Rejalashtirish – maqsadlarga erishishning asosidir, savdo rejasining yo‘qligi esa tartibsizlikka olib keladi. Agar insonda aniq harakatlar algoritmi bo‘lmasa, u yoki bu vaziyatda nima qilishni bilmasa, u qo‘ygan maqsadiga erisha olmaydi. Investitsion rejalashtirishning vazifasi – istalgan natijani imkon qadar tezroq, eng kam yo‘qotish, risk va xarajatlar bilan qo‘lga kiritishga yordam beradigan harakatlar tartibini ishlab chiqishdan iborat.
Maqolada quyidagi mavzular yoritilgan:
- Asosiy ma’lumotlar
- Investitsion reja nima?
- Shaxsiy investitsion rejani qanday tuzish kerak?
- Forex uchun eng yaxshi investitsiya strategiyalari
- Trendlarni kuzating va tahlil qiling
- Carry Trade
- Kunlik treyding
- Fundamental tahlil asosida investitsiya kiritish
- Asosiy xulosalar
- Foreksda investitsion reja tuzish bo‘yicha FAQ
Asosiy ma’lumotlar
- Investitsion reja sarmoyalarning maqsadlari va muddatlarini, shuningdek, strategiya va ruxsat etilgan risk darajasini belgilab beradi.
- Aniq qoidalar hissiy qarorlardan qochishga va izchil harakat qilishga ko‘maklashadi.
- Reja instrumentlarni tanlash, kapital hajmi va risk-menejment tamoyillarini o‘z ichiga oladi.
- Investitsiya natijalarini muntazam tahlil qilish strategiyaga o‘z vaqtida korreksiyalar kiritish imkonini beradi.
- Investitsiyani yangi boshlayotganlarga tushunarli instrumentlardan boshlash va yo‘qotilishi moliyaviy ahvolga jiddiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan mablag‘larni sarmoya qilmaslik tavsiya etiladi.
- Reja ham uzoq muddatli investitsiyalar, ham moliya bozorlaridagi faol savdo uchun foydalidir.
Investitsion reja nima?
Shaxsiy investitsion reja – bu investorning strategik moliyaviy maqsadlarini va ularga erishish algoritmini belgilaydigan hujjatdir. Bu maqsadlarga erishish jarayonida tuzatishlar kiritilishi va to‘ldirilishi mumkin bo‘lgan individual investitsiya yo‘lidir.
Investitsion reja quyidagi savollarga javob berishi lozim:
- Investitsiya qilishdan maqsad nima? Investitsion rejaning global va lokal, ya’ni oraliq maqsadlari bo‘lishi kerak. Oraliq maqsadlar olingan natijani nazorat qilish va tahlil etish uchun zarur. Strategik maqsadga bosqichma-bosqich erishiladi va har bir bosqichda siz o‘zingizdan “hamma narsa reja bo‘yicha ketyaptimi? Biror narsani o‘zgartirish yoki korreksiya kiritish kerakmi?” deb so‘rashingiz lozim. Ma’lum bir daromadlilik darajasiga chiqish, tajriba orttirish va hokazolar maqsad bo‘lishi mumkin.
- Maqsadga erishish muddatlari qanday? Qisqa muddatlimi, uzoq muddatlimi. Maqsadga qachon erishishingizni aniq bilishingiz kerak.
- Qanday instrumentlardan foydalaniladi? Qanday strategiyalar qo‘llaniladi? Maqsadga erishish uchun qancha boshlang‘ich sarmoya talab etiladi?
- Qanday risklar mavjud va ularni qanday qilib minimallashtirish mumkin? Investitsion rejada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularni hal qilish yo‘llari, shuningdek, fors-major holatlaridagi harakatlar ko‘zda tutilishi kerak.
Siz investitsion reja tuzilmasini o‘z xohishingizga ko‘ra to‘ldirishingiz va o‘zgartirishingiz mumkin.
Shaxsiy investitsion rejani qanday tuzish kerak?
