2022-yilda bitkoin 69 000 dollardan 16 000 dollargacha qulaganida, bozor tom ma’noda “dod-voy solgan”: son-sanoqsiz maqola va postlar yozilgan. Og‘riqli, lekin hech bo‘lmaganda tushunarli edi: hamma vahimada, hamma o‘z aktivini sotmoqda, hamma muhokama qilmoqda. Ammo hozir — vaziyat boshqacha.
Bitkoin 2025-yil oktyabr oyidagi 126 000 dollar choqqisisiga yetganidan buyon 50% dan ortiq qiymatini yo‘qotdi. Kriptovalyutalarning bozor kapitallashuvi 4,3 trln dollardan 2,19 trln dollarga tushib ketdi. Qo‘rquv va ochko‘zlik indeksi oktyabrdan beri “qo‘rquv” zonasida qotib qolgan — ko‘rsatkichlar 13 (haddan tashqari qo‘rquv) dan 50 (neytral zona) gacha tebranmoqda, lekin bundan yuqoriga ko‘tarilmayapti. ETF-oqimlari o’z yo‘nalishini o‘zgartirdi: 2024-yilda kirim 500 000 BTC dan oshgan bo‘lsa, 2026-yilda 120 000 BTC ga yaqin mablag‘ chiqib ketgan.
Men bitkoinni 10 martadan ko‘proq "ko‘mishganini" ko‘rdim. Tog‘ning qulashini ko‘rdim. Mt. Gox, Xitoy taqiqlari, Terra va FTX inqirozi. Har safar olomon "kripta tamom bo’ldi" deb qichqirganida, yangi sikl boshlanardi va hammasi qayta tiklanardi. Lekin hozirgi vaziyat boshqacha. Kriptoning tiklanish-tiklanmasligini tushunish uchun narx grafigiga qarashning o‘zi yetarli emas, ancha chuqurroq nazar tashlash kerak.
Maqolada quyidagi mavzular yoritilgan:
Asosiy faktlar
- Bitkoin 2025-yil oktyabr oyidagi $126 000 lik maksimumidan 50% dan ortiqqa arzonlab, $62 000–$65 000 atrofida sotilmoqda. Bu 2018 va 2022-yillardan keyingi tarixdagi uchinchi eng yirik korreksiyadir.
- Kriptovalyutalar bozor kapitallashuvi $4,3 trlndan $2,2 trlngacha qisqardi — pasayish 48–49% ni tashkil etdi. Altkoinlar bundan ham ko‘proq zarar ko‘rdi: ularning aksariyati o‘z maksimumlaridan 70–95% gacha yo‘qotdi.
- ETF oqimlari teskarisiga o‘zgardi: 2024-yilda 500 000 dan ortiq BTC kirib kelgan bo‘lsa, 2026-yilda 120 000 ga yaqin BTC sof chiqib ketishi qayd etildi. Biroq iyul oyida o‘zgarishning dastlabki belgilari paydo bo‘ldi: BlackRock’ning IBIT fondiga $292 mln kirimi 8 haftalik chiqib ketishlar seriyasiga chek qo‘ydi.
- “Qo‘rquv va ochko‘zlik indeksi” 2025-yil oktyabr oyidan beri “haddan tashqari qo‘rquv” (18–24) zonasida qotib qoldi. Bu so‘nggi 5 yil ichida bunday past kayfiyat kuzatilgan eng uzoq davrdir.
- Dasturchilar faolligi borasida vaziyat bir xil emas: Ethereum’dagi dasturchilarning umumiy soni 1 milliondan oshdi. Ammo kripto bozordagi umumiy faollik pasaymoqda — bir yil ichida haftalik kommitlar 75% ga, faol dasturchilar soni esa 56% ga kamaydi, chunki iqtidorli mutaxassislar sun’iy intellekt loyihalariga o‘tib ketmoqda. Kripto sohasida 2 yil va undan ortiq tajribaga ega dasturchilar bundan mustasno: ularning soni 27% ga o‘sdi va hozirda barcha kommitlarning qariyb 70% ini aynan ular amalga oshirmoqda.
