Moliyaviy bozorlarda faoliyat yurituvchi treyder uchun manfaatli savdo va investitsiyalar ustuvor vazifa hisoblanadi. Barqaror daromadga erishish uchun esa trendning boshlanishini to‘g‘ri aniqlay bilish zarur. Zero, trend bo‘yicha savdo qilish — minimal risklar bilan maksimal daromad olishning yagona samarali usuli hisoblanadi.
Biroq bozorning irratsional bo’lgani sababli yangi trendning boshlanishini aniqlash oson kechmaydi. Bunda trendning davom etishidan signal beruvchi ko‘plab grafik va sham pattenlari yordamga keladi. “Pasayuvchi uchburchak” ana shunday narx patternlaridan biridir. Ushbu maqolada biz grafik modelning yuzaga kelish sabablari va u orqali savdo qilish usullarini ko‘rib chiqamiz.
Maqolada quyidagi mavzular yoritilgan:
- Pasayuvchi uchburchak nima?
- Pasayuvchi uchburchak nimani ko‘rsatadi?
- Pasayuvchi uchburchak namunasi
- Pasayuvchi uchburchak figurasini qanday aniqlash mumkin?
- Pasayuvchi uchburchakni o‘lchash texnikasi
- “Pasayuvchi uchburchak” patterni bilan qanday savdo qilish kerak?
- Pasayuvchi uchburchak bo‘yicha savdo strategiyalari
- Xulosa
- Pasayuvchi uchburchakni treydingda qo‘llash bo‘yicha FAQ
Pasayuvchi uchburchak nima?
“Pasayuvchi uchburchak” patterni — bu “ayiq”larga xos figura bo‘lib, odatda pasayuvchi trendda shakllanadi. Biroq bu model ko‘pincha yuksaluvchi trendning cho‘qqisida, umumiy trend “buqa” bo‘lganida ham uchrab, narxning pastga qayrilishidan signal beradi.
Model pasayib boruvchi maksimumlar va katta pasayuvchi harakatdan keyingi yassi tayanch chizig'iga ega uchburchak ko‘rinishida bo‘ladi. “Pasayuvchi uchburchak”ning aniqroq shakllarini H4 dan yuqori taymfreymlarda ko‘rish mumkin.
“Pasayuvchi uchburchak”ning o‘ziga xos xususiyati uning darajadan darajaga uzoq vaqt davomida shakllanishidir, bu esa bozorda “buqalar”ning zaiflashuviga olib keluvchi asosiy omil hisoblanadi. Grafikda “pasayuvchi uchburchak” modeli shakllangandan so‘ng, xaridorlarning qo‘llab-quvvatlashi darajasi bosimga dosh bera olmaydi va “ayiqlar” “uchburchak”ning quyi chegarasini buzib o‘tib, narxni yanada pasaytiradi.
“Pasayuvchi uchburchak” deyarli barcha moliyaviy bozorlarda: fond, kriptovalyuta, Forex va boshqalarda uchraydi.
Asosiy faktlar
Avvaliga “pasayuvchi uchburchak” patternining asosiy xususiyatlarini ajratib olamiz:
- “Pasayuvchi uchburchak” — bu pasayuvchi trendning davom etishidan signal beruvchi “ayiq” formatsiyasidir;
- “Pasayuvchi uchburchak” modeli — “yuksaluvchi uchburchak” deb nomlangan “buqa” narx patternining qarama-qarshi figurasidir;
- “Pasayuvchi uchburchak” patterni bo‘yicha savdo strategiyasi bitimga kirish va undan chiqishning aniq mezonlariga ega. Bundan tashqari, treyderlar grafikda modelni tuzish orqali narx harakatining taxminiy hajmini aniqlashlari mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, short pozitsiyasiga kirishning eng foydali nuqtalarini va optimal stop-loss darajasini belgilash imkonini beradi;
- Ayrim hollarda pattern “buqa” trendining cho‘qqisida narxning pastga qayrilishi haqida ogohlantirishi mumkin.
Pasayuvchi va yuksaluvchi uchburchaklarning farqi nimada?