Shaxsiy investitsion reja o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” bo‘lib, quyidagilarni nazarda tutadi:
- Noxush vaziyatni oldindan ko‘ra bilish, undan qochish yoki eng kam talafot bilan chiqib ketish imkonini beruvchi risk-menejment usullarining turli xil birikmalari. Belgilangan yoki klassik qoidalarga qat’iy amal qilish shart emas — tavakkal o‘zini oqlashi mumkin, asosiysi, moslashuvchan bo‘lish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni anglashdir.
- Belgilangan taktikadan chetga chiqish holati uchun kengaytirilgan reja ishlab chiqish lozim. Nazariy jihatdan, investitsiya strategiyasini ishga tushirishdan oldin uni demo-hisobda sinab ko‘rishingiz kerak. Buning uchun platformalarda maxsus testerlar mavjud. Agar amaldagi natija testning statistik natijalaridan farq qilsa, keyin nima qilishni hal qilishingiz lozim. Masalan, hech narsani o‘zgartirmaslik yoki bozordan chiqish, strategiyani optimallashtirish yoxud portfelni qayta muvozanatlash.
- Ishonchli axborot manbalarini tanlash.
- Turli hissiy holatlardagi xulq-atvor strategiyalari, hissiyotlarni nazorat qilish usullari.
- Fors-major holatlaridagi harakatlar.
Bularning barchasi hammaga ayon, biroq aynan shuning uchun ham ko‘pchilik ularga e’tibor bermaydi. Rejaning yo‘qligi esa tartibsizlik, aniq harakatlarning yetishmasligi va vahima tufayli xatolarga yo‘l qo‘yishga sabab bo‘ladi.
Maqsadlarni aniqlab oling
To‘g‘ri va aniq qo‘yilgan maqsad – muvaffaqiyatning 50 foizidir. Agar nimaga va qancha vaqt ichida erishmoqchi ekaningizni tushunsangiz, maqsadga erishish algoritmini ham shunchalik aniq shakllantira olasiz. Maqsad bitta bo‘lishi shart emas – bu bir nechta o‘zaro bog‘liq maqsadlar yoki ularning bosqichma-bosqich ketma-ketligi bo‘lishi mumkin.
Investitsion maqsadlarning tasnifi:
- Asosiy va yordamchi.
- Umumiy va shaxsiy. Umumiy maqsadlar – barcha investorlarga xos bo‘lsa, xususiy maqsadlar – shaxsiy vazifalarni hal qilishga mo‘ljallangan.
- Moddiy va nomoddiy. Moddiy – moliyaviy naf ko‘rish. Nomoddiy – bilim va tajriba orttirish, jarayondan zavq olish va hokazo.
- Strategik va taktik. Strategik maqsadlar – istiqbolda natijaga erishishga yordam beradi. Taktik maqsadlar – qisqa muddatda natija olishga qaratilgan.
Investitsiyalarni rejalashtirishga misollar: shaxsiy kapitalni oshirish, kelajak uchun moliyaviy xavfsizlik yostig‘ini yaratish, hayot sifatini yaxshilash, boshqalarga o‘rgatish uchun bilim to‘plash, doimiy passiv daromadga ega bo‘lish istagi, pensiyaga chiqish uchun pul ishlash va hokazo.
E’tibor bering! Pulning o‘zi maqsad bo‘la olmaydi. U harakatlar erkinligiga erishishda yordam beradigan vositadir. Maqsad kelgusida biror narsa sotib olish yoki keyinchalik sarmoya kiritish uchun daromad topish bo‘lishi mumkin. Butun e’tiborni faqat ko‘proq foyda olishga qaratish noto‘g‘ri, pul ishlashi kerak.