- Institutsional investorlar bozorni tark etgani yo‘q: bitkoin spot ETF’larining umumiy aktivlari taxminan $80,8 mlrd ni tashkil etadi (shundan $70,6 mlrd BlackRock’ning IBIT fondiga tegishli). 2026-yil aprel oyida $2,44 mlrd kirim qayd etilgan bo‘lsa-da, may oyida trend teskarisiga o‘zgardi — ketma-ket olti savdo kuni davomida $1,55 mlrd chiqib ketishi kuzatildi. Yirik moliya institutlari esa infratuzilma yaratishda davom etmoqda.
- Bitkoin sun’iy intellekt kompaniyalari aksiyalari atrofidagi kayfiyatga tobora ko‘proq bog‘liq bo‘lib qolmoqda: ularning korrelyatsiyasi 2022-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkich — 0,84 ga yetdi. SI kompaniyalari aksiyalari tushganda, kriptovalyuta ham chetda qolmay, ular bilan birga pasaymoqda.
- Maykl Seylor va “Strategy” endi faqat xaridor emas: kompaniya imtiyozli aksiyalar bo‘yicha to‘lovlarni moliyalashtirish uchun 3 588 BTC sotdi. Bu “cheksiz hold” narrativini butunlay o‘zgartirib yuboradi.
- Narxning pasayishiga qaramay, bitkoin tarmog‘ining xeshreyti yangi maksimumlarni qayd etishda davom etmoqda. Bu maynerlar faoliyatini to‘xtatmayotganidan — ular uzoq muddatli strategiya bilan ishlayotganidan dalolat beradi.
- Birjalardagi steyblkoinlar hajmi 180 mlrd dollarga yetdi — bu bozorga kirish uchun signal kutayotgan likvidlikning “poroxli bochka”sidir.
Kriptovalyuta o‘ldimi? Qisqacha javob
Kriptovalyuta o‘lmagan. Uni “komada” deyish mumkin. Blokcheyn texnologiyasi ishlamoqda, bitkoin tarmog‘i tranzaksiyalarni qayta ishlayapti, Ethereum yaqinda o‘z tarixidagi 1 millioninchi dasturchi marrasidan o‘tdi, DeFi-protokollar real daromad keltirmoqda, RWA-sektori bir yil ichida 200 foizga o‘sib, 33 mlrd dollardan oshdi, AQSh g‘aznachilik obligatsiyalarini tokenlashtirish esa jadal rivojlanmoqda — bu endi shunchaki shov-shuv emas, balki amaliy vositadir.
Biroq, bozor — bu texnologiya degani emas. Bozor — bu kayfiyat. Hozir esa kayfiyat juda yomon.
Lekin muhim bir jihat bor: kriptovalyuta endi bozorga nisbatan eng yuqori sezgirlikka ega makroaktiv emas. Bu rolni sun’iy intellekt kompaniyalarining aksiyalari egallab oldi. Bu shuni anglatadiki, makroiqtisodiyot yaxshilangan taqdirda ham, dollar avval SI aksiyalariga, shundan keyingina kriptovalyutaga oqib kiradi.
Yomon xabar shuki, tiklanish biz o‘rganganimizdan ko‘ra ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin. Yaxshi xabar esa — kriptovalyutalar narxi eng pastki nuqtada, demak, bozorga kirish uchun imkoniyatlar aynan hozir paydo bo‘lmoqda. Biz quyida tahlil qiladigan oncheyn-metrikalar tarixan narxlar qayta tiklanishidan 2–3 chorak oldin bozorning “tubi” haqida signal bergan. Biz hozir aynan shu fazadamiz.
Shunday ekan, “Kriptoga tamom bo‘ldi” qabilidagi sarlavhalarga ishonmang. Bu yangicha talqindagi eski gap. Kripto o‘lmagan — u shunchaki navbatdagi katalizatorni kutmoqda.
Kriptovalyutalar davri tugadimi? Nima uchun hamma ularni “dafn qilmoqda”?
Sarlavhalar “Bitkoin o‘ldi”, “Kriptovalyutaning oxiri keldimi”, “Bitkoin quladi” deya bong urmoqda. Har bir qulash raqamli aktivlarning “o‘limi” haqidagi gap-so‘zlarni kuchaytiradi. Shu bilan birga, “qora oqqush” qulashni tezlashtirishi mumkin, biroq ishlayotgan texnologiyani yo‘q qila olmaydi. Keling, tan olaylik: biz bu yo‘lni avval ham bosib o‘tganmiz.
