“Qora oqqush” atamasi lotincha “yer yuzida qora oqqush kabi noyob qush” degan iboradan kelib chiqqan. Uzoq vaqt davomida Yevropada oqqushlar faqat oq bo‘ladi, deb hisoblangan, biroq XVII asrda G‘arbiy Avstraliyada qora oqqushlar populyatsiyasi topilgan. Shunga qaramay, bu ibora hozirgacha ehtimoli juda past bo‘lgan hodisalarni tasvirlash uchun qo‘llanadi. Xo‘sh, “qora oqqush” o‘zi nima?
Maqolada quyidagi mavzular yoritilgan:
- Ta’rif
- Qora oqqush nazariyasi
- Jahondagi "Qora oqqush" hodisalariga misollar
- Nima uchun “qora oqqush”lar sodir bo‘ladi?
- Investorlar “qora oqqush”larga qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerak?
- “Qora oqqush” holatida invrstitsiya qilish bo‘yicha maslahatlar
- Xulosa
- Treydingdagi “qora oqqush” bo‘yicha tez-tez beriladigan savollar
Ta’rif
“Qora oqqush” atamasi prognoz qilib bo‘lmaydigan, lekin muqarrar bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy falokatlarni tasvirlash uchun qo‘llanadi. Uning muallifi Uoll-stritning sobiq treyderi Nassim Nikolas Talebdir.
Shu bilan birga, Taleb “qora oqqush” faqat salbiy hodisalarga taalluqli emasligini ham tushunadi. Bu atama yirik ilmiy kashfiyotlarni yoki shaxsiy kompyuterlar va Internetning paydo bo‘lishini tasvirlashda ham qo‘llanilishi mumkin.
Qora oqqush nazariyasi
2007-yilda, jahon iqtisodiy inqirozidan bir yil oldin, asli livanlik bo‘lgan amerikalik treyder Nassim Nikolas Tolib o‘zining “Qora oqqush. Prognoz qilib bo‘lmaslik belgisi ostida” nomli kitobini nashr etdi. U “Qora oqqush hodisasi” atamasini hayotning barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatadigan keng ko‘lamli falokatlarni ifodalash uchun qo‘llagan.
Muallifning fikriga ko‘ra, “Qora oqqush” — bu uch mezoniga javob beradigan hodisadir:
- Kutilmaganlik.
- Keng ko‘lamlilik.
- Ushbu hodisaning dastlabki sabablari voqea sodir bo‘lgandan keyingina aniqlanadi.
Aslida, dunyodagi deyarli barcha kutilmagan larzalarni “qora oqqushlar” qatoriga kiritish mumkin. Istalgan tarix darsligini ochib, masalan, Buyuk fransuz inqilobi tavsifini o‘qing. Kitobning boshida inqilobning o‘zidan keyin aniqlangan shart-sharoitlarga bag‘ishlangan bo‘lim bo‘ladi.
Qora oqqushlar odamlarning dunyoqarashini o‘zgartiradi
2007-yilda, kitobi chiqqani hamono, Tolib The New York Times uchun maqola yozib, unda “qora oqqushlar” bizning dunyo haqidagi asosiy tasavvurlarimizga ta’sir qilishini tushuntirib bergan:
“Minglab yillar davomida millionlab oq oqqushlarni kuzatishga asoslangan keng tarqalgan e’tiqodni bitta kuzatuvning o‘ziyoq inkor etishi mumkin. Buning uchun faqatgina bitta (va ko‘pincha aytishlaricha, ancha xunuk) qora qushning o‘zi kifoya”.
Boshqacha aytganda, Talebning fikricha, bunday hodisalar dunyo haqidagi tasavvurlarimizni ostin-ustun qilib, dunyoqarashimiz asoslanadigan barcha narsalar ancha ishonchsiz va hatto xayoliy ekanligini isbotlaydi. Inson tabiati bizni o‘tgan tarixiy voqealar asosida kelajakni prognoz qilishga undaydi, shu sababli misli ko‘rilmagan yangi hodisalarni oldindan aytib bo‘lmay qoladi.
