar kompaniya ikki yil davomida dividend to‘lamagan bo‘lsa va keyin to‘lovlarni qayta boshlasa, imtiyozli aksiyalar egalari o‘tkazib yuborilgan davr uchun dividend olish huquqiga ega bo‘ladi.
Investitsiya uchun aksiya turlarining qiyosiy jadvali:
Oddiy aksiyalar | Imtiyozli aksiyalar | |
Ovoz berish huquqi | Bor | Yo‘q/Cheklangan ovoz berish huquqi |
Dividend miqdori | O‘zgaruvchan. | Qat’iy belgilangan, ustuvor. |
Dividend to‘lash tartibi | Imtiyozli aksiyalardan so‘ng. | Birinchi navbatda. |
Konvertatsiya qilish imkoniyati | Imtiyozli aksiyalarga aylantirib bo‘lmaydi. | Konvertatsiya qilinadigan tur uchun imkoniyat mavjud. |
Likvidlilik | Yuqori. | Past. Emitent istalgan vaqtda qimmatli qog‘ozlarni bir tomonlama tartibda qaytarib sotib olishi mumkin. |
Likvidatsiya holatida ustuvorlik | Eng so‘nggi. | Birinchi navbatda. |
O‘sish aksiyalari qiymatga bog'langan aksiyalarga qarshi: daromadlilikni taqqoslash
Savdo uchun aksiya turining jozibadorligini baholash usullaridan biri – bu qimmatli qog‘ozning uzoq muddatli istiqbolda keltirishi mumkin bo‘lgan potensial daromad darajasiga qarab baholashdir. Shuningdek, qaysi omillar va qanday usulda bu daromadni yaratishiga ham qaraladi. Shu nuqtayi nazardan ikki toifa ajratiladi: o‘sish aksiyalari va qiymatga bog'langan aksiyalar. Har ikki tur savdo aksiyalarining birikmasi vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib turilishi zarur bo‘lgan mo‘tadil volatillikka ega portfelni shakllantirish imkonini beradi.
O‘sish aksiyalari: izoh va misollar
O‘sish aksiyalari – bu daromadi va foydasi tez o‘sayotgan kompaniyalarning savdo aksiyalari turidir. Ular bir qator moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rtacha bozor multiplikatorlaridan oldinda boradi. Noyob ishlanmalar, istiqbolli tarmoq va boshqalar o‘sish omillari hisoblanadi.
O‘sish aksiyalari va ularning emitentlarining xususiyatlari:
- yuqori P/E koeffitsiyenti (bozor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori);
- PEG koeffitsiyenti (P/E ning foyda o‘sish sur’atlariga nisbati) 1 ga yaqin yoki undan yuqori;
- past dividendlar yoki ularning umuman yo‘qligi (barcha mablag‘lar rivojlanishga yo‘naltiriladi);
- yuqori volatillik – investorlar tez o‘sishdan so‘ng narx eng yuqori cho‘qqiga chiqqanida bunday qimmatli qog‘ozlardan qutulishga moyil bo‘ladi;
- kompaniya foydasi oshgan sari o‘sish salohiyati ham yuqori bo‘ladi.
O‘sish aksiyalari turlariga misollar: sun’iy intellektni ishlab chiqish, bulutli hisoblash, blokcheyn texnologiyalari bilan shug‘ullanuvchi texnologik kompaniyalar, biotexnologiya va yarimo‘tkazgich kompaniyalari.
Qiymatli aksiyalar: ta’rifi va xususiyatlari
Qiymatli aksiyalar — bu bozor qiymati o‘zining fundamental qiymatidan past bo‘lgan kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlaridir. Ular yetarlicha baholanmagan deb hisoblanadi. Bunday aksiyalarni xarid qilganda investorlar vaqt o‘tishi bilan fond bozori emitentning haqiqiy qiymatiga “yetib oladi” va kurs ko‘tariladi, deb umid qiladi. Bunday kompaniyalar barqaror daromadga ega mustahkam biznes va past volatillik bilan tavsiflanadi, ularning aksiyalari global larzalarga chidamli bo‘ladi.
Qiymatli aksiyalar va ularning emitentlarining xususiyatlari:
- past P/E koeffitsiyenti (odatda bozor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan past);
- past P/B (bozor qiymatining balans qiymatiga nisbati);
- dividendli aksiyalar bo‘yicha nisbatan yuqori daromadlilik;
- doimiy foyda keltiradigan barqaror biznes.