Bitkoinni 2014-yilda 1 000 dollardan 200 dollargacha, 2018-yilda 20 000 dollardan 3 000 dollargacha, 2022-yilda esa 69 000 dollardan 15 000 dollargacha qulaganidan so‘ng “dafn qilishgan”. Va har safar u yangi tarixiy cho‘qqilarga qaytgan. Xo‘sh, nega bu safar boshqacha bo‘lishi kerak?
- ETF effekti. Spot ETF’lar bozorni yanada barqarorlashtirishi kerak edi. Aksincha, ular bosimni kuchaytirdi: investorlar kapitalini olib chiqqanda, ETF’lar asosiy aktivni sotishga majbur bo‘lib, pastga sho‘ng‘uvchi spiralni hosil qiladi. 2026-yil boshidan buyon BTC-ETF’lardan kapitalning sof chiqib ketishi qariyb 100 000 BTC’ga yetdi. Bu ushbu vosita tarixidagi eng yomon natijadir. Mexanizmi oddiy: bozor vahimaga tushib, pulni ETF’dan yechib oladi, fond esa bozorda bitkoinni sotadi, natijada narx yanada pasayadi va vahima kuchayadi. institutsional kredit yelkasi bilan kuchaygan klassik “ayiq” siklidir.
- Strategy (sobiq MicroStrategy). Maykl Seylor “sotib ol va saqla” strategiyasining timsoli edi. Uning kompaniyasi 840 000 dan ortiq BTC to‘plagan edi. Endi esa u sotuvlarga rasman yo‘l qo‘ydi. Strategy dividendlar to‘lash uchun allaqachon 3 588 BTC (~$216 mln) sotdi. Bozorning asosiy “buqa”laridan biri potensial “ayiq”qa aylandi. Bu ishonchga putur yetkazdi: agar Seylorning o‘zi sotayotgan bo‘lsa, biz haqimizda nima deyish mumkin? Garchi bu sotuv uning zaxiralarining 0,5 foizidan kamrog‘ini tashkil etgan bo‘lsa-da, psixologik ta’siri ulkan bo‘ldi.
- Makro omillar. FZT stavkalarni 3,50–3,75% darajasida ushlab turibdi. Inflyatsiya hali ham 2%lik maqsadli ko‘rsatkichdan yuqori. Bozorlar stavkalarning pasayishini emas, balki ehtimoliy o‘sishini kutmoqda. Bu tavakkalli aktivlar uchun zahar kabidir. Yuqori stavkalar dollarni kuchaytirib, kriptovalyutalarni kamroq jozibador qilib qo‘yadi. DXY indeksi 101 darajasida turibdi, bu esa bitkoinga qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda.
Eng asosiysi — bozordagi vahima surunkali tusga kirgan. “Qo‘rquv va ochko‘zlik indeksi” 2025-yil oktyabr oyidan buyon “haddan tashqari qo‘rquv” zonasida turibdi. Bu shunchaki qo‘rquv emas, balki vahimadan ham yomonroq bo‘lgan befarqlikdir. Zero, vahima ommaviy sotuvlar bilan yakunlanadi, befarqlik esa yillab davom etishi mumkin. Biz buni savdo hajmlarining pastligida, yangi ishtirokchilarning yo‘qligida va ijtimoiy tarmoqlardagi sukunatda ko‘ryapmiz.
Kriptovalyuta chindan ham “o‘lishi” mumkinmi?
Texnik jihatdan — yo‘q. Kamida bitta ishlaydigan tugun mavjud ekan, blokcheyn “o‘lishi” mumkin emas. Ammo talab yo‘qolsa, bozor o‘lishi mumkin.
Biroq, hozircha talab bor. Institutsional investorlar bozorni tark etgani yo‘q — ular shunchaki kutmoqda. Spot bitkoin-ETFlar qariyb 80,8 mlrd dollarlik aktivlarni to‘pladi. “State Street” so‘rovnomasiga ko‘ra, institutsional investorlarning 86 foizi allaqachon raqamli aktivlarga ega yoki ularga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. “BlackRock” va “Fidelity” kabi yirik moliya institutlari esa o‘zlarining kriptovalyuta bo‘linmalarini kengaytirishda davom etmoqda.