Bu tezis ma’lum tamoyillarga asoslangan har qanday ekspert baholari va prognozlariga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqaradi. Nassim Talebning so‘zlariga ko‘ra, investitsiya strategiyalari munajjimlar prognozidan ko‘ra ishonchliroq emas. Eng birinchi “qora oqqush” bozorning qulashiga yoki, aksincha, aktivlar qiymatining keskin o‘sishiga olib kelishi mumkin. Bunga hech kim tayyor bo‘la olmaydi. Nazariya muallifi shunday izoh beradi:
“Biz neftga bo‘ladigan talabni 30 yil oldindan prognoz qilamiz-u, kelasi yozda u qanday bo‘lishini aniq bilolmasligimizni tushunmaymiz. Siyosiy va iqtisodiy prognozlardagi xatolarning yig‘indisi shunchalik ulkanki, ularga nazar tashlaganimda, o‘ngimda ekanligimga ishonch hosil qilish uchun o‘zimni chimchilab ko‘rgim keladi”.
Taleb o‘z so‘zlarining isboti sifatida 2001-yil 11-sentyabrda AQSHda yuz bergan voqealarni keltiradi. O‘shanda hech kim barcha ehtimoliy xavf-xatarlarni xolisona baholamagan, chunki bunday vaziyatlar zanjiri mutlaqo aqlbovar qilmas tuyulgandi.
Talebning ta’kidlashicha, qora oqqushlar nazariyasini Edgar Allan Po yoki Artyur Rembo singari hayotlik chog‘ida tan olinmagan mashhur shaxslar ham tasvirlagan. Uning fikricha, agar odamlar odatiy mantiqiy qarashlardan voz kechganlarida, ularning ilg‘or nazariyalarini o‘z vaqtida baholay olgan bo‘lardilar.
Jahondagi "Qora oqqush" hodisalariga misollar
Quyida "qora oqqushlar" deb ataladigan asosiy hodisalar keltirilgan.
1997–1998-yillardagi Osiyo moliyaviy inqirozi
Yaqin tarixdagi moliya bozorlarida yuz bergan bir nechta hodisani “qora oqqushlar” qatoriga kiritish mumkin. Masalan, 1997–1998-yillardagi Osiyo inqirozi Janubi-Sharqiy Osiyoning ko‘plab mamlakatlarida milliy valyutalar kursining pasayishiga, banklarning bankrot bo‘lishiga va Osiyo iqtisodiyotining umumiy turg‘unlashuviga sabab bo‘ldi.
1990-yillarning o‘rtalarida Tailand, Filippin, Malayziya, Indoneziya va Janubiy Koreya jadal iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirayotgan edi. Bu rivojlanish asosan xorijiy kreditlar hisobidan ta’minlangan bo‘lib, bunga AQSH Federal zaxira tizimining liberal pul-kredit siyosati va mahalliy valyutadagi kreditlarning qulay shartlari imkon yaratdi. Natijada Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti haddan tashqari ko‘p kreditga botib, bu holat falokatga olib keldi.
Dotkomlar pufagi
Dotkomlar pufagi 1995-yildan 2001-yilgacha mavjud bo‘ldi. U asosan Amerika internet-kompaniyalari aksiyalari kursining keskin sakrashi, shuningdek, ko‘plab yangi internet-kompaniyalarning paydo bo‘lishi natijasida yuzaga keldi. Natijada, internet texnologiyalarini joriy etishni va’da qilgan kompaniyalarning aksiyalari narxi osmonga ko‘tarildi. Biroq ko‘plab yangi biznes modellar samarasiz bo‘lib chiqdi va bu bankrotlik to‘lqinini keltirib chiqardi. XX va XXI asrlar bo‘sag‘asida chayqovchilik va asossiz optimizm tufayli investorlar qariyb 5 trillion dollar yo‘qotdilar.
2001-yil 11-sentyabrdagi terrorchilik harakatlari
Fond bozoridagi "qora oqqush" hodisasi yagona misol emas. 2001-yil 11-sentyabr tarixga eng fojiali kunlardan biri sifatida kirdi. Terrorchilar bortida yo‘lovchilari bo‘lgan fuqarolik samolyotlarini qo‘lga olib, ularni Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak minoralariga yo‘naltirdi. Terakt oqibatida 2900 dan ortiq kishi halok bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmay, AQSH keng ko‘lamli aksilterrorchilik kampaniyasini boshladi. Biroq fojiadan so‘ng 11-sentyabr voqealarini oldindan prognoz qilish mumkin edi, degan da’volar paydo bo‘lgan.
2008-yilgi jahon iqtisodiy inqirozi
Yuqorida ta’kidlanganidek, bu voqea Tolib ushbu atamani ishlatgan “Qora oqqush. Prognoz qilib bo‘lmaslik belgisi ostida” kitobi nashr etilganidan bir yil o‘tib sodir bo‘lgan.