O‘sish va qiymatli aksiyalarning qiyosiy jadvali:
O‘sish aksiyalari | Qiymatli aksiyalar | |
Dividend daromadliligi | Past yoki mavjud emas. | Nisbatan yuqori, doimiy to‘lovlarga ega. |
Foydaning o‘sish sur’atlari | Tez, dinamik. | Sekin, lekin barqaror. |
Stagnatsiya davridagi holati | Yuqori riskka ega, yangiliklar va bozor kutilmalariga sezgir ta’sirchan. Qiymati sezilarli darajada pasayadi. | O‘rtacha riskka ega, bozorning umumiy pasayishlariga kamroq moyil. |
Investitsiya gorizonti | Qisqa va o‘rta muddatli investitsiya. Aksiyalar keskin o‘sishdan so‘ng qiymatning eng yuqori cho‘qqisida sotiladi. | Uzoq muddatli investitsiya. Barqaror passiv daromad olish uchun foydalaniladi. |
Odatdagi sektorlar | Bulutli texnologiyalar va sun’iy intellekt bilan bog‘liq texnologik kompaniyalar, internet-platformalar. Biotexnologik kompaniyalar. | Energetika, moliya, iste’mol tovarlari. |
Kimlarga mos keladi? | Fundamental omillar ta’sirida aksiyalar qiymatining keskin o‘sishini kutayotgan va yuqori o‘zgaruvchanlikka tayyor bo‘lgan investorlarga. | Minimal tavakkalchilik evaziga barqaror mo‘tadil daromad olishdan manfaatdor bo‘lgan uzoq muddatli investorlarga. |
Aksiyalarni bozor kapitallashuvi bo‘yicha tasniflash
Bozor kapitallashuvi – bu kompaniyaning umumiy qiymati. U aksiyalar sonini ularning joriy narxiga ko‘paytirish orqali ifodalanadi.
Aksiyalarni bozor kapitallashuvi bo‘yicha tasniflash:
- Yirik kapitallashuv: $10 mlrd va undan yuqori.
- O‘rta kapitallashuv: $2 mlrddan $10 mlrdgacha.
- Kichik kapitallashuv: $300 mlndan $2 mlrdgacha.
- Mikrokapitallashuv: $50 mlndan $300 mlngacha.
Ushbu tasnif umum qabul qilingan, biroq qisman shartli hisoblanadi. Birinchidan, u mintaqaviy xususiyatlarni inobatga olmaydi. Biror kompaniya AQSh uchun kichik, ammo rivojlanayotgan kichik bir mamlakat uchun esa yirik sanalishi mumkin. Ikkinchidan, agar aksiyalar narxining keskin o‘sishi sababli tashkilot rasman keyingi toifaga o‘tsa, u uzoq vaqt davomida tegishli fond indekslarida qolishi mumkin. Masalan, kichik kompaniyalar indeksi bo‘lmish Russell 2000 tarkibida kapitallashuvi $2 mlrddan ortiq bo‘lgan firmalar ham bor.
Yirik kapitallashuvga ega aksiyalar
Kapitallashuv: $10 mlrd va undan yuqori.
Yirik kapitallashuvga ega kompaniyalar aksiyalarining asosiy xususiyatlari:
- Yuqori darajadagi likvidlik. Aksiyalarni narxga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasdan osongina sotib olish/sotish mumkin.
- Biznesning barqarorligi. Inqirozlarga chidamli, vaqt sinovidan o‘tgan kompaniyalar.
- Mo‘tadil volatillik. Kurs tebranishlari o‘rta va kichik kompaniyalarga nisbatan keskin emas.
- Shaffoflik, tahliliy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati. Moliyaviy hisobotlar, tahliliy sharhlar, prognozlar — tahlil uchun ma’lumotlar ko‘p.
- Institutsional egalikning yuqori darajasi. Aksiyalarning katta qismini yirik fondlar va investitsiya kompaniyalari nazorat qiladi.
Aksiyalar uzoq muddatli investitsiyalar, konservativ investitsiya strategiyalari, jumladan, barqaror dividendlarga yo‘naltirilgan strategiyalar uchun mos keladi. Qisqa muddatli kurs tebranishlaridan daromad olishga intilmaydigan, endigina ish boshlayotgan investorlar uchun mos keladi.
Daromad keltiradigan aksiyalarga misollar: Apple, Nvidia, MicroStrategy va hokazo. NASDAQ, S&P 500 va Dow Jones indekslarining deyarli barcha kompaniyalari ushbu toifaga kiradi.
O‘rta kapitallashuvga ega aksiyalar
Kapitallashuvi: $2 mlrd.dan $10 mlrd.gacha.
O‘rta kapitallashuvga ega kompaniyalar aksiyalarining asosiy xususiyatlari:
- Mo‘tadil likvidlik. Savdo hajmlari jiddiy sirpanishlarsiz bozorga kirish/chiqish uchun yetarli, ammo spredlar yirik kompaniyalarnikiga qaraganda kengroq.
- O‘sish va barqarorlik muvozanati. Kichik kompaniyalarga qaraganda risklari kamroq, bozor gigantlariga nisbatan o‘sish salohiyati yuqoriroq. Impulsli o‘sish ehtimoli mavjud.
- Yuqori volatillik. Kurs tebranishlari yirik kapitallashuvga ega bo‘lgan kompaniyalarnikiga qaraganda ancha yaqqol namoyon bo‘ladi. Qisqa muddatli agressiv strategiyalar uchun imkoniyatlar mavjud.
- Dividend to‘lovlarining o‘rtacha darajasi. Odatda, bunday kompaniyalar foydaning asosiy qismini o‘z rivojlanishiga yo‘naltiradi. Dividendlar “moviy fishkalar”ga qaraganda kamroq va kichikroq hajmda to‘lanadi.