Moliyaviy ahvolingizni inobatga oling
Moliyaviy maqsadlaringiz real bo‘lishi lozim. Agar moliyaviy indekslarning o‘rtacha daromadliligi yiliga 50% bo‘lsa va siz shu davrda 2000 AQSH dollari ishlab topishni istasangiz, depozitingiz kamida 4000 AQSH dollarini tashkil etishi kerak. Shuningdek, haqiqiy daromad kamroq bo‘lishi yoki savdo investitsiyalari zarar keltirishi mumkinligiga tayyor turishingiz lozim. Faqat yo‘qotishdan qo‘rqmaydigan pulingizni investitsiya qiling. Investitsiyada qarzga olingan mablag‘lardan foydalanish qat’iyan man etiladi. Bu yerda gap kredit yelkasi yoki qarz derivativlari haqida emas, balki jismoniy shaxslarga beriladigan kredit haqida ketmoqda.
Risklarni o‘rganing
Investitsion risk – prognoz xatoligi yoki tashqi omillar tufayli zarar ko‘rish xavfi.
Investitsion risk turlari:
- Iqtisodiy. Makroiqtisodiyot, alohida mamlakatlar va kompaniyalar iqtisodiyotidagi risklar bilan bog‘liq.
- Texnik. Bitim ishtirokchilari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, aktivlarni saqlash kabi holatlar bilan bog‘liq.
- Huquqiy. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Siyosiy risklar ham shu toifaga kiradi.
- Ijtimoiy. Xulq-atvor omillari, marketmeykerlarning harakatlari va shunga o‘xshash holatlar bilan bog‘liq risklar.
Investor uchun asosiy risk – bu kurs tavakkalchiligidir. Bu iqtisodiy, texnik yoki ijtimoiy sabablarga ko‘ra valyuta kursi yoki aktiv qiymatining o‘zgarish xavfidir.
Nimaga sarmoya kiritishni tanlang
Klassik variantlardan (bank depoziti, oltin, investitsion fondlar, ko‘chmas mulk) tashqari, birja va birjadan tashqari bozorlar ham mavjud. Birja bozorlari aktivlariga aksiyalar, obligatsiyalar, ETF-fondlar, neft, oltin, valyuta fyucherslari va boshqalar kiradi. Ular bilan ishlashning kamchiligi — yuqori kirish chegarasi va birja yig‘imlaridir.
Birjadan tashqari bozorlarda aktivlar bo‘yicha CFD — narxlar farqi uchun kontraktlar bilan savdo qilish amalga oshiriladi. Masalan:
- Valyuta juftliklari – USD bilan juftlikdagi valyutalar. “Majorlar” – EUR/USD, USD/JPY, GBP/USD va hokazo.
- Kross-kurslar – USD ishtirokisiz valyuta juftliklari. Masalan, NZD/CAD, AUD/NZD.
- Tovar-xomashyo bozorlari aktivlari – oltin, neft.
- Fond aktivlari – AQSH va Yevropa fond indekslari, butun dunyo kompaniyalarining aksiyalari, jumladan “moviy fishkalar”.
- Kriptovalyutalar.
Birjadan tashqari bozorlarning ishlashi haqida batafsil ma’lumotni “Yangi boshlaganlar uchun Forex asoslari” sharhidan bilib olasiz.
Faol savdo bilan shug‘ullanishga imkoni yo‘q investorlar uchun muqobil yechim – ijtimoiy treyding mavjud. Uning mohiyati quyidagicha: investorning hisobvarag‘i faol treyderning hisobvarag‘iga ulanadi va uning barcha bitimlari avtomatik ravishda investorning hisobvarag‘iga nusxalanadi.
Ijtimoiy treydingning afzalliklari:
- Investor riskni nazorat qilish parametrlarini o‘zi belgilaydi. Risk qancha yuqori bo‘lsa, foyda ham shuncha katta bo‘ladi. Savdo bilan treyder shug‘ullanadi va buning uchun u foydali bitimlardan komissiya oladi.
- Investor savdo jarayonini kuzatib, tajriba orttirishi mumkin.
- Ijtimoiy treyding — investorning pullari to‘liq o‘z nazoratida qoladigan investitsiya qilish usullaridan biridir.