Buyuk turg‘unlik yoki substandart ipoteka inqirozi AQSHda 2007–2008-yillarda boshlandi. U sezilarli iqtisodiy ta’sir ko‘rsatdi: Qo‘shma Shtatlarning 500 ta eng yirik kompaniyasini o‘z ichiga oluvchi S&P 500 indeksi 38,49 foizga quladi. Iqtisodiy tanazzul shu qadar kuchli ediki, Lehman Brothers investitsiya banki tarixdagi eng yirik bankrotlik jarayonini boshladi. Natijada 25 ming kishi ishidan ayrildi, kompaniyaning bozor qiymati esa 46 milliard dollarga kamaydi. Inqiroz oqibatlari jahon fond bozorlariga ham ta’sir qildi — ular 10 trillion dollarga quladi. Inqiroz yakunlanganidan so‘ng ekspertlar uning shart-sharoitlari va sabablarini boshlanishidan ancha oldin prognoz qilish mumkin bo‘lganini ta’kidlay boshladilar.
Brexit
2020-yil yanvar oyida Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibidan chiqdi. Bu hodisa aksiyalar kursi va bozorning beqarorligiga ta’sir ko‘rsatdi, biroq uning oqibatlari hanuzgacha sezilib turibdi. Ekspertlarning fikricha, “Brexit”dan so‘ng Buyuk Britaniyada inson huquqlari jiddiy sinovlarga duch keladi. Bunga hukumatning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ko‘plab jihatlarga nisbatan dushmanona munosabati, demokratik institutlarning tanazzuli, umumiy murosasizlik muhiti va ko‘plab OAV tomonidan inson huquqlarining inkor etilishi sabab bo‘lishi mumkin. Iqtisodiy tanazzul — Buyuk Britaniya aholisi yuzlashgan ko‘plab hodisalardan birigina xolos.
Covid-19 “qora oqqush”mi?
Bu juda keng tarqalgan fikr. Bryusselda bo‘lib o‘tgan “Ideas Lab” anjumanida mutaxassislar koronavirus global dunyoning naqadar mo‘rtligini va davlatlarning samarali hamkorlik qila olmasligini ko‘rsatib berganini ta’kidladilar. Natijada odamlar bir-biridan ajralib, chegaralar bilan bo‘linib qoldi, iqtisodiyot tartibsizlikka yuz tutdi, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa kechikkan va ziddiyatli tavsiyalar berdi.
Haqiqiy “qora oqqush”ga xos bo‘lganidek, koronavirus pandemiyasi jahon hamjamiyati uchun kutilmagan hodisa bo‘ldi (hech kim quloq solmagan Bill Geytsning prognozlarini hisobga olmaganda) va global oqibatlarga olib keldi.
Iqtisodiyotdagi “qora oqqush”ning zamonaviy misollari qatoriga dunyoda COVID-19 epidemiyasi boshlangan 2020-yilning boshini keltirish mumkin. 12-martda “Qora payshanba” yuz berdi — bozorlardagi qulash ko‘lami halokatli tus oldi.
S&P 500 indeksi bir kun ichida 9,5 foizga pasaydi, bu 1987-yil 19-oktyabrdan beri kuzatilgan bir kunlik eng keskin qulash bo‘ldi. Boshqa jahon bozorlarining ko‘rsatkichlari ham shiddat bilan pastga sho‘ng‘idi. Amerika indekslari faqat noyabr oyigagina 2020-yil yanvar oyidagi darajasiga qayta tiklana oldi.
Nima uchun “qora oqqush”lar sodir bo‘ladi?
“Qora oqqush”lar tarixning tabiiy jarayoni natijasida yuzaga kelishi mumkin, biroq ularning “oq oqqush”lardan asosiy farqi — oldindan prognoz qilib bo‘lmasligidir. Nega deysizmi? Chunki odamlar falokatdan oldingi alomatlarga e’tibor qaratmaydi.
Quyida “qora oqqush”lar paydo bo‘lishini o‘z vaqtida prognoz qilishga xalaqit beradigan asosiy xatolar sanab o‘tilgan:
- Pufak samarasi. Odamlar o‘z atrofida tarqalgan ma’lumotlarga yoki o‘zlari nufuzli deb bilgan fikrlarga ko‘proq ishonishga moyil bo‘ladi. Shu bilan birga, bunga zid keladigan har qanday narsa e’tibordan chetda qoldiriladi.