Kriptovalyuta faqat texnologiya real muammolarni yechishdan to‘xtasa “o‘ladi”. U esa muammolarni yechmoqda. Markazlashmagan moliya (DeFi) bank hisobiga ega bo‘lmagan millionlab odamlarga kredit va sug‘urtadan foydalanish imkonini beradi. RWA (real dunyo aktivlari) ko‘chmas mulk va obligatsiyalarni tokenlashtirishga, shu orqali ularni chakana investorlar uchun ochiq qilishga yordam beradi. Steyblkoinlar fiat va kriptovalyutalar o‘rtasidagi ko‘prikka aylandi, ularning umumiy kapitallashuvi 310 mlrd dollardan oshadi.
Shunday ekan, yo‘q, kriptovalyutaning oxiri kelmaydi. Ammo “kriptoqish” uzoqroq davom etishi mumkin va bunga tayyor turish kerak.
Bitkoin o‘ldimi? Raqamlar nima haqida gapiradi?
Keling, his-hayajonni bir chetga surib, raqamlarga yuzlanamiz. Ular har qanday sarlavhadan ko‘ra balandroq gapiradi.
Narx va dinamika
Bitkoin 2026-yilga ~96 000 dollar qiymat bilan kirib keldi va birinchi chorak davomida pasayishda davom etib, 62 700 dollargacha tushdi. Iyul oyida narx 57 815 dollargacha quladi, ammo keyinroq yana tiklandi. Bu, oktyabrdagi cho‘qqidan qariyb 48% past degani — garchi endi “minus 50%” bo‘lmasa-da, bu hali ham chuqur “ayiq bozori” ekanligini ko‘rsatadi.
Ammo boshqa bir jihat muhimroq: bu pasayish bitkoinning fundamental muammolari tufayli emas, balki kredit yelkasining majburiy likvidatsiyasi sababli yuz berdi. Larri Fink (BlackRock kompaniyasi bosh direktori) buni “ortiqcha kredit yelkasining yuvilishi” deb atadi va kelgusi 12 oy uchun “juda katta umidlari” borligini aytdi. Bu shunchaki quruq gap emas — BlackRock 15 trillion dollardan ortiq aktivlarni boshqaradi va biz ko‘ra olmaydigan ma’lumotlarga kirish huquqiga ega.
Oncheyn-metrikalar: “kapot ostida” aslida nimalar bo‘lyapti
Narx — aysbergning faqat uchidir. Kriptovalyuta “o‘lgan”mi yoki shunchaki “dam olyapti”mi, buni tushunish uchun oncheyn-ma’lumotlarga nazar solish kerak. Quyida professionallar bozor diagnostikasi uchun foydalanadigan to‘rtta asosiy indikator keltirilgan.
SOPR (Spent Output Profit Ratio)
SOPR ishtirokchilar tangalarni foyda bilan sotyaptimi yoki zarariga, shuni ko‘rsatadi. Ko‘rsatkich 1 dan yuqori bo‘lsa — foydani fiksatsiya qilish, 1 dan past bo‘lsa — kapitulyatsiya, ya’ni zararga sotishni anglatadi. Hozirda SOPR 1,0 atrofida saqlanib turibdi, bu esa bozorda vahimali sotuvlar yo‘qligini va muvozanat saqlanayotganini bildiradi.
Yanada aniqroq versiyasi ham bor — aSOPR (Adjusted SOPR). U shovqinni kamaytirish uchun bir soat ichida harakatga keltirilgan tangalarni filtrlaydi. Glassnode ma’lumotlariga ko‘ra, aSOPR 0,972 darajasida, ya’ni 1,0 dan past, lekin neytral chegaraga yaqin turibdi. Tahlilchi Ali Martinezning ta’kidlashicha, aSOPR 1,0 darajasidan o‘tib, undan yuqorida mustahkamlanishi bilanoq, bu “buqalar sikli” boshlanganining birinchi signali bo‘ladi.
Birja zaxiralari
Bu ko‘rsatkich birjalarda qancha bitkoin saqlanayotgani va sotuvga tayyor ekanini o‘lchaydi. Birjalardagi tangalar qancha kam bo‘lsa, sotuvchilarning potensial bosimi shuncha past bo‘ladi.