Nomidan ham anglashilganidek, “pasayuvchi” va “yuksaluvchi uchburchak” pattenlari o‘rtasidagi asosiy farq narx harakatining yo‘nalishidadir. Biroq boshqa farqlari ham bor:
- “Pasayuvchi uchburchak” “ayiqlar” dinamikasida shakllanadi. “Uchburchak”ning o‘zi bir nechta narx maksimumlari bilan gorizontal tayanch chizig'ini hosil qilib, pastga og‘uvchi qarshilik chizig‘ini yuzaga keltiradi. Bunda maksimumlar asta-sekin pasayib, narxni tayanch darajasiga “siqib qo‘yadi”. Minimumlar esa tayanch chizig'ida qoladi;
- “Yuksaluvchi uchburchak” “buqalar” tendensiyasida hosil bo‘ladi. Bu figura bir nechta minimumlar bilan gorizontal qarshilik darajasini hosil qilib, yuqoriga og‘gan tayanch chizig'ini yuzaga keltiradi. “Buqalar” narxni o‘sib boruvchi minimumlar bilan gorizontal qarshilik darajasiga “siqib boradi”. Bunda maksimumlar qarshilik chizig‘ida qolaveradi.
“Simmetrik uchburchak”dan farqli o‘laroq, “yuksaluvchi” va “pasayuvchi uchburchak” aktiv kotirovkalarining keyingi dinamikasini aniqroq ko‘rsatadi. “Simmetrik uchburchak”ni oldindan tahlil qilib bo‘lmaydi, chunki undan keyin narx yuqoriga ham, pastga ham ketishi mumkin.
Pasayuvchi uchburchak nimani ko‘rsatadi?
Treyding olamida “pasayuvchi uchburchak” narx modeli pasayuvchi trendning davom etish figurasi vazifasini bajaradi. Grafikda “ayiqlar” patternining shakllanishi savdodagi instrumentga bo‘lgan talabning pasayishi bilan izohlanadi.
Texnik tahlil nuqtai nazaridan, pasayuvchi uchburchak modeli shakllanayotgan vaqtda savdo hajmlari kamayadi. Aktiv kotirovkalari gorizontal tayanch chizig'ini buzib o‘tgandan so‘ng pastga tomon impulsli harakatini davom ettiradi. Bu vaqtda savdo hajmlari sezilarli darajada oshib, instrumentga volatillikni hamda treyder va investorlarning unga bo‘lgan qiziqishini qaytaradi.
“Pasayuvchi uchburchak” patterni hosil bo‘lgandan so‘ng narx dinamikasining oldindan taxmin qilish mumkinligini hisobga olsak, treyderlarda qisqa pozitsiya ochish va depozitni oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Modelning shakllanishi uzoq davom etishiga qaramay, ushbu pattern orqali savdo qilib, tezroq foyda olish mumkin. Buning sababi, texnik nuqtai nazardan, bozor ishtirokchilari uchun buzib o‘tish “ayiq” signalidir. Bozor narxida yoki limit orderlar bilan qisqa pozitsiyalarning ochilishi belgilangan narxgacha pasayuvchi impulsni hosil qiladi. Ya’ni, sotuvchilarning bosimi shunchalik kuchayadiki, narx bunga dosh bera olmay, quyiroqdagi likvidlikni yig’ib borgan holda, pasayishda davom etadi.
Tayanch darajasining “ayiq”lar tomonidan buzib o‘tilishini va narxning undan pastda mustahkamlanishini kutish muhim. Shundan so‘ng stop-loss’ni tayanch chizig'idan yuqoriga qo‘yib, bemalol qisqa pozitsiya ochish mumkin.
Pasayuvchi uchburchak namunasi
Keling, XAUUSD grafigidagi “pasayuvchi uchburchak” grafik modeli misolini ko‘rib chiqamiz. To‘rt soatlik taymfreymda pasayish dinamikasi yaqqol kuzatilmoqda. Aktiv kotirovkalari 1938.30 tayanch darajasi hududidagi birinchi minimumga yetgan, shundan so‘ng yuqoriga sakrab, narxning birinchi maksimumiga erishgan.
So‘ngra grafikda narx tebranib, aktivning akkumulyatsiya bo’lish diapazonini toraytirgani ko‘rinadi. Ya’ni, minimumlar tayanch chizig'i yaqinida qolgan, maksimumlar esa pasayib, qiya qarshilik chizig‘ini hosil qilgan. Uzoq davom etgan konsolidatsiyadan so‘ng sotuvchilar “buqalar”ning tayanch darajasini buzib o‘tishga muvaffaq bo‘lishdi.