- Haqiqiy hayotda matematik usullardan haddan tashqari ko‘p foydalanish. Masalan, o‘yinlar nazariyasi ko‘pincha lotereya yoki qarta o‘yinida yutish ehtimolini prognoz qilish uchun qo‘llaniladi. Amalda esa hammasi ancha murakkabroq va bizga noma’lum bo‘lgan omillarni ham hisobga olish zarur.
- Retrospektiv tahlilni qo‘llash — bu allaqachon sodir bo‘lgan voqealar asosida kelajakdagi hodisalarni prognoz qilishga urinishdir. Asosiy xato shundaki, biz prognoz qilish uchun yetarlicha ma’lumotga egamiz va voqealar ayni bir ssenariy bo‘yicha rivojlanadi, deb taxmin qilamiz. Masalan, Birinchi jahon urushi tajribasi Ikkinchi jahon urushining oldini ololmagan.
Demak, agar siz “qora oqqush” alomatlarini qidirsangiz, kelajakda kutilmagan hodisalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan narsalarga e’tibor qaratmasligingiz ehtimoli yuqori. Aslida biz e’tibordan chetda qoldiradigan omillar juda ko‘p.
Investorlar “qora oqqush”larga qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerak?
“Qora oqqushlar” deyarli barcha sohalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ba’zan bunday hodisalar ko‘z ochib yumguncha sodir bo‘ladi. Xo‘sh, ularning ta’siridan qanday himoyalanish mumkin?
Taleb o‘z kitobida “qora oqqush”ning salbiy ta’sirini yumshatishning eng yaxshi yo‘li — uni prognoz qilishga urinmaslik, deb yozgan. Muallifning fikricha, buning o‘rniga “qora oqqush” tamoyilini, uning muqarrarligini tushunish hamda bunday hodisa ehtimolini kamaytiradigan yoki oqibatlarini yengillashtiradigan barqaror reja ishlab chiqish kerak.
Masalan, banklar inqirozlarga bardoshliligini tekshirish uchun mo‘ljallangan stress-testlarni o‘tkazadi. Bu amaliyot 2008-yildan keyinoq keng tarqaldi. Ba’zi markaziy banklar, jumladan, Angliya banki ham ushbu amaliyotni joriy etgan.
Biroq Taleb ta’kidlaganidek, nafaqat professional tashkilotlar, balki xususiy treyderlar ham falokatli hodisalarga tayyorgarlik ko‘ra oladi.
Boshqa sohalardagi kabi, treydingda ham “qora oqqush”lar to‘satdan va ogohlantirishsiz paydo bo‘ladi. Shu sababli, portfelingizni iloji boricha xavfsiz holatda saqlashga doim harakat qiling. Bu borada bir nechta tavsiyalar mavjud:
Navbatdagi “qora oqqush” albatta yuz berishi mumkinligiga ko‘niking
Bozor harakatlari tarixini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, salbiy hodisalar doimo sodir bo‘lib turadi. Shu bois, kutilmagan vaziyatlar siz uchun ajablanarli bo‘lmasligi kerak.
“Qora oqqush”lar taqdim etadigan imkoniyatlardan foydalaning
Fond bozorida aksiyalar narxi tushganda, barqaror kompaniyalarga sarmoya kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqish kerak. Yakun-oqibatda ular inqirozni yenga oladi, aktivlarning qiymati esa tiklanadi.
Portfelingizni diversifikatsiya qiling
Bu maslahat mutlaqo barcha investorlar uchun dolzarbdir. Agar portfelingizda faqat bitta aktiv bo‘lsa, “qora oqqush” sizga jiddiy ta’sir qiladi. Sarmoyalaringizni himoya qilish uchun ularni turli vositalar o‘rtasida taqsimlashni unutmang.
“Qora oqqush” holatida invrstitsiya qilish bo‘yicha maslahatlar
Quyida fond bozorining tarixiy statistikasidan olingan asosiy xulosalar keltirilgan:
“Qora oqqush”lar bozorlarga ta’siri jihatidan boshqa inqirozli hodisalardan tubdan farq qilmaydi.
Tiklanish muddatlari retsessiya davomiyligiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lsa-da, kamdan-kam hollarda bir yildan oshadi.
Uzoq muddatli istiqbolda keng bozor indekslarining trendi doimo yuqoriga yo‘nalgan bo‘ladi.