- Tor sohalarga ixtisoslashish. Ko‘pincha tor ixtisoslashgan sektorlarda faoliyat yuritadi. Bu o‘sish salohiyatini cheklashi ham, aksincha, uning drayveriga aylanishi ham mumkin.
Fundamental omillar hisobiga aksiyalar narxining jadal o‘sishini ko‘zlagan agressiv strategiyalar va tor sohalarga yo‘naltirilgan investitsiyalar uchun mos keladi.
O‘rta kapitallashuvga ega kompaniyalar aksiyalariga misollar: S&P MidCap 400, Russell Midcap Index indekslariga kiruvchi tashkilotlar.
Kichik kapitallashuvga ega aksiyalar
Kapitallashuvi: $300 mlndan $2 mlrdgacha.
Kichik kapitallashuvga ega kompaniyalar aksiyalarining asosiy xususiyatlari:
- Past likvidlilik va yuqori volatillik. Savdo hajmlari nisbatan kichik bo‘lgani sababli, sotib olish va sotish narxlari o‘rtasidagi farq katta bo‘ladi.
- Tahliliy ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati cheklangan.
- Operatsion riskning yuqoriligi. Tor soha bozorlariga, alohida bir mahsulotga bog‘liqlik, biznesning zaif diversifikatsiyalashgani.
- Sohadagi yangiliklarga nisbatan yuqori sezgirlik.
- Muvaffaqiyat qozonilgan taqdirda yuqori o‘sish salohiyati. Tor sohadagi yo‘nalish muvaffaqiyatli rivojlansa, kapitallashuvning keskin o‘sishi kuzatilishi mumkin. Biroq bunday kompaniyalarning ulushi juda kichik va ularning salohiyatini ilg‘ash oson emas.
Venchur investitsiyalari uchun mos keladi. Misollar: S&P 600 va Russell 2000 indekslaridagi kompaniyalar.
Qimmatli qog‘ozlarning maxsus turlari
Ushbu toifaga o‘ziga xos (narx harakatidan kelib chiqqan holda) xususiyatlarga yoki aniq maqsadga ega bo‘lgan savdo aksiyalari turlarini kiritish mumkin. Masalan:
- Dividend aksiyalari – ular asosan “sotib oldim va unutdim” tamoyili asosida dividendlar uchun sotib olinadi.
- A, B va C klassidagi aksiyalar – har xil qiymat va turlicha ovoz berish huquqiga ega qimmatli qog‘ozlardir. A klassi – boshqaruvda ishtirok etishni istovchilar uchun, B klassi esa chakana investorlarga mo‘ljallangan.
- Depozitar tilxatlar (ADR/GDR). Ular xorijiy kompaniyalar aksiyalariga bo‘lgan mulk huquqini ifodalaydi va mahalliy fond birjalarida muomalada bo‘ladi.
Endigina ish boshlayotgan investor uchun avvalo “moviy fishkalar”ning boshqa kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlaridan farqini bilish muhimdir.
Barqaror investitsiyalar uchun “moviy fishkalar”
“Moviy fishkalar” – yuqori bozor kapitallashuviga ega bo‘lgan eng yirik kompaniyalarning savdo aksiyalari turidir. Ular o‘z sohalarida yetakchi bo‘lib, investorlarning ishonchini qozongan.
“Moviy fishkalar” va ularning emitentlarining xususiyatlari:
- Kompaniyalar diversifikatsiyalangan biznesga ega. Ular bir nechta tarmoqlar va ba’zan butun fond bozori uchun trendlarni belgilab beradi.
- Aksiyalar asosiy fond indekslari tarkibiga kiradi. Aksiyalarning asosiy qismi institutsional investorlarga tegishlidir.
- To‘liq shaffofdir. Xalqaro darajadagi audit, ma’lumotlarni oshkor qilishning qat’iy standartlari mavjud.
- Retsessiya davrlarida nisbatan barqarordir.
Ushbu aksiya turi uzoq muddatli investitsiyalar uchun mos keladi.
“Penni” aksiyalari: tavakkalchilik va imkoniyatlar
Sentli yoki penni-aksiyalar — bular narxi 5 dollardan past bo‘lgan aksiyalardir. Ular kichik bozor kapitallashuviga ega. Ko‘pincha birjadan tashqari maydonchalarda (OTC) sotiladi va asosiy indekslarga kiritilmaydi.
Sentli aksiyalarning asosiy risklari:
- Past savdo hajmlari va likvidlik. Aksiyalarni tezda sotish qiyin, “moviy fishkalar” bilan solishtirganda spred katta bo‘ladi.
- Ochiq manbalarda axborotning yetishmasligi. Kompaniyalar batafsil moliyaviy hisobotlarni e’lon qilishga majbur emas, ular zararlar yoki qarz majburiyatlarini yashirishi mumkin.
- Narxlarni “Pump and Dump” usulida sun’iy ravishda oshirish uchun manipulyatsiya vositasi sifatida qo‘llanilishi mumkin.