Xaridorlar narxni “ayiqlar uchburchagi” diapazoniga qaytarishga behuda urindilar. Biroq, buzib o‘tilgan daraja sinovdan o‘tkazilgach, 1933.70 darajasida qisqa pozitsiya (short) ochish mumkin, bunda stop-loss 1942.90 atrofidagi tayanch chizig'idan yuqoriroq qo‘yiladi. Mo’ljal esa “pasayuvchi uchburchak”ning balandligi darajasi bilan belgilanadi. Natijada, bir hafta davomida ochiq turgan qisqa pozitsiya orqali “pasayuvchi uchburchak” bo‘yicha aniq sozlangan savdo algoritmi yordamida 2% dan ortiq foyda olish mumkin.
Pasayuvchi uchburchak figurasini qanday aniqlash mumkin?
“Pasayuvchi uchburchak” figurasi grafikda vizual tarzda juda oson aniqlanadi. Modelni qurishning asosiy xususiyatlari:
- bu figura ko‘pincha pasayuvchi trendda hosil bo‘ladi. Shuningdek, “pasayuvchi uchburchak”ni yuqoriga yo‘nalgan tendensiya cho‘qqisida ham uchratish mumkin;
- minimumlar bitta tayanch chizig'ida saqlanadi, ya’ni “pasayuvchi uchburchak”da gorizontal tayanch chizig'i shakllanadi;
- “buqalar” narxni tiklashga harakat qilgani sari “uchburchak” diapazonidagi narx maksimumlari pasayib boradi;
- qarshilikning trend chizig‘i va gorizontal tayanch darajasi bir nuqtada birlashib, “uchburchak”ni hosil qiladi;
- “uchburchak” maksimum va minimumlar sohasidagi dastlabki ikkita nuqta bo‘yicha chiziladi.
Ko‘pincha “pasayuvchi uchburchak” patternini “buqa” trendining cho‘qqisida ham uchratish mumkin. Psixologik nuqtayi nazardan, yuqori narxlar zonasidagi “pasayuvchi uchburchak” aktiv o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetganini va treyderlar o‘z foydasini qayd etishni boshlaganini ko‘rsatadi. Bunday sharoitda ushbu model treyderlarni yaqin orada tendensiya “ayiq” trendiga o‘zgarishi haqida ogohlantiruvchi qayrilish patterni bo‘lib xizmat qiladi.
Cho‘qqidagi “buqa” trendida “pasayuvchi uchburchak”ni hosil qilish prinsipi pasayuvchi tendensiyada bo’lgani kabi bir xil. Narx pastga qayrilganidan so‘ng, grafik figura gorizontal tayanch chizig'i va qiya qarshilik darajasiga ega bo‘ladi.
Pasayuvchi uchburchakni o‘lchash texnikasi
“Pasayuvchi uchburchak” patterni uchburchakning o‘z balandligi bilan o‘lchanadi. Foyda bo’yicha mo’ljalni aniqlash uchun figura ichidagi kotirovkalar hosil qilgan maksimal nuqtadan gorizontal tayanch darajasigacha chiziq tortish kerak.
Keyinchalik bu teyk-profitni belgilash uchun narx diapazoni bo‘lib xizmat qiladi.
Narx harakati aniqlangach, belgilangan kesma pastki tayanch chizig'idan pastga qarab o’rnatiladi. Yakuniy nuqta “pasayuvchi uchburchak” patterni bo‘yicha teyk-profitning potensial darajasi bo‘ladi.
Teyk-profitni “pasayuvchi uchburchak” patterni bo‘yicha o‘lchashning asosiy usulidan tashqari, yana bir o‘lchov usuli mavjud. Grafik model tomonlaridan biri gorizontal tayanchga ega bo‘lganligi tufayli, perpendikulyar chiziqni eng katta maksimum darajasigacha ko‘tarish imkoniyati bor. Bu, shuningdek, ochiq short pozitsiyasi bo‘yicha taxminiy mo’ljalni aniqlashga yordam beradi.
“Pasayuvchi uchburchak” patterni bilan qanday savdo qilish kerak?