Maqsadlarga erishish yo‘lingizni muntazam kuzatib boring
O‘z oldingizga asosiy maqsadni qo‘ying va unga erishish yo‘lini ma’lum vaqt oraliqlariga bo‘lib chiqing. Oraliq natijalarni muntazam baholab boring va zarurat tug‘ilsa, asosiy harakatlar rejasiga tuzatishlar kiriting.
Natijalarni nazorat qilish va o‘z-o‘zini nazorat qilish vositalari:
- Treyder kundaliklari yoki bitimlar jurnali. Savdo natijalarini qayd etish va tahlil qilish imkonini beruvchi dasturiy ta’minot. Oraliq tahlil xatolarni topishga va keyingi harakatlarni to‘g‘rilashga yordam beradi.
- Mobil ilovalar. Savdo platformalarining mobil versiyalari. Yo‘ldamisiz yoki vaqtincha kompyuteringiz yonida emasmisiz? Deskop platformasida alertlarni oldindan o‘rnatib qo‘ying, ular ishga tushganda vaziyatni oraliq nazorat qilish zarurligini eslatadi.
- Excel. Ma’lumotlarni guruhlash va savdo statistikasini qiyosiy tahlil qilish imkonini beruvchi har qanday jadval muharrirlari.
Maqsadga erishishdagi muvaffaqiyat garovi – bu intizom va o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchdir.
Forex uchun eng yaxshi investitsiya strategiyalari
Foreksdagi investitsion rejaning asosi – bu investitsion strategiyadir. U maqsadga erishish uchun harakatlar algoritmini belgilab beradi. Savdo tizimi quyidagi savollarga javob berishi kerak:
- Ayni paytda bozorda nima sodir bo‘lmoqda?
- Muayyan vaqt oralig‘idan so‘ng bozorda nima sodir bo‘lishi mumkin?
- Hozirda ushbu ma’lumotdan qanday foydalanish va prognoz qilish mumkin?
Savdo strategiyasini ishlab chiqishda treyder quyidagi jihatlarni belgilab oladi:
- Qaysi aktiv shaxsiy xohish-istaklarga eng mos kelishi. Volatillik darajasi, spred, kredit yelkasidan foydalanish zarurati va hokazolar.
- Risk-menejmentning qaysi parametrlari tizimga mos kelishi. Bitim bo‘yicha risk darajasi va umumiy risk darajasi (stop-losslarning ruxsat etilgan masofasi), bitimning optimal hajmi, Martingeyl koeffitsiyentini qo‘llash va hokazolar.
- Texnik va fundamental tahlilning qanday instrumentlaridan, grafik turlaridan va taymfreymlardan foydalanish kerak.
- Bitimlarni ochish va yopish uchun signallar. Fors-major holatlaridagi harakatlar.
Investitsiya strategiyalarining turlari:
- Skalping. Qisqa muddatli oraliqlardagi yuqori chastotali savdo.
- Sving-treyding. Korreksiyalardagi savdo bo‘lib, u korreksiya yakunlangan paytda eng yaxshi narxda trend yo‘nalishi bo‘yicha bitimlar ochishni nazarda tutadi. Batafsil ma’lumot “Sving-treyding nima?” nomli sharhda.
- Kun ichidagi strategiyalar. Spekulyativ treyding bo‘lib, buning uchun tor spredga va o‘rtacha o‘zgaruvchanlikka ega eng likvidli aktivlar tanlanadi.
- O‘rta va uzoq muddatli strategiyalar. Maqsad – narxning kuchli o‘zgarishidan daromad olish. Bitimlar bozorda bir necha kun, hafta, oy davomida ushlab turiladi.
- Investitsiya portfelini boshqarish. Misol: ijtimoiy treyding xizmati yordamida professional treyderlarga investitsiya kiritish. Investor risklarni diversifikatsiya qilish uchun turli strategiyalarga ega treyderlar hisobvaraqlaridan portfel shakllantiradi va unga o‘z hisobvarag‘ini ulaydi. Bitimlar avtomatik tarzda nusxalanadi. Ushbu strategiya haqida batafsil ma’lumot “PAMM vs Bitimlarni Nusxalash: investor qaysi birini tanlagani ma’qul?” nomli sharhda.