2024-yildan boshlab zaxiralar muttasil kamayib bormoqda: 3,2 mln BTC dan 2026-yil martiga kelib taxminan 2,73 mln BTC gacha. Bitkoinning birjalardagi ulushi umumiy taklifning 6,6 foizigacha pasaydi — bu 2017-yildan beri qayd etilgan eng past darajadir. Santiment tahlilchilari buni “uzoq muddatli o‘sish uchun eng umid beruvchi signallardan biri” deb atashmoqda.
Biroq bir nozik jihat bor: bitkoinning bir qismi “sovuq hamyon”larga emas, balki institutsional ETF-kustodianlar va DeFi-protokollariga o‘tgan. Shunga qaramay, likvid taklifning qisqargani o‘z-o‘zidan ijobiy holat sanaladi.
Faol manzillar
Bir sutka ichidagi tranzaksiyalarda ishtirok etuvchi noyob manzillar soni — bu tarmoqdan real foydalanishning bilvosita ko‘rsatkichidir. 2025-yil avgust oyida bu ko‘rsatkich 938 609 faol manzil bilan (7 kunlik sirpanuvchi o‘rtacha qiymat) eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. 2026-yil martiga kelib esa u 30% ga kamayib, taxminan 655 000 taga tushdi.
Biroq yaxshi yangiliklar ham bor: 2026-yil iyul oyida faol manzillar soni 9 foizga o‘sib, 660 mingdan oshdi. Bu tarmoqqa bo‘lgan qiziqish qayta tiklanayotganining ilk belgisi bo‘lishi mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, o‘sishning bir qismini yirik iqtisodiy o‘tkazmalar emas, balki arzon narxli protokollar tranzaksiyalari (Ordinals, Runes) ta’minladi.
Xeshreyt (Hash Rate)
Xeshreyt — bu maynerlarning umumiy hisoblash quvvati. U tarmoqning qay darajada xavfsiz ekanini va maynerlarning kelajakka ishonchi qanchalik yuqoriligini ko‘rsatadi.
Narx tushishiga qaramay, xeshreyt rekord darajalarga yaqin turibdi. 2026-yil iyul oyida “haqiqiy xeshreyt” taxminan 929 EH/s (soniyasiga ekzaxesh) ni tashkil etdi — tarmoq tarixiy maksimumga yaqinlashdi, ammo 2025-yil sentyabr oyidagi 1441 EH/s lik cho‘qqidan hali o‘tgani yo‘q. Maynerlar o‘z faoliyatini to‘xtatmayapti — ular uskunalarni modernizatsiya qilib, quvvatni oshirmoqda. Bu uzoq muddatli ishonchdan dalolat beradi.
Xo‘sh, bularning barchasi nimani anglatadi?
To‘rtala ko‘rsatkichning umumiy tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki: vahimali sotuvlar kuzatilmayapti, zaxiralar kamaymoqda, bozor esa jamg‘arish bosqichida turibdi. SOPR ko‘rsatkichi 1,0 atrofida tebranmoqda, bu esa haddan tashqari qo‘rquv yoki ochko‘zlik yo‘qligini bildiradi.
Shu bilan birga, aSOPR, Puell Multiple va Reserve Risk kabi uchta asosiy metrika hali ham neytral qiymatlardan pastda ekanini ta’kidlamoqchiman. Bu esa to‘laqonli “buqa sikli” hali boshlanmaganini tasdiqlaydi. Ammo bozor tuzilmasi asta-sekin jamg‘arish tomon siljimoqda.
Xulosa: Bitkoin o‘lmagan. U yangi “buqalar rallisi”ni boshlab beradigan katalizatorni kutmoqda. Barcha fundamental ko‘rsatkichlar — tarmoq, mayning, institutsional qiziqish — o‘z kuchida qolmoqda. Narx — shunchaki kayfiyat aksi, kayfiyat esa o‘zgaruvchandir.
Kriptovalyuta bozori qachon tiklanadi?
Kriptovalyuta bozorining tiklanishiga quyidagi omillar turtki berishi mumkin.