“Pasayuvchi uchburchak” patternining shakllanish mezonlarini bilgan holda, ushbu grafik figura bo‘yicha savdo qilish uchun bosqichma-bosqich qo‘llanma tuzish mumkin.
- Pattern signalining amalga oshish ehtimolini oshirish uchun modelni pasayuvchi trendda izlagan ma’qul.
- Tahlil uchun H4 dan boshlanadigan kattaroq taymfreymlardan foydalangan yaxshiroq. Kunlik savdo uchun esa kamida H1 taymfreymidan foydalanish lozim.
- “Ayiq” trendida “pasayuvchi uchburchak”ni aniqlagach, uning to‘g‘ri chizilganiga ishonch hosil qilish lozim. Buning uchun eng yuqori nuqtadan boshlab, undan biroz pastdagi ikkinchi maksimumni ham qamrab olgan holda qiya qarshilik chizig‘ini o‘tkazish kerak. Shuningdek, gorizontal tayanch chizig'ini o‘tkazib, uni qarshilik chizig‘i bilan birlashtirish zarur.
- Potensial foyda bo’yicha mo’ljalni aniqlash uchun eng yuqori nuqtadan tayanch chizig'igacha to‘g‘ri vertikal chiziq tortiladi. So‘ngra bu chiziq tayanch darajasidan pastga yo‘naltirilib, ko‘chiriladi.
- Shundan so‘ng tayanch chizig'idan pastroqda sotishga limit order ochish yoki “buqalar”ning tayanch chizig'i buzib o‘tilishini va aktiv konsolidatsiyasidan keyin narxning qayta test qilinishini (retest) kutib, bozor bo‘yicha short pozitsiya ochish mumkin.
- Stop-lossni tayanch darajasidan yuqoriga, qarshilikning qiya chizig‘ida hosil bo‘lgan so‘nggi maksimum hududiga qo‘yish kerak.
Ushbu savdo shartlariga rioya qilish maksimal daromad olish va xatarlarni minimallashtirish imkonini beradi.
Pasayuvchi uchburchak bo‘yicha savdo strategiyalari
Treyddingdagi har qanday figura singari, “pasayuvchi uchburchak” patternining ham o‘ziga xos noyob va samarali savdo strategiyalari mavjud. Keling, turli instrumentlar misolida ularning eng ommaboplarini ko‘rib chiqamiz.
Pasayuvchi uchburchakni buzib o‘tish strategiyasi
Savdo strategiyasining mohiyati uning nomida yashiringan. U “buqalar”ning asosiy tayanch chizig'i impuls bilan buzib o‘tilganidan so‘ng qisqa pozitsiya ochishni nazarda tutadi. Ushbu strategiya turini ETHUSD’ning 4 soatlik grafigi misolida batafsilroq ko‘rib chiqamiz.
Quyidagi rasmdan ko‘rinib turibdiki, raqamli aktiv bo’yicha 1764.50-2002.50 diapazonida “pasayuvchi uchburchak” shakllangan. To‘planish vaqtida savdo hajmlarining kamayib borishi ushbu figuraning o‘ziga xos belgisi bo‘lib qolgan.
Narx diapazoni toraygach, sotuvchilar pasayuvchi impulsli qizil sham hosil qilib, “buqalar”ning tayanch chizig'ini buzib o‘ta oldilar. Shu bilan birga, savdo hajmlari jadal o‘sa boshladi.
Ushbu strategiyaga ko‘ra, pozitsiyani tayanch darajasidan pastda, ya’ni 1705.00 hududida birinchi impulsli sham yopilganidan so‘ng ochish mumkin. Ya’ni, kriptovalyuta juftligi kotirovkalari pastroqda mustahkamlandi, bu esa bozorda qisqa pozitsiyalarni ochish uchun katalizator vazifasini o‘tadi.
Patternga ko‘ra potensial foydani aniqlash usuliga asosan, maqsadni 1407.50 atrofida belgilash mumkin. Ko‘rinib turibdiki, oradan 2 kun o‘tib, aktiv narxi teyk-profit darajasigacha pasaygan. Bunda stop-lossni yuqoriroqda, “uchburchak”ning so‘nggi maksimumi chegaralarida, ya’ni 1824.00 sathida o‘rnatish mumkin.