Agar o‘zingizning noyob investitsiya rejangiz yoki strategiyangiz bo‘lsa, izohlarda ular haqida so‘zlab bering.
Trendlarni kuzating va tahlil qiling
Narx harakatining uchta asosiy varianti mavjud:
1. Trendga ergashish. Bunda tendensiyaning boshlanishini aniqlash va korreksiyalarni kuzatib borish muhim. Asosiy instrumentlar: to‘lqin tahlili, Fibonachchi darajalari, ossillyatorlar.
2. Qarshilik va qo‘llab-quvvatlash darajalarining buzib o‘tilishi. Trend yo‘nalishi muhim emas. Bitim daraja buzib o‘tilgan va kuchli harakat boshlangan paytda ochiladi. Haqiqiy buzib o‘tishni soxtasidan ajrata bilish muhim. Bunda grafik instrumentlar va patternlar, shuningdek, trend indikatorlari yordam beradi.
3. Kanal ichida savdo qilish. Bu strategiya narxning ko‘pincha o‘zining o‘rtacha qiymatiga qaytishiga asoslangan. Kanal diapazoni qanchalik keng bo‘lsa, treyderning daromad olish imkoniyati ham shunchalik ko‘p bo‘ladi. Asosiy instrumentlar: darajalar, kanal indikatorlari.
Ushbu uchta variant orasida yangi boshlovchilar uchun eng oddiy strategiya — bu trend boshida bitim ochish sharti bilan uzoq muddatli Forex savdosini amalga oshirishdir. Avvaliga kunlik yoki haftalik kabi uzoq taymfreymlar tahlil qilinadi. Agar bu intervallarda trend kuzatilsa, kichikroq intervallarda uzoq muddatli bitimlarni ochish mumkin. Asosiy vazifa — narxning fletdan chiqish paytini ushlab qolish.
Carry Trade
Kerri-treyd — bu qiymati pastroq bo‘lgan aktivda kredit olib, qiymati yuqoriroq aktivga sarmoya kiritishni ko‘zda tutadigan strategiya. Masalan, siz bankdan yillik 3% stavka bilan kredit olasiz va uni yillik 8% daromad keltiradigan aksiyalarga investitsiya qilasiz. Sizning foydangiz — 5%. Valyutalar bilan ham xuddi shunday: stavkasi pastroq valyutada kredit olinadi va foiz stavkasi yuqoriroq valyutaga investitsiya qilinadi.
Forex’da Kerri-treyd strategiyasini amalga oshirish algoritmi:
- Savdo platformasida valyuta juftliklari shartnomalarining spetsifikatsiyalarini ko‘rib chiqing. Qisqa yoki uzun pozitsiya bo‘yicha ijobiy svop mavjud bo‘lganini topishingiz kerak. Bitim faqat ijobiy svop tomoniga ochiladi.
- Uzoq muddatli trendni tahlil qiling. Asosiy vazifa — zararsizlik darajasiga chiqish va bitimni ochilish narxi darajasida stop-loss bilan sug‘urtalashdir. Kerri-treyd strategiyasi hisobingizga har kuni ijobiy svop hisoblanishini nazarda tutadi. Bitim stop-loss bo‘yicha yopilmasdan qancha uzoq ochiq tursa, foydangiz ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Shu sababli, yuqori volatillikka ega juftliklarni istisno qiling va H4–D1 oralig‘ida o‘suvchi trendni toping.
Kerri-treyd strategiyasining afzalliklari:
- Investitsion xatarning nisbatan pastligi. Agar bitim ochilish nuqtasidan zararsizlik darajasida sug‘urtalash mumkin bo‘lgan masofaga uzoqlashsa, u xavfsiz hisoblanadi. Spredni ham unutmang.