ETFga mablag‘ oqimlarining qaytishi
Ko‘plab banklar shunday deydi: “ETFga sof mablag‘ oqimlari qaytmaguncha, kriptovalyutalar kotirovkalarining keskin tiklanishini kutish yaramaydi”. Bu mantiqan to‘g‘ri. ETFlar institutsional kapitalning asosiy kanaliga aylangan. Mablag‘larning chiqib ketishi davom etar ekan, bozor zaifligicha qolaveradi.
O‘zgarishning dastlabki belgilari allaqachon ko‘rinib turibdi: bir hafta ichida IBITga 292 million dollar kirib keldi. Ammo bir-ikki kunning o‘zi yetarli emas, barqaror trend zarur. Agar ketma-ket uch-to‘rt hafta davomida sof mablag‘ oqimini kuzatsak, bu eng pastki nuqta ortda qolganidan dalolat beradi.
FZTning monetar siyosatini yumshatishi
Bitkoin arzon likvidlik sharoitida gullab-yashnaydi. Hozir stavkalar yuqori va bozorlar yil oxirigacha stavkalarning pasayishi emas, aksincha, oshishi ehtimolini taxminan 79% ga baholamoqda. FZT siyosat o‘zgarishi haqida ishora berishi bilanoq, bu kuchli katalizatorga aylanadi. Stavkaning ilk bor pasaytirilishi, hatto atigi 0,25 foizga bo‘lsa ham, tavakkal darajasi yuqori aktivlar o‘sishi uchun turtki bo‘lishi mumkin.
Sun’iy intellekt shov-shuvining sovishi
Kriptovalyutalar endi eng xavfli aktivlar hisoblanmaydi — bu o‘rinni sun’iy intellekt (SI) kompaniyalari aksiyalari egalladi. SI bumi davom etar ekan, kapital o‘sha yoqqa oqib o‘tadi. Bu shov-shuv pasayishi bilan kriptovalyuta yana jozibador bo‘lib qoladi. Bunga tartibga soluvchi cheklovlar yoki kutilmalarning oqlanmagani sabab bo‘lishi mumkin.
Regulyator aniqlik
AQSHda “CLARITY Act” to‘xtab qoldi. Tartibga solishdagi noaniqlik kamayishi bilan institutsional investorlar ikki hissa kuch bilan qaytadilar. Coinbase prognoziga ko‘ra, ETF, steyblkoinlar, tokenizatsiya va aniqroq tartibga solish kumulativ effekt yaratadi. “CLARITY Act” taqdiri va efirning tovar sifatida tasniflanishi ehtimoli ayniqsa muhim.
Tahlilchilar prognozlari:
- Standard Chartered — $100 000. Bank tarixiy davriylikka va FZT (Federal zaxira tizimi) tomonidan kutilayotgan yumshatishlarga tayanmoqda.
- Bernstein — $150 000. institutsional investorlar tomonidan keng qabul qilinishiga asoslangan optimistik ssenariy.
- Citi. Makroiqtisodiy noaniqlik sababli prognozni $112 000 dan $82 000 gacha pasaytirdi.
- JPMorgan — eng optimistik banklardan biri bo‘lib, yangi tarixiy maksimumni kutmoqda va nazariy maqsad sifatida $170 000–266 000 ni ko‘rsatmoqda. O‘sish “CLARITY Act”ning qabul qilinishi va institutsional kapital oqimi bilan bog‘lanmoqda.
Realistik ssenariy: tiklanish ETF oqimlari barqarorlashib, makroiqtisodiy fon yaxshilanganda boshlanadi. Ammo yuqori volatillik saqlanib qolmoqda, shu sababli kripto prognozi noaniqligicha qoladi — tebranishlarga tayyor turing.
Tarixiy parallellar: 2017-yildagi cho‘qqidan so‘ng bitkoin 12 oy davomida eng quyi nuqtasigacha tushgan, so‘ngra 3 yil davomida yangi maksimumga qadar o‘sgan. 2022-yilda esa pasayish 13 oy davom etdi va 100 000 dollargacha tiklanish uchun taxminan 2 yil kerak bo‘ldi. Agar ushbu ssenariy takrorlansa, demak, biz kriptoqishning taxminan yarmidamiz va yangi “buqa sikli” 2027-yilda boshlanishi mumkin.
Kriptoqish paytida kriptovalyuta sotib olish kerakmi?