Heikin Ashi grafiklarida pasayuvchi uchburchak
Heikin Ashi — yapon shamlarining bir turi. “Heikin” — “o‘rtacha”, “Ashi” esa “sur’at” degan ma’nolarni bildiradi, bu yapon tilidan so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “narxning o‘rtacha sur’ati” degan ma’noni anglatadi.
Klassik shamli grafikdan farqli o‘laroq, Heikin Ashi grafigidagi sham nafaqat ochilish va yopilish narxlarini, maksimum va minimumni, balki o‘tgan davrning ochilish va yopilish narxlarini ham ko‘rsatadi. Bu bozor shovqinini filtrlash va trendni aniqroq belgilash uchun qilinadi.
Ushbu strategiya turini EURUSD valyuta juftligi misolida ko‘rib chiqamiz. To‘rt soatlik Heikin Ashi grafigida valyuta juftligi kotirovkalari “pasayuvchi uchburchak” narx patternini shakllantirgani ko‘rinib turibdi. Bunda bozor savdolari hajmi jamg‘arish davrida pasayib borgan.
Narxning yanada pasayishi uchun asosiy signal sifatida grafik figura ichida qizil shamdonlarning paydo bo‘lishi va savdo hajmlarining o‘sishi xizmat qildi. Ya’ni, Heikin Ashi shamdonlari “buqalar”ning asosiy tayanch darajasi buzib o‘tilishidan bir muncha vaqt oldin trendning pastga yo‘nalganini ko‘rsatgan. Buning sharofati bilan treyderlar shaklning quyi chegarasi buzilishini oldindan ko‘ra bilish va narx 1.1292 belgisidagi tayanch darajasini yengib o‘tganidan so‘ng darhol qisqa pozitsiyani ochish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ushbu strategiya bo‘yicha maqsad va stop-loss darajasi avvalgi strategiyadagi kabi aniqlanadi.
Sirpanuvchi o‘rtachalar bilan pasayuvchi uchburchak
Ko‘pgina treyderlar aniqroq signal olish uchun ko‘pincha texnik tahlilning kombinatsiyalashgan usulidan foydalanadilar. “Pasayuvchi uchburchak” kabi grafik modellar bilan bir qatorda shamdonli tahlil va texnik indikatorlardan ham foydalanish mumkin.
Bu yerda biz “Alibaba Group Holding Ltd” qimmatli qog‘ozlari misolida “pasayuvchi uchburchak” hamda sirpanuvchi o‘rtachalarning kesishishini ko‘rsatuvchi MA Cross indikatori kombinatsiyasini ko‘rib chiqamiz.
MA Cross parametrlarini har bir bozor ishtirokchisi o‘z xohishiga ko‘ra sozlashi mumkin. Biz 10 kunlik qisqa sirpanuvchi o‘rtacha va 20 kunlik uzun SMA bilan yanada optimal parametrlarni tanlaymiz. Sirpanuvchi o‘rtachalarning davri qancha qisqa bo‘lsa, ular shuncha ko‘p bozor shovqinini qamrab oladi. Bu esa narxning ko‘plab soxta buzib o‘tishlariga va noto‘g‘ri prognozga olib kelishi mumkin.
Quyidagi kunlik grafikda MA Cross “pasayuvchi uchburchak” figurasi ichida qisqa SMA, uzun sirpanuvchi o‘rtacha bilan kesishib, qisqa muddatli “o‘lim xochi” patternini hosil qilganini ko‘rish mumkin. Bu holatda “o‘lim xochi” “ayiqlar” uchun qisqa pozitsiyaga kirishning foydali nuqtasini topishga signal bo‘lib xizmat qildi. Bundan tashqari, sirpanuvchi o‘rtachalarning kesishishi “buqalar”ning kuchi tugaganini ko‘rsatdi va “pasayuvchi uchburchak” grafik modelini tasdiqladi.
Konservativ savdo strategiyasida qisqa pozitsiyani faqat “buqalar”ning tayanch chizig'i buzib o‘tilib, test qilinganidan keyingina ochish kerak edi. Aynan shu nuqtada sotuvchilar sotish uchun yirik pozitsiyalarni to‘playdi. Sirpanuvchi o‘rtachalarning kesishishi va patternning pastga buzib o‘tilishi kabi ikkita tasdiqlovchi omil esa sotish signalini yanada kuchaytiradi.