Biznesni kengaytirish imkoniyatlari cheklangan “moviy fishkalar”dan farqli o‘laroq, ayrim kichik kompaniyalar aksiyalari katta qisqa muddatli o‘sishni ko‘rsatishi mumkin. Bu, masalan, kelajakda boshqa kompaniya tomonidan yutilishi yoki yangi nish mahsulotning muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilishi haqidagi yangiliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Passiv daromad uchun dividendli aksiyalar
Muntazam ravishda dividendlar to‘laydigan kompaniyalarning aksiyalari. Tez sotish uchun emas, balki uzoq muddatli sarmoyalar uchun mo‘ljallangan. Dividendlar, odatda, aksiyadorlar yig‘ilishining qaroriga ko‘ra har 3, 6 yoki 12 oyda bir marta to‘lanadi.
Investorlar e’tibor qaratadigan asosiy ko‘rsatkichlar:
- Bir aksiya uchun dividend miqdori, to‘lovlarning barqarorligi, dividendlar miqdorining o‘sish dinamikasi.
- Dividend to‘lovlari koeffitsiyenti — kompaniyaning dividendlarga yo‘naltiriladigan sof foydasining bir qismi.
- Dividend daromadliligi — dividendlar summasining aksiya qiymatiga nisbati.
Dividendlar kompaniya foyda ko‘rganda to‘lanadi. Ammo foydaning mavjudligi aksiya qiymati o‘sishiga kafolat bermaydi. Shu sababli, narx tushgan taqdirda dividendlar yo‘qotishlarning bir qismini qoplashi mumkin.
Tarmoqlar va iqtisodiy sikllar bo‘yicha aksiyalarning turlari
So‘nggi bir necha yilda texnologiyalar sektori mashhurlik cho‘qqisiga chiqdi. Virtual va to‘ldirilgan reallik texnologiyalari hamda sun’iy intellektning rivojlanishi ayrim kompaniyalarga bir yil ichida 100 foizdan ortiq o‘sish imkonini berdi. NASDAQ daromadlilik bo‘yicha 1 va 5 yillik ko‘rsatkichlarda S&P500 indeksidan ancha ilgarilab ketdi.
Iqtisodiyotning qaysi sektori istiqbolliroq, qaysi biri esa barqarorroq ekanini tushunsangiz, portfelingizni qayta muvozanatlashingiz va shu orqali potentsial pasayish risklarini kamaytirishingiz mumkin bo‘ladi.
Siklik aksiyalar
Narxning iqtisodiyot holatiga qanday reaksiya bildirishiga qarab, aksiyalarni siklik va nosiklik turlarga ajratish mumkin:
- Siklik aksiyalar: iqtisodiy yuksalish davrida o‘sadi va retsessiya davrida pasayadi. Bu toifaga turizm sektori, avtosanoat kabi kompaniyalar kiradi — ya’ni iqtisodiy tanazzul yuz berganda xaridorlar birinchi navbatda voz kechadigan sohalar.
- Nosiklik aksiyalar: ular nisbatan barqaror trendga va past o‘zgaruvchanlikka ega. Bu toifaga birinchi ehtiyoj mollari — oziq-ovqat, dori-darmon va hokazolarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalar kiradi.
Siklik aksiyalar ijobiy makroiqtisodiy statistika bilan kechadigan iqtisodiy o‘sish davrida spekulyativ savdo uchun mos keladi. Nosiklik aksiyalar esa iqtisodiy pasayishlarni hisobga olgan holda konservativ uzoq muddatli investitsiya qilish uchun mo‘ljallangan.
Konservativ investorlar uchun himoya aksiyalari
Himoya aksiyalari – iqtisodiy sikllardan qat’i nazar, daromadi va foydasi nisbatan barqaror bo‘lib qoladigan kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlaridir. Bu toifaga yuqorida tavsiflangan nosiklik aksiyalar ham kiradi.
Himoya aksiyalari emitentlarining xususiyatlari:
- Barqaror talab. Mahsulot va xizmatlar inqiroz davrida ham xaridorgir bo‘lib qoladi: birinchi ehtiyoj mollari, kommunal xizmatlar, dori-darmonlar.
- O‘sish aksiyalari va indekslariga nisbatan past volatillik.
- Chuqur pasayishlarning yo‘qligi.
Bu qimmatli qog‘ozlar noaniqlik paytlarida investitsion portfelning umumiy volatilligini kamaytirish uchun ishlatiladi. Tavakkal qilishni istamaydigan investorlar uchun mos keladi.
Misol tariqasida dunyodagi eng yirik chakana savdo tarmog‘i — Walmart aksiyalarini keltirish mumkin.
5 yillik daromadliligi — 117,26%. Kompaniya COVID-19 sababli yuzaga kelgan global tanazzuldan muammosiz o‘tdi va pasayishlardan keyin tez tiklanish sur’atlarini namoyish etmoqda.
Kompaniya aksiyalarining tarmoq turlari
MSCI va Standard & Poor’s butun dunyoda standart hisoblanadigan ommaviy kompaniyalarning tarmoqlar bo‘yicha tasnifini (GICS) ishlab chiqdi.
U quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 11 ta sektor (energetika, xomashyo, sanoat, iste’mol tovarlarining ikki segmenti, sog‘liqni saqlash, moliya, axborot texnologiyalari, telekommunikatsiyalar, kommunal xizmatlar, ko‘chmas mulk).
- 25 ta tarmoq osti guruhi.