- Markaziy banklarning hisob stavkalari o‘zgarmas ekan, har kuni daromad hisoblab boriladi.
Agar strategiya stop-loss bilan sug‘urtalangan bo‘lsa, grafikni doimiy nazorat qilishni talab etmaydi.
Kerri-treyd strategiyasining kamchiliklari:
- Daromadning kamligi. Daromad sezilarli bo‘lishi uchun maksimal kredit yelkasidan foydalanish zarur. Bu esa boshlang‘ich xatarlarni oshiradi.
- Aktivlar tanlovining cheklanganligi. Deyarli barcha valyuta juftliklari bo‘yicha svop manfiy.
Kunlik treyding
Kunlik treyding — bir brokerlik savdo sessiyasi doirasida bitimlarni ochish va yopishni ko‘zda tutuvchi kun ichidagi savdo.
Kun ichidagi strategiyalarning o‘ziga xos xususiyatlari:
- Savdo qisqa va o‘rta muddatli taymfreymlarda – M30–H1 oralig‘ida olib boriladi.
- Valyuta juftliklari aksiyalar yoki tovar-xomashyo bozorlari aktivlariga qaraganda ancha qulay aktivdir. Ular kanal ichida harakatlanadi va har ikki yo‘nalishdagi harakatdan daromad olish imkoniyati mavjud.
- Eng ko‘p qo‘llaniladigan instrumentlar: kanal va trend indikatorlari, darajalar, patternlar.
Kunlik treyding uzoq muddatli strategiyalarni qo‘llashni nazarda tutmaydi, biroq u endigina ish boshlayotgan treyderlar uchun ko‘nikmalarni shakllantirishda ayni muddaodir, chunki u o‘z harakatlari uchun javobgarlikni o‘rgatadi.
Kunlik treydingning afzalliklari:
- Svop hisoblanmaydi.
- Tahlil qilish va qaror qabul qilish uchun vaqt bo‘ladi.
Ba’zan kun ichidagi strategiyalarga skalping – M5–M15 oraliqlaridagi yuqori chastotali savdo ham kiritiladi.
Kunlik treydingning kamchiliklari:
- Grafikni vaqti-vaqti bilan nazorat qilib turish kerak.
- Mintaqadagi o‘rtacha daromadga teng foyda olish uchun bitimda katta depozit yoki kredit yelkasi ishtirok etishi kerak, bu esa risklarni oshiradi. Shuningdek, bir nechta signalni izlashga ham vaqt ajratish lozim.
Fundamental tahlil asosida investitsiya kiritish
Fundamental tahlilga asoslangan savdo strategiyasi aktiv kotirovkalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yangiliklar chiqqan paytda bitimlarni ochishni nazarda tutadi. Fundamental strategiyalarning instrumentlari – iqtisodiy taqvim, bozor kayfiyati, moliyaviy hisobotlar taqvimi, skrinerlar va hokazolar.
Fundamental tahlilga asoslangan savdoning afzalliklari:
- Uzoq muddatli investitsiyalash uchun mos keladi. Fundamental tahlil uzoq muddatli makroiqtisodiy tendensiyalarni va alohida iqtisodiyotlar yoki kompaniyalarning istiqbollarini prognoz qilish imkonini beradi.
- Fundamental tahlil bozor psixologiyasini hisobga oladi, shu sababli u texnik ko‘rsatkichlarga qaraganda aniqroq prognoz qilishga yordam beradi.
Fundamental tahlilga asoslangan savdo strategiyalari eng oson fond bozorida amalga oshiriladi. Masalan, ijobiy moliyaviy hisobot chiqqanidan so‘ng kompaniya aksiyalarini sotib olish.
Fundamental tahlilga asoslangan savdoning kamchiliklari:
- Qisqa muddatli istiqbolda yangiliklar va statistik ma’lumotlarning chiqishi volatillikning keskin o‘sishiga va sirpanishlarga sabab bo‘ladi. Bitimlarning stop-loss bo‘yicha yopilib qolish xavfi yuqori, shuning uchun yangiliklar paytida savdo qilish xavfli hisoblanadi.