Bu hissiyotlarga emas, balki strategiyaga bog‘liq masala. Biroq unga obyektiv javob berish uchun qo‘rquvga emas, ma’lumotlarga tayanish lozim.
Deyarli hech qachon adashmaydigan metrika: MVRV
MVRV — bu bozor kapitallashuvining realizatsiya qilingan kapitallashuvga nisbati. Oddiy so‘zlar bilan aytganda: bozor kapitallashuvi — barcha tangalarning joriy narxi. Realizatsiya qilingan kapitallashuv esa — har bir tanganing blokcheynda oxirgi marta harakatlangan (o‘tkazilgan) paytdagi narxi. Agar MVRV > 1 bo‘lsa, bozor foydada. Agar < 1 bo‘lsa, bozor zararda.
Tarixan MVRV ko’rsatkichining 1 dan past bo‘lishi bozorning eng quyi nuqtaga yetganidan darak beruvchi eng kuchli signal bo‘lgan:
- 2018-yil dekabr. MVRV 0,62 gacha pasaydi. Bitkoin narxi ~$3 200 edi. Bir yildan so‘ng — $10 000. Ikki yildan so‘ng — $29 000.
- 2020-yil mart. Koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan qulash vaqtida MVRV 0,71 gacha tushdi. Bitkoin narxi ~$5 000 edi. Bir yildan so‘ng — $60 000.
- 2022-yil noyabr. MVRV 0,73 gacha pasaydi. Bitkoin narxi ~$16 000 edi. Ikki yildan so‘ng — $100 000+.
- 2026-yil iyul. MVRV ketma-ket to‘rt chorak davomida qisqardi — 2025-yilning 4-choragidagi 2,185 dan 2026-yilning 3-choragiga kelib 1,130 gacha. Bozor kapitallashuvi 1,15 trln dollarga, realizatsiya qilingan kapitallashuv esa bor-yo‘g‘i 13 mlrd dollarga kamaydi. Nisbat — 89:1.
Bu nimani anglatadi? MVRV ko‘rsatkichi 1 dan pasayganda, uzoq muddatli investorlar zararda bo‘ladi, qo‘rquv esa eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi. Aynan shunday paytlarda sabrli investorlar o‘z pozitsiyalarini to‘ldirib boradilar. Hozirda MVRV taxminan 1,13 ga teng — biz hali mutlaq minimumda emasmiz, lekin tarixiy xarid hududlariga yaqinlashib qoldik.
Buni tasdiqlovchi boshqa signallar:
- SOPR 1,0 ga yaqin — bozor muvozanatlashgan, vahima yo‘q.
- Birja zaxiralari 2017-yildan beri eng past darajada — sotuv taklifi kamayib bormoqda.
- Xeshreyt tarixiy maksimumlarga yaqin — maynerlar tarmoq kelajagi uchun o‘z quvvatlari bilan ovoz bermoqda.
- Qo‘rquv va ochko‘zlik indeksi haddan tashqari qo‘rquv hududida — odatda bu aktivlarni jamg‘arish hududi hisoblanadi.
- Birjalardagi steyblkoinlar hajmi 180 mlrd dollarga yetdi — bu xarid qobiliyatining potensial “poroxli bochka”dir.
Lekin xatarlar ham bor:
- Strategy (sobiq MicroStrategy) agar narx yana pasaysa, aktivlarini sotishda davom etishi mumkin. Bu ehtimoldan yiroq bo‘lsa-da, buni istisno qilib bo‘lmaydi.
- Agar makroiqtisodiy vaziyat yomonlashsa, masalan, inflyatsiyaning yangi to‘lqini yoki geosiyosiy inqiroz yuz bersa, ETF’lardan kapital chiqib ketishi kuchayishi mumkin.
- AQSh yoki Yevropadagi regulyator bosimi qo‘shimcha noaniqlikni yuzaga keltirishi mumkin.