Yuqoriroq riskli strategiyada narx patternning yuqori chegarasidan sapchishidan so‘ng qisqa pozitsiya ochish mumkin. Bundan tashqari, narx sapchishi paytida kotirovkalar “ayiqlar”ning “qulayotgan yulduz” shamli modeli ko‘rinishidagi oxirgi narx maksimumini hosil qildi. Bu qo‘shimcha qayrilish signali bo‘lib xizmat qildi.
Yuqoridagi “pasayuvchi uchburchak” qayrilish figurasi
“Pasayuvchi uchburchak” figurasini qayrilish modeli sifatida “buqa” trendining cho‘qqilarida ham uchratish mumkin. Uning yuqori narxlar hududida shakllanishi bozor ishtirokchilari tomonidan moliyaviy instrumentga bo‘lgan qiziqishining yo‘qolayotganidan va “buqalar” salohiyatining zaiflashayotganidan dalolat beradi.
«Pasayuvchi uchburchak» modelining tuzilish prinsipi oldingi strategiyalarniki bilan bir xil: narx “buqalar”ning gorizontal tayanch chizig'ini va cho‘qqida pasayib boruvchi maksimumlarga ega qiya qarshilik chizig‘ini shakllantira boshlaydi.
UKBRENT bo’yicha to‘rt soatlik grafikda qiziqarli vaziyat yuzaga kelgan. Qora oltin kotirovkalarining uzoq muddatli pasayishidan so‘ng, “buqalar” trendning yuqori chizig‘ini muvaffaqiyatli buzib o‘tib, testdan o‘tkazishga va narxni yuqoriga qayrishga muvaffaq bo‘lishdi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, instrument bo‘yicha yanada global miqyosda “buqalarga xos yuksaluvchi uchburchak” shakllana boshladi, uning yuqoriga buzib o‘tilishi narxning uzil-kesil qayrilishini anglatgan bo’lardi.
Biroq, 98.69 hududidagi qarshilik darajasi ikkinchi bor sinovdan o‘tkazilganidan so‘ng, “ayiqlar” “buqalar”ga kuchli zarba berdi va narx o‘z maqsadiga — qarshilikni buzib o‘tishga — erishmasdan pasaya boshladi. Bundan tashqari, sotuvchilar “yuksaluvchi uchburchak” figurasining quyi chegarasini buzib o‘tib, undan pastda mustahkamlanib olishga muvaffaq bo‘lishdi. Bu “buqalar”ning bozor ustidan nazoratni butunlay yo‘qotganini anglatadi va “yuksaluvchi uchburchak” grafik figurasini bekor qiladi.
Shuni ta’kidlash joizki, moliyaviy bozorlar mantiqqa zid bo‘lib, bunday g‘ayrioddiy vaziyatlar vaqti-vaqti bilan yuzaga kelib turishi mumkin. Shu sababli, bozorda pozitsiyalarni ochishda tavakkalchilikning foydaga nisbatiga rioya qilish va stop-loss o‘rnatish muhimdir.
«Yuksaluvchi uchburchak»ning quyi chegarasi buzib o‘tilgach, instrument kotirovkalari «pasayuvchi uchburchak» patternini shakllantira boshladi. Ta’kidlash joizki, bu vaqtda savdo hajmlari jadal pasaya boshlagan, bu esa treyderlarning instrumentga bo‘lgan qiziqishi so‘nayotganidan dalolat beradi.
Narxning ikkita pasayuvchi maksimumi va gorizontal tayanch chizig'i hosil bo‘lgach, «buqalar» o‘z pozitsiyalarini ushlab tura olmaydi va narx 91.58 belgisidagi asosiy darajani oshib o‘tadi. Shu bilan birga, savdo hajmlari sezilarli darajada o‘sa boshlaydi.