- Yaxshi tahliliy ko‘nikmalar talab etiladi. Nafaqat trend yo‘nalishini aniqlash, balki prognozni ham hisobga olish muhim.
Fundamental treyding ko‘proq professionallarga mos keladi, yangi boshlaganlar esa yangiliklar chiqqan paytda bitimlarni vaqtincha yopib turganlari ma’qul. Batafsil ma’lumotni “Treydingda bozorning fundamental tahlili” nomli sharhda o‘qing.
Asosiy xulosalar
Endigina ish boshlayotgan investor nimalarni bilishi kerak:
- Investitsion reja bo‘lmasa, pul tikishga urinmang. Savdo tizimining yo‘qligi — pul yo‘qotishning eng to‘g‘ri yo‘li.
- Investitsion rejaning asosi: foyda maqsadi, unga erishish muddati, strategiyalar va instrumentlar, investitsiya obyekti va depozit, risklarni boshqarish tizimi.
- Investitsion reja alohida qismlarga bo‘linishi, oraliq bosqichlarning maqsadlari esa aniqlab olinishi kerak. Har bir bosqichni o‘tgandan so‘ng ijobiy natijalar va xatolarni tahlil qilish zarur. Investitsion rejaga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
Foreksdagi eng yaxshi investitsiya — bu o‘z bilimingizga kiritilgan sarmoyadir. Maqsadlar qo‘ying, tajriba orttiring, taslim bo‘lmang va omad sizga albatta kulib boqadi. Investitsiyalaringiz muvaffaqiyatli bo‘lsin!
Foreksda investitsion reja tuzish bo‘yicha FAQ
Yangi boshlagan investor uchun kotirovkalarni taxmin qilish osonroq bo‘lgan tushunarli instrumentlardan boshlagan ma’qul. Aktivlarni sotib olishdan oldin investitsion rejani aniqlab olish, yo‘l qo‘yish mumkin bo‘lgan risk darajasini baholash va yo‘qotilishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan mablag‘larni sarmoya qilmaslik muhim.
Ha, aksariyat yangi investorlar uchun Foreks aksiyalarga sarmoya kiritishdan ko‘ra riskliroq hisoblanadi. Bu yuqori o‘zgaruvchanlik, kredit yelkalaridan foydalanish va bozorni doimiy nazorat qilib borish zarurati bilan bog‘liq. Aksiyalar uzoq muddatli investitsiyalar uchun ko‘proq mos keladi.
Foreks-treyderlarning daromadi tajriba, strategiya, kapital hajmi va bozor holatiga bog‘liq. Ko‘pchilik treyderlar barqaror kunlik daromad olmaydi, bunda foyda zararli seriyalar bilan almashib turishi mumkin. Savdo samaradorligini bir kun yoki bir hafta natijasiga ko‘ra emas, balki bir necha oy yakuniga ko‘ra baholash ma’qulroq.
Investitsion reja odatda moliyaviy maqsadlar, ularga erishish muddatlari, kapital hajmi, moliyaviy aktivlar turlari, strategiya, risk-menejment qoidalari va natijalarni baholash mezonlarini o‘z ichiga oladi. Bunday yondashuv investitsiyaga oid puxta o‘ylangan qarorlar qabul qilishga yordam beradi.

Ushbu maqolada yozilganlar faqat muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, LiteFinance ning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin. Ushbu sahifada chop etiladigan materiallar faqat ma'lumot berish maqsadlarida taqdim etilgan va 2014/65/EU Direktivasi maqsadlariga xizmat qiluvchi investitsiyavi maslahat yoki konsultatsiya sifatidatalqin qilinmasligi kerak.
Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu maqola intellektual mulk obyekti hisoblanadi, va uni ruxsatsiz nusxalash yoki tarqatish taqiqlangan.