Muayyan qimmatli qog‘ozlarni tanlashda investorlar ko‘pincha xatoga yo‘l qo‘yishadi. Masalan, hozirgi inqiroz davrida bo‘lgani kabi. Bozorlar tezda tiklandi, IT kabi ayrim sohalar, xususan, bulutli texnologiyalar bilan bog‘liq aksiyalar esa yuksalishda davom etmoqda. Biroq umumiy tendensiyadan istisnolar ham bor. Masalan, bulutli texnologiyalar va masofaviy ish segmenti yetakchilaridan biri bo‘lgan Dropbox servisi geometrik progressiya bilan o‘smadi, aksincha, 2018-yil boshidagi IPO narxidan ham pastroq sotilmoqda. Agar siz bir kompaniyaning qimmatli qog‘ozlarini sotib olish o‘rniga turli sohalarga sarmoya kiritsangiz, o‘zingizni bunday omadsizliklardan himoya qilishingiz mumkin.
ETF bilan savdo qilish orqali investorlar nafaqat o‘z sarmoyalarini “qora oqqushlar” va boshqa iqtisodiy muammolardan himoyalashi, balki foyda olishi ham mumkin. Ko‘pchilik bozorning pasayish tendensiyasini foydali xarid qilish uchun imkoniyat deb biladi.
Kelajakda qora oqqushlar paydo bo‘ladimi?
Yaqin kelajakda qanday “qora oqqushlar” kutilmoqda?
Taleb yangi “qora oqqushlar”ga aylanadigan eng ehtimoliy hodisalarni prognoz qilgan:
Epidemiyalar. 2020-yilda RBC Pro nashriga bergan intervyusida Talebning aytishicha, COVID-19 dan o‘lim holatlarining yuqoriligi ko‘pchilikning, hatto tahdid yaqqol ko‘rinib turgan paytda ham, epidemiyani yetarlicha baholamaganining bevosita oqibatidir. Uning fikricha, karantinning tugashi odatiy hayotga qaytishimiz mumkinligini anglatmaydi, zero pandemiya oqibatlari hayotimizga hali uzoq vaqt o‘z ta’sirini o‘tkazadi.
Neoluddizm (“robotlashtirishga qarshilik”). Bu oqim XIX asr boshlaridagi ludditlar harakatiga o‘xshatib nomlangan. Uning tarafdorlari ishidan ayrilishdan qo‘rqib, to‘quv dastgohlarini sindirib tashlashgan. Talebning so‘zlariga ko‘ra, bu tendensiya ayniqsa islom davlatlarida yaqqol seziladi.
Xulosa
Hayot kutilmagan hodisalarga to‘la, ularning ba’zilari dunyoga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. “Qora oqqush” nazariyasiga amal qiling: “Yaxshilikka umid qil, yomoniga tayyor tur”. O‘zingizni qanday himoya qilishingiz mumkin? Agar LiteFinance bilan savdo qilsangiz, portfelingizni diversifikatsiya qilganingizga va ishingizda tahliliy vositalardan foydalanayotganingizga ishonch hosil qiling.
Treydingdagi “qora oqqush” bo‘yicha tez-tez beriladigan savollar
Bu aksiyalar qiymatiga, jahon iqtisodiyotiga, korporatsiyalar va kichik biznes faoliyatiga ta’sir ko‘rsatadigan kutilmagan hodisadir.
Chunki qora oqqushlar kamyob qush turidir. Ayrim odamlar ularni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmagunicha borligiga ishonmaydi. Shu sababdan, “qora oqqushlar” odatda salbiy hodisalar sirasiga kiritiladi, chunki bunday qushlar xunuk deb hisoblanadi.
Butun dunyoga ta’sir ko‘rsatadigan keng ko‘lamli “qora oqqushlar” — bu noyob hodisa. Ular bir necha yilda bir marta yuz beradi. 2008-yilgi iqtisodiy inqiroz, Brexit va “Fukusima-1” AESdagi avariya shunday hodisalar jumlasiga kiradi.

Ushbu maqolada yozilganlar faqat muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, LiteFinance ning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin. Ushbu sahifada chop etiladigan materiallar faqat ma'lumot berish maqsadlarida taqdim etilgan va 2014/65/EU Direktivasi maqsadlariga xizmat qiluvchi investitsiyavi maslahat yoki konsultatsiya sifatidatalqin qilinmasligi kerak.
Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu maqola intellektual mulk obyekti hisoblanadi, va uni ruxsatsiz nusxalash yoki tarqatish taqiqlangan.