- 74 ta tarmoq.
- 163 ta tarmoq osti.
Tasnif vaqti-vaqti bilan qayta ko‘rib turiladi.
Kompaniyalar aksiyalari turlarining ushbu tasnifi har bir sektorning butun portfel daromadliligiga ta’sirini baholash, istiqbolli yo‘nalishlarni topish va tavakkalchiliklarni diversifikatsiya qilishga yordam beradi. Moliyaviy hisobotlarni tahlil qilishda alohida kompaniyaning multiplikatorlari nafaqat bozor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar, balki tarmoq yoki segment bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichlar bilan ham taqqoslanadi.
Geografik tasnif va yangi emissiyalar
Tarixan eng istiqbolli fond bozori – bu AQSH bozori hisoblanadi. O‘sish sur’atlari bo‘yicha AQSH indekslari Yevropa, Osiyo va Lotin Amerikasidagi o‘xshash ko‘rsatkichlardan o‘zib ketgan. AQSH – dunyoning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lib, bu yerda qat’iy tartibga solish va to‘liq shaffoflik mavjud. Shu bois, har qanday mamlakat investori uchun bu bozor eng jozibador bo‘ladi. Diversifikatsiya qilish uchun Braziliya, Hindiston va Germaniya kompaniyalarining aksiyalari qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Mahalliy aksiyalar xorijiy aksiyalarga qarshi
Mahalliy aksiyalarning asosiy ustunligi – tahlil uchun ma’lumotlar mavjudligidir. Siz shu mamlakatda yashaysiz, milliy iqtisodiyotni, mahalliy bozorlarning o‘ziga xos jihatlarini yaxshi tushunasiz, til to‘sig‘i ham yo‘q. Kompaniya haqidagi zarur ma’lumotni qayerdan olishni bilasiz. Mintaqaviy bozorlarning xususiyatlari bilan tanish bo‘lmagan xorijiy investorlarga bu borada ancha qiyin.
Ikkinchi jihat — bu daromadlilik va investitsiya valyutasidir. Agar AQSh dollarida mahalliy kompaniyalar aksiyalarining daromadliligi xorijnikidan past bo‘lsa, tanlov aniq. Ammo qo‘lingizda milliy valyuta bo‘lib, mamlakatda esa inflyatsiya kuzatilayotgan bo‘lsa, mahalliy aksiyalarni xarid qilish sarmoya uchun yaxshi tanlov bo‘ladi.
Rivojlanayotgan bozorlar aksiyalari
Rivojlanayotgan bozorlar aksiyalari davlat iqtisodiy siyosati tufayli oldindan aytib bo‘lmasligi bilan qiziqarli bo‘lishi mumkin. AQSh fond bozori ancha shaffof: Federal zaxira tizimining siyosati bashorat qilinadigan, makrostatistikaga reaksiyasi esa tushunarli. Rivojlanayotgan bozorlarni esa oldindan aytib bo‘lmaydi. Biroq, mintaqaviy bozorlardagi kapitallashuvi bo‘yicha eng yirik kompaniyalar aksiyalari ayrim Amerika aktivlaridan ko‘ra istiqbolliroq bo‘lib chiqishi mumkin.
Misol:
Argentinaning eng yirik kompaniyasi bo‘lgan MercadoLibre (MELI) ning dollar ekvivalentidagi kapitallashuvi 2023-yilda 86,69 foizga, 2024-yilda 10,09 foizga, 2025-yilda esa (23.07.25 holatiga ko‘ra) 37,98 foizga oshdi. Bu — Lotin Amerikasidagi eng yirik elektron tijorat va onlayn-auksionlar platformasidir.
Argentinadagi giperinflyatsiyadan so‘ng kompaniya qo‘shni bozorlarga qayta yo‘naltirildi. Daromadning 75 foizi Braziliya va Meksika hissasiga to‘g‘ri keladi, bu esa o‘sish drayverlaridan biriga aylandi. Kompaniya aksiyalarini, jumladan, NASDAQ’da ham sotib olish mumkin.
Bir nechta muhim jihatlar:
- Investitsiya valyutasi muhim. Inflyatsiya sharoitida aksiya narxining mamlakat milliy valyutasida o‘sishi uning narxi AQSh dollarida o‘zgarmaganini anglatishi mumkin. Mahalliy investor uchun bu inflyatsiyadan himoyalanishdir, ammo xorijiy investorga bunday aktiv qiziq tuyulishi dargumon.
- Ayrim yirik kompaniyalarning aksiyalarini ADR orqali AQSh fond bozorida xarid qilish mumkin. Buning uchun sizga Hindiston yoki Janubiy Koreyada alohida broker kerak bo‘lmaydi. Siz AQSh bozoriga chiqish imkoniga ega fond brokeri yordamida Hindiston va Koreya kompaniyalarining qimmatli qog‘ozlarini sotib olasiz. Masalan: ICICI Bank (NYSE: IBN). Aksiyalar narxi USDda ketma-ket 9 yildan buyon o‘sib bormoqda, o‘rtacha daromadliligi — yillik 23,17%.
Braziliya, Hindiston, Indoneziya, Turkiya, Meksika kabi rivojlanayotgan bozorlar qiziqish uyg‘otadi.