Mening shaxsiy fikrimcha: agar 1–3 yillik istiqbolga qarayotgan bo‘lsangiz, hozirgi darajalar ancha jozibali ko‘rinadi. MVRV ko‘rsatkichining taxminan 1,1 bo‘lishi, SOPRning neytral hududda ekani, deyarli rekord darajadagi xeshreyt va minimal birja zaxiralari – bu tarixan kuchli uyg‘unlikdir. Lekin birdaniga butun depozitingiz bilan kirib kelmang. Kriptovalyuta savdosi yangi boshlovchilar uchun butun depozitga xarid qilishdan boshlanmasligi kerak. O‘rtachalashtirish strategiyasidan (DCA) foydalaning – haftada yoki oyda bir marta kichik qismlarda xarid qiling. Va hech qachon yo‘qotishga tayyor bo‘lganingizdan ko‘proq sarmoya kiritmang.
Xulosa
Kriptovalyuta "o‘lmagan". U shunchaki chakana treyderlardan tortib institutsional gigantlargacha bo‘lgan barchani mustahkamlik uchun sinovdan o‘tkazayotgan kriptoqish davrini boshdan kechirmoqda.
Asosiy xulosalar:
- Bitkoin o‘zining maksimal narxidan qariyb 50 foizga arzonlashdi, biroq fundamental ko‘rsatkichlar (tarixiy maksimal darajalarga yaqin xeshreyt, dasturchilar faolligi, institutsional qiziqish) kuchliligicha qolmoqda. Bu kollaps emas, balki siklik tuzatishdir.
- Kriptovalyuta eng quyi nuqtada: MVRV 1,13 gacha siqildi, SOPR neytral zonada, birja zaxiralari 2017-yildan beri eng past darajada, xeshreyt esa rekord darajalarda saqlanib turibdi. Tarixan bunday darajalar bozorga kirish uchun eng yaxshi nuqtalar bo‘lgan.
- Tiklanish albatta bo‘ladi, lekin ETF oqimlari qaytmaguncha, FZT siyosatni yumshatmaguncha va sun’iy intellekt shov-shuvi sovimaguncha emas.
- Kriptovalyutaning qish mavsumi — imkoniyatlar davri. Sarlavhalarga emas, oncheyn-ma’lumotlarga tayangan holda DCA strategiyasidan foydalaning. Vahimaga berilmang — u sizning asosiy dushmaningiz.
Kripto uchun hammasi tugadimi? Yo‘q. Bu shunchaki eyforiyaning intiho topishi va sohaning yetuklik bosqichiga o‘tishidir. Bozor “zaif qo‘llar”dan tozalanishi bilan yangi “buqa sikli” boshlanadi. Gap faqat sizning bunga tayyor yoki tayyor emasligingizda.
Ko‘p beriladigan savollar
O‘rtachalashtirish strategiyasidan foydalanish sharti bilan, uzoq muddatli investor uchun – ha. MVRV, SOPR va xeshreyt ko‘rsatkichlari tarixiy "haddan tashqari sotilgan" zonalarga yaqinlashmoqda. Ammo qisqa muddatli o‘zgaruvchanlik yuqori bo‘lishi mumkin, shuning uchun faqat erkin mablag‘laringizni sarmoya qiling.
Ha. Bitkoin – bu taklifi cheklangan va institutsional qamrovi tobora kengayib borayotgan raqamli aktiv. Spot ETF’lar, korporativ g‘aznachilik portfellari va blokcheyn infratuzilmasining rivojlanishi uning uzoq muddatli salohiyatini tasdiqlaydi. U institutsional investorlar portfelida raqamli oltinga aylanib bormoqda.
Qaror sarmoya muddatiga va tavakkalchilik darajasiga bog‘liq. Agar uzoq muddatli o‘sishni kutayotgan bo‘lsangiz, pozitsiyani saqlab turing. Mabodo yaqin bir-ikki yil ichida pul zarur bo‘lib qolsa, aktivlarning bir qismini sotib, foydani qayd etish maqsadga muvofiq. Qo‘rquv ta’sirida sotib yubormang.

Ushbu maqolada yozilganlar faqat muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, LiteFinance ning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin. Ushbu sahifada chop etiladigan materiallar faqat ma'lumot berish maqsadlarida taqdim etilgan va 2014/65/EU Direktivasi maqsadlariga xizmat qiluvchi investitsiyavi maslahat yoki konsultatsiya sifatidatalqin qilinmasligi kerak.
Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu maqola intellektual mulk obyekti hisoblanadi, va uni ruxsatsiz nusxalash yoki tarqatish taqiqlangan.

