«Pasayuvchi uchburchak» patterni bilan savdo qilish qoidalariga ko‘ra, qisqa pozitsiyani aynan shu yerda ochish kerak edi. Daromad bo’yicha mo’ljalni uchburchakning balandligini katta maksimumdan tayanch chizig'idagi minimumgacha o‘lchash orqali oldindan belgilash mumkin. Stop-lossni esa uchburchakning ikkinchi maksimumi hududida, ya’ni 93.95 darajasida o‘rnatish zarur. Ushbu bitim bo‘yicha tavakkalchilikning foydaga nisbati 1/3 ni tashkil etadi, bu esa risk-menejment va mani-menejment qoidalariga to‘liq mos keladi.
Pastki qayrilish patterni: pasayuvchi uchburchak
«Pasayuvchi uchburchak» patterni asosan «ayiqlar» formasiyalariga mansub bo‘lib, odatda pasayuvchi trendning davomi hisoblanadi.
Ba’zan, garchi pasayuvchi trendning cho‘qqisi yoki o‘rtasiga qaraganda kamroq uchrasa-da, bu modelni trend sathida ham uchratish mumkin. Grafik modelning past narxlar hududida shakllanishi, paradoksal holat bo’lsa-da, narxning yuqoriga qayrilishi va keyinchalik trend o‘zgarishi mumkinligini anglatadi.
Grafik sathidagi “pasayuvchi uchburchak” uzun pozitsiyalarni ochish imkoniyatidan va aktivning “tub”ga, ya’ni sotuvchilar o‘tkazmayotgan darajaga yetishi ehtimolidan darak beradi. Keltirilgan Dow Jones indeksi grafigida “pasayuvchi uchburchak” figurasi hosil bo‘lgan va narx undan yuqoriroqqa chegaradan chiqib ketgan.
“Ayiqlar” tomonidan “buqalar”ning asosiy tayanch darajasini yengib o‘tishga bo‘lgan uzoq va besamar urinishi natija bermadi. Quyidagi rasmdan ko‘rinib turibdiki, sotuvchilar 10671.0 darajasini to‘rt marta buzib o‘tishga harakat qilgan, biroq narx bu nuqtadan qayta-qayta sapchib ketavergan.
Bundan tashqari, “ayiqlar”ning darajani buzib o‘tishga bo‘lgan so‘nggi urinishida indeks kotirovkalari narxning uzoq muddatli o‘sishiga turtki bo‘lgan “buqa” qayrilish figurasi — “bolg‘a”ni hosil qilgan.
Pastki “pasayuvchi uchburchak” qayrilish modeli — bu patternning “ayiq”simon shakliga qarama-qarshi aksi hisoblanadi. Demak, kirish nuqtasi, teyk-profit va stop-loss darajalarini faqat teskari yo‘nalishda o‘lchash mumkin.
Shunday qilib, 12121.0 hududidagi eng yaqin qarshilik darajasida belgilangan mo’ljal bilan 11106.0 nuqtasini yuqoriga buzib o‘tgandan so‘ng instrument bo‘yicha uzun pozitsiya ochish mumkin. Stop-lossni esa figura minimumlari hududida, 10816.0 darajasiga qo‘yish mumkin.
Xulosa
“Pasayuvchi uchburchak” patterni o‘ziga xos rolga ega bo‘lgan ko‘p aahmiyatli grafik figuradir. “Pasayuvchi uchburchak” grafikda oson aniqlanadi va o‘zining aniq hisob-kitobiga ega. Bu treydingdagi asosiy modellardan biri bo‘lib, pasayuvchi trendning davom etishidan darak beradi va narxning ham cho‘qqida, ham asosda qayrilishi mumkinligini ko‘rsatishi mumkin.
U yoki bu aktiv grafigida “pasayuvchi uchburchak” shakllanayotgan vaqtda savdo hajmlari va texnik treyderlarning instrumentga bo‘lgan qiziqishi pasayishi kuzatiladi. Biroq, patternning quyi chegarasi buzib o‘tilganda, yaxshi va tez daromad olish imkoniyati paydo bo‘lgani uchun qiziqish qayta tiklanadi. Olingan bilimlarni amalda sinab ko‘rishga sizga bozordagi eng yaxshi brokerlardan biri — LiteFinance yordam beradi.
Pasayuvchi uchburchakni treydingda qo‘llash bo‘yicha FAQ
“Pasayuvchi uchburchak” patterni bo‘yicha qisqa pozitsiyani uning quyi chegarasi buzib o‘tilganidan so‘ng ochish kerak. Bu chegara “buqalar” uchun tayanch chizig'i vazifasini bajaradi. Binobarin, tayanch chizig'i yengib o‘tilgach, narxning uchburchak balandligi darajasiga qadar yanada pasayish imkoniyati ochiladi.