IPO va qimmatli qog‘ozlarning yangi chiqarilishi
IPO — bu aksiyalarning ilk bor ommaviy sotuvga chiqarilishi. Kompaniya muvaffaqiyatli rivojlanib, biznesini kengaytirish uchun tashqi moliyalashtirishni jalb etmoqchi bo‘lganida, u aksiyalarni chiqaradi. Agar investorlar biznesni istiqbolli deb hisoblasa, ular qimmatli qog‘ozlar narxining o‘sishiga yoki dividendlar to‘lanishiga umid qilib, ularni sotib oladi.
Masalan, 2025-yil iyun oyi boshida Amerikaning Circle (CRCL) kompaniyasi IPO o‘tkazdi. Bu kompaniya USDC steyblkoini emitentidir. USDC — kapitallashuvi bo‘yicha eng yirik steyblkoin bo‘lgan USDT (Tether)ning asosiy raqobatchisi.
Kriptovalyutalar va blokcheynga bo‘lgan yuqori qiziqish fonida Circle aksiyalari ikki oydan kamroq vaqt ichida to‘rt baravardan ziyodroqqa qimmatlashdi. Korreksiyaga qaramay, umumiy o‘sish 200% dan oshdi.
Muhim! Circle o‘sishining drayveri — istiqbolli soha. IPOdan so‘ng aksiyalar dastlabki narxidan 20–30% dan ko‘proqqa arzonlab, qayta tiklana olmagan holatlarga misollar ko‘p.
Qo‘shimcha emissiya – yuqori tavakkalchilik bilan daromad topishning yana bir usuli. Taklifning ortishi narxga bosim o‘tkazadi. Shu sababli, yangi chiqarilish ko‘pincha diskont (chegirma) bilan amalga oshiriladi. Investorning vazifasi aksiyalar narxining tushish ehtimolini baholash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan pasayishni diskont bilan solishtirishdan iborat.
Aksiyalarni birlamchi va ikkilamchi joylashtirish taqvimlarini tahliliy resurslardan topish mumkin. Ikkilamchi IPO taqvimiga misol:
Aksiyalarning necha turi mavjud: investitsiya portfelini qanday shakllantirish kerak?
Investitsiya portfelini mustaqil shakllantirishning asosiy qoidalari:
- Investitsiya maqsadlari va muddatlarini belgilab oling. Masalan, siz 3 oydan so‘ng yillik 50% daromad olishni xohlaysiz. Lekin shuni hisobga olishingiz kerakki, bu yuqori tavakkalchilik va portfelning zarar keltirishi ehtimoli ham yuqori.
- Kompaniyalarni tahlil qilishda moliyaviy hisobotlarga e’tibor bering: daromadning barqarorligi, inqirozli davrlardagi minimal pasayish, qarz yukining pastligi, biznesning diversifikatsiyalanganligi, biznesning fundamental omillarga bog‘liqligi va hokazo.
- Portfelni diversifikatsiya qiling. Himoya aksiyalarini qo‘shing. Masalan, jahon iqtisodiyoti turg‘unlik davrida minusga kirmagan yoki minimal pasayishni qayd etgan aksiyalar.
- Vaqti-vaqti bilan, ya’ni har 6–12 oyda bir marta rebalansirovka (qayta muvozanatlash) o‘tkazing. Qimmatli qog‘ozlarning ulushi va tarkibini qayta ko‘rib chiqing. Zarar keltirayotgan aksiyalardan xalos bo‘ling va istiqbollilarini qo‘shing. Yetarlicha baholanmagan aktivlarni izlang va “haddan tashqari qizib ketganlarini” soting.
Portfelning risk darajasini o‘zingiz belgilaysiz. Bu alohida aksiyalarning “keskin” o‘sishiga mo‘ljallangan tor doiradagi portfel bo‘lishi mumkin. Yoki daromadliligi minimal, lekin bir aksiya narxining pasayishi boshqalarining o‘sishi hisobiga qoplanadigan muvozanatli portfel.
Boshqa bir yo‘li – fond indekslari yoki ETF’larga sarmoya kiritishdir. Indekslar ma’lum bir belgi bo‘yicha shakllantirilgan aksiyalar savatchasidan iborat. ETF-fondlar professional investorlar tomonidan boshqariladi. Ularning turi ko‘p bo‘lib, tanlov investitsion maqsadlaringiz va afzal ko‘rgan yo‘nalishlaringizga bog‘liq.
Risklarni baholash
Risk nuqtayi nazaridan investitsion portfelni shakllantirish strategiyasi quyidagi g‘oyaga asoslanadi: barqaror, ammo kichik foyda keltiradigan kompaniyalar bor, shuningdek, aksiyalari bir yilda 100% ga qimmatlashi mumkin bo‘lgan, ammo riski ham ancha yuqori bo‘lgan kompaniyalar mavjud. Bundan tashqari, diversifikatsiyalangan portfelga, masalan, qat’iy belgilangan daromadga va to‘lovlari deyarli 100% kafolatlangan obligatsiyalar kabi boshqa aktivlar ham qo‘shiladi.
Portfeldagi aktivlarni risk va daromadlilik nuqtayi nazaridan taqsimlash strategiyalari:
- Konservativ (past risk va minimal daromadlilik): 10-30% – aksiyalar, 70-90% – obligatsiyalar va valyutalar.
- Mo‘tadil (muvozanatlangan risk): 40-60% – aksiyalar, 40-60% – obligatsiyalar.
- Agressiv (yuqori risk va yuqori daromadlilik): 70-90% – aksiyalar, 10-30% – obligatsiyalar.
- Ultra agressiv: 100% aksiyalar, jumladan tor sohalardagi qimmatli qog‘ozlar.
Aksiyalar turlari kesimida:
- 30% — barqaror o‘sish trendiga ega qiymatga bog'langan aksiyalar. Bular mahsulot yoki xizmatlariga talab doimiy bo‘ladigan kompaniyalarning aksiyalaridir. Qo‘shimcha afzalligi — ular dividend daromadini ham keltiradi.
- 50% — o‘sish aksiyalari bo‘lib, ularning kamida 30-35%i “moviy fishka”lardir. Daromadning asosiy qismi aynan ularning hissasiga to‘g‘ri keladi. Foyda yetishmovchiligi esa qiymatga bog'langan aksiyalar hisobidan qoplanadi.
- 20% — kichik kapitallashuvga ega venchur kompaniyalari, o‘ziga xos (nishe) sektorlar va shu kabilarga kiritilgan investitsiyalar.
Risk darajasini moliyaviy hisobot yordamida baholash mumkin. Agar so‘nggi 4 chorakda multiplikatorlar o‘rtacha bozor ko‘rsatkichlaridan barqaror ravishda yuqori/past bo‘lsa (turli multiplikatorlar uchun), demak, kompaniya qayta baholangan. Beta-koeffitsiyentning 1,2 dan yuqori bo‘lishi yuqori riskdan dalolat beradi. Shuningdek, auditorlarning kredit reytinglarini o‘rganib chiqish ham maqsadga muvofiq.
Portfelni diversifikatsiya qilish strategiyalari
Diversifikatsiya — risklarni minimallashtirish maqsadida investitsiyalarni qimmatli qog‘ozlarning turli xillari o‘rtasida taqsimlashdir.
Aksiya turlarini diversifikatsiya qilish variantlari:
- Tarmoqlar bo‘yicha. Portfelda kamida 5–7 ta sektorning qimmatli qog‘ozlari bo‘lishi va bitta sektordagi kapital ulushi 25% dan oshmasligi kerak (masalan, IT yoki sog‘liqni saqlash sohasiga chorak qismidan ko‘p bo‘lmasligi lozim).
- Kapitallashuv darajasi bo‘yicha. Optimal tarkib: taxminan 60% — yirik kapitallashuv (> $10 mlrd), 30% — o‘rta kapitallashuv ($2–10 mlrd), 10% — kichik kapitallashuv (
- Geografik tamoyil bo‘yicha. Diversifikatsiya varianti: 60% – milliy (mahalliy) bozor aksiyalari, 40% – rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarning xalqaro bozorlari. Bu bir iqtisodiyot va valyutaga bog‘liqlikni kamaytiradi.
- Kompaniyalar soni bo‘yicha. Tavakkalchilikni kamaytirish uchun portfel 20–30 ta aksiyadan iborat bo‘lishi kerak. Aksiyalar sonining kamligi to‘liq diversifikatsiyani ta’minlamaydi, ko‘pligi esa boshqaruvni murakkablashtiradi va xarajatlarni oshiradi.
- Korrelyatsiya darajasi bo‘yicha. O‘zaro korrelyatsiyasi past bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarni tanlang (koeffitsiyent < 0,6 yoki > -0,6).
Diversifikatsiya faqat aksiyalar bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Portfelning 60% i aksiyalardan, 10% i yuqori tavakkalchilikka ega kriptovalyutalardan, 10% i qimmatbaho metallardan va 20% i boshqa moliyaviy vositalardan iborat bo‘lishi mumkin.
Investitsion maqsadlarga muvofiqlik
Investitsion maqsadlarning turlari:
- Spekulyativ aksiyalar bilan qisqa muddatli savdo. Yuqori volatillikka, likvidlikka va minimal marjaga ega aksiyalarni tanlang.
- Uzoq muddatli investitsiya – turli sohalardagi “moviy fishkalar”ni tanlang.
- Dividend daromadi. Barqaror to‘lovlarga ega yetakchi kompaniyalarning dividendli aksiyalarini tanlang.
- Agressiv strategiya. Venchur segmentlari, texnologiya sektori, o‘rta darajadagi kompaniyalar va rivojlanayotgan bozorlarning spekulyativ aksiyalarini tanlang.
- Tavakkalchilikni xedjlash. O‘sish sur’ati sekin bo‘lsa-da (masalan, iste’mol sektori), barqaror o‘sayotgan kompaniyalarning aksiyalarini tanlang.
Investitsion strategiyalarni birga qo‘llang.