“Pasayuvchi uchburchak” patterni — bu pasayuvchi trendning o‘rtasida yoki yuksaluvchi tendensiyaning cho‘qqisida shakllanadigan narxning grafik figurasidir. Pasayuvchi uchburchak trend davom etishining “ayiq”larga xos modeli hisoblanadi, biroq ba’zi hollarda trendning qarama-qarshi yo‘nalishga o‘zgarishi haqida ogohlantirishi ham mumkin.
Klassik “pasayuvchi uchburchak” figurasi trendning pastga buzib o‘tilishidan dalolat beradi. Biroq, uning asosda shakllanishi narxning yuqoriga qayrilishi va aktiv bo‘yicha trendning yuksaluvchiga o‘zgarishi haqida ogohlantiradi.
Trend yuqori chizig‘ining buzib o‘tilishi ma’lum bir vaqt davridagi bozor sharoitlariga bog‘liq. Qoidaga ko‘ra, “yuksaluvchi uchburchak” figurasidan farqli o‘laroq, “pasayuvchi uchburchak”ning yuqoriga buzib o‘tishi bozorda kamroq uchrashi mumkin.
“Pasayuvchi uchburchak” — bu trend davom etishining “ayiq” figurasidir. Uning shakllanish jarayonida savdo hajmi pasayadi, narx quyi chegarani buzib o‘tganda esa hajmlar keskin oshadi. Bu narxga turtki beradi va eng qisqa vaqt ichida foyda bo’yicha mo’ljalga erishishga yordam beradi.
Ha, “pasayuvchi uchburchak” “buqa” figurasi bo‘lishi mumkin. Agar narx allaqachon yetarlicha pasaygan bo‘lsa, pasayuvchi trend yakunida shaklning hosil bo‘lishi narxning tez orada yuqoriga qayrilishidan darak beradi. Aynan shu holat uni “buqa” turiga aylantiradi.
“Pasayuvchi uchburchak”ning buzib o‘tilishi narxning “buqalar” tayanch chizig'ini yengib o‘tishini anglatadi. Bu esa aktiv bo‘yicha salbiy dinamikani kuchaytiradi va narx tezroq sur’atda pasayishda davom etadi.
Avvalo, “uchburchak”ning pastga buzib o‘tilishini va ehtimoliy test bo’lishini kutish kerak. Shundan so‘ng qisqa pozitsiya ochib, stop-lossni figura ichidagi narxning so‘nggi maksimumiga qo‘yish lozim. Teyk-profit esa “pasayuvchi uchburchak”ning maksimal nuqtasidan tayanch chizig'igacha bo‘lgan balandligi bilan o‘lchanadi. Keyin ushbu kesma tayanch chizig'iga ko‘chirilib, pastga yo‘naltiriladi. Kesmaning quyi nuqtasi taxminiy mo’ljal bo‘lib xizmat qiladi.
“Pasayuvchi pona” — bu “buqa” formasiyasi bo‘lib, undan narx yuqoriga chiqadi. “Pasayuvchi uchburchak” — bu pasayuvchi trendning davomi hisoblangan “ayiq” pätterni bo‘lib, undan narx pastga tushadi. “Pona” torayib boruvchi pasayuvchi narx kanalini ifodalaydi va “pasayuvchi uchburchak”dan farqli o‘laroq, uning chiziqlari bir-biri bilan tutashmaydi. “Uchburchak”da esa chiziqlar birlashib, modelga munosib shaklni hosil qiladi.

Ushbu maqolada yozilganlar faqat muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, LiteFinance ning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin. Ushbu sahifada chop etiladigan materiallar faqat ma'lumot berish maqsadlarida taqdim etilgan va 2014/65/EU Direktivasi maqsadlariga xizmat qiluvchi investitsiyavi maslahat yoki konsultatsiya sifatidatalqin qilinmasligi kerak.
Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu maqola intellektual mulk obyekti hisoblanadi, va uni ruxsatsiz nusxalash yoki tarqatish taqiqlangan.





