Xulosa
Endigina ish boshlayotgan fond investori bir nechta asosiy jihatlarni bilishi kerak:
- Aksiyalarni fond birjalarida sotib olish mumkin, ammo buning uchun komissiya to‘lovlari yuqori va kamida 1000 AQSh dollari miqdorida boshlang‘ich kapital talab qilinadi. Afzalligi — istalgan bozorlardagi minglab aksiyalardan foydalanish imkoniyati. Uzoq muddatli investitsiya uchun mos keladi. Yoki aksiyalarga CFD orqali daromad olish mumkin. Kam komissiyalar va past kirish chegarasi tufayli qisqa muddatli spekulyativ savdo uchun mos keladi.
- "Moviy fishkalar" — konservativ investor uchun eng maqbul variant. Ammo qiymatning pasayish ehtimoli mavjud. 5-10 yillik istiqbolda ularning o‘rtacha daromadliligi yiliga 15-30% ni tashkil etadi.
- Diversifikatsiya muhim. Portfeldagi 20 ta aksiya — eng maqbul yechim. Qaysi birini tanlashni maqsadlaringiz va tavakkalchilik darajasiga qarab o‘zingiz hal qilasiz.
Valyuta juftliklari tor doirada harakatlanadi. Kriptovalyutalar kursini prognoz qilish qiyin. Aksiyalar — endigina faoliyatini boshlayotgan treyder uchun eng yaxshi investitsiya vositasidir. LiteFinance demo-hisobida aksiya savdosini sinab ko‘ring!
Ro'yxatdan o'tmasdan qulay platforma orqali Forex demo hisobiga bepul kirish imkoniyatini qo'lga kiriting
Aksiyalar turlari bo‘yicha ko‘p beriladigan savollar
Oddiy aksiyalar egalari aksiyadorlar yig‘ilishida ovoz berish huquqiga ega. Imtiyozli aksiyalar egalari esa yig‘ilishda ovoz bermaydi, ammo ular bir qator imtiyozlarga ega: dividendlar to‘lashda birinchi navbat huquqi (foiz stavkasi qat’iy belgilangan) hamda kompaniya tugatilganda uning mol-mulkini taqsimlashda ustunlikka ega bo‘ladi.
A toifali aksiyalar ko‘proq ovoz beradi, shu bois ularning egalari aksiyadorlar yig‘ilishida kattaroq ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. A toifali aksiyalar yirik investorlarga, B toifali aksiyalar esa chakana investorlarga mo‘ljallangan. Shu munosabat bilan, B toifali aksiyalar bir necha baravar arzonroq va ancha likvidli bo‘lishi mumkin.
“Moviy fishkalar” eng maqbul variantdir. Bular yuqori likvidlikka va barqaror daromadlilik ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan yirik kompaniyalarning aksiyalaridir. Bunday kompaniyalar to‘liq va shaffof hisobotlarni taqdim etadi, ularning aksiyalari asosiy fond indekslari savatiga kiritilgan bo‘lib, uzoq muddatli istiqbolda narxi o‘sib boradi.
Bu investitsiya strategiyasiga bog‘liq. Uzoq muddatli investitsiya uchun “moviy fishkalar”ga, fond indekslari aksiyalariga sarmoya kiritiladi. Yuqori tavakkalchilikka asoslangan strategiyalar uchun venchur kompaniyalarning aksiyalari sotib olinadi. Passiv daromad olish uchun esa maksimal dividendli va ularni barqaror to‘laydigan aksiyalar tanlanadi.
Bu risklarni boshqarish qoidasidir. Agar aksiya narxi 7% dan ko‘proqqa pasaysa, uni sotish kerak. Bu qoida faqat qisqa muddatli savdo uchun amal qiladi. Uzoq muddatli (1 yildan ortiq) investitsiyalarda esa narx 15% dan ko‘proqqa ham pasayishi mumkin, bunday pasayishlarni kutib turish lozim.
Yuqori likvidli aksiyalarga ega emitent kompaniyalar taniqli bo‘lib, asosiy segmentlarning yetakchilari hisoblanadi. Masalan, Nvidia, MicroStrategy, Apple va boshqalar kabi texnologiya va yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar. Qisqa muddatli foyda olish uchun yangiliklar asosida savdo qilish mumkin.
Rivojlanayotgan bozorlardagi (Braziliya, Argentina, Hindiston, Turkiya) kompaniyalar aksiyalari — iqtisodiy siyosatning o‘ta o‘zgaruvchanligi va qiyin prognoz qilinishi. Shuningdek, yangi investorlar sentli aksiyalarni, kapitallashuvi past bo‘lgan kompaniyalar qimmatli qog‘ozlarini hamda yetakchi fond indekslariga kirmaydigan aktivlarni sotib olishdan tiyilganlari ma’qul.

Ushbu maqolada yozilganlar faqat muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, LiteFinance ning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin. Ushbu sahifada chop etiladigan materiallar faqat ma'lumot berish maqsadlarida taqdim etilgan va 2014/65/EU Direktivasi maqsadlariga xizmat qiluvchi investitsiyavi maslahat yoki konsultatsiya sifatidatalqin qilinmasligi kerak.
Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu maqola intellektual mulk obyekti hisoblanadi, va uni ruxsatsiz nusxalash yoki tarqatish taqiqlangan.











