Shamli patternlar treyderlar uchun bozor harakatlarini tushunishda muhim instrument hisoblanadi. Trend qayrilishining eng ishonchli signallaridan biri bo‘lgan yutib yuborish patterni narxlarni yuqori aniqlikda prognoz qilishga yordam beradi. Grafiklarni tahlil qilishdagi bu kuchli vositasi ham yangi, ham tajribali treyderlarni o‘ziga jalb etadi.
Siz yutib yuborish patternini aniqlashni va uni savdoda qo‘llashni o‘rganasiz. Sham tahlili olamiga sho‘ng‘ing va muvaffaqiyatli treyding uchun yangi imkoniyatlarni kashf eting!
Maqolada quyidagi mavzular yoritilgan:
- Asosiy faktlar
- "Yutib yuborish" shamli patterni nima?
- Yutib yuborish shamlarining turlari
- Buqa va ayiq yutib yuborishi modellari: farqi nimada?
- Yutib yuborish shamlarini savdo strategiyasida qanday qo’llash mumkin
- Bozorga kirish va tasdiqlovchi signallari
- Yutib yuborish shamli patterni bilan qanday savdo qilish mumkin
- Treydingda yutib yuborish shamlaridan foydalanish bo‘yicha maslahatlar
- Yutib yuborish patternlari bo‘yicha savdo qilishning afzalliklari
- Yutib yuborish shamli patternlarining kamchiliklari
- Xulosa
- “Yutib yuborish” shamli patternlari bo‘yicha FAQ
Asosiy faktlar
- Yutib yuborish patterni - bu ikki shamli model bo‘lib, unda ikkinchi sham birinchining tanasini to‘liq qoplaydigan trend qayrilishi ehtimolidan darak beradi.
- Buqa yutib yuborishi patterni - pasayish trendida, ayiqlarniki esa yuksalish trendida shakllanib, bozor kayfiyatining o‘zgarishi haqida ogohlantiradi.
- Past volatillik sharoitida soxta signallar paydo bo‘lishi mumkinligi bois, patternni qo'shimcha ravishda tasdiqlash talab etiladi.
- Agarda ushbu pattern hajmlar, indikatorlar yordamida yoki asosiy qo‘llab-quvvatlash/qarshilik darajalarida tasdiqlangansa, uning samaradorligi ortadi.
- Pattern aniq stop-loss va take-profit bilan bitimlar tuzish uchun ishlatiladi.
- Yutib yuborish patternini bilish treyderlarga grafiklarni tahlil qilish va foyda keltiruvchi strategiyalarni ishlab chiqishda yordam beradi.
"Yutib yuborish" shamli patterni nima?
"Yutib yuborish" shamli patterni yapon sham modeli bo‘lib, u buqa va ayiq shamlaridan iborat ikkita shamdan tashkil topgan. Bu figura bozor ishtirokchilarini modelning xususiyatiga qarab narxning yaqin kelajakdagi o‘zgarishi haqida ogohlantiradi.
"Yutib yuborish" patterni ko‘pincha Foreks, shuningdek, fond birjasi, kripto-valyuta va tovar-xomashyo bozorlarida uchraydi.
Pattern aniqlangan vaqt oralig‘i qanchalik katta bo‘lsa, u qayrilish uchun shunchalik kuchli signal beradi. Bundan tashqari, agar "yutib yuborish" patterni boshqa sham modellari yoki texnik ko‘rsatkichlar bilan tasdiqlansa, narxning o‘zgarish ehtimoli yanada ortadi.
Yutib yuborish shamlarining turlari
Ushbu bo‘limda bozorda uchraydigan pattern turlarini ko‘rib chiqamiz. Bu modelning jami ikki turi mavjud: buqa va ayiq "yutib yuborishi".
Ushbu patternni "harami" modeli bilan adashtirmaslik muhim.
"Harami"da birinchi sham ikkinchisini o‘z ichiga oladi, lekin bu pattern trend o‘zgarishini ko‘rsatmaydi. U ko‘proq bozordagi qisqa muddatli tinchlik haqida ogohlantiradi. Bundan tashqari, "harami" patterni bir shamli model bo‘lib, u buqa yoki ayiq modeli bo‘lishi mumkin.
Buqa yutib yuborishi modeli
Buqa "yutib yuborishi" patterni - bu birinchi ayiq shami ikkinchi yuksaluvchi sham tomonidan “yutib yuborilgan”da shakllanuvchi model. Ya’ni, "buqalar" o‘z kuchini ko‘rsatib, aktiv bo’yicha yirik xaridlarni faollashtiradi.
Buqa yutib yuborishi past narxlar zonasidagi pasayuvchi trenddan keyin kuzatilishi mumkin. Patternning grafik tubida paydo bo‘lishi narx tez orada o‘zgarishidan darak beradi. H4 dan kattaroq bo’lga taymfreymlarda model trend o‘zgarishi haqida kuchliroq signal beradi.
H1 gacha bo‘lgan intervallarda pattern asosan narx korreksiyalarida shakllanadi. Ko‘pincha kichik taymfreymlarda bu modelni pasayuvchi trendning o‘rtasida ham, lokal cho‘qqida ham uchratish mumkin. Bu bozor shovqinining yuqori darajasi bilan bog‘liq. Grafikda soxta figuralar hosil bo‘ladi, bu esa treyderni chalg‘itishi mumkin.
"Yutib yuborish" patterni kunlik savdoda qo‘llanilishi mumkin. Biroq, boshqa shamli modellar yoki texnik indikatorlar yordamida patternni qo‘shimcha ravishda tasdiqlash juda muhim.
Buqa yutib yuborishi modellari treyderlarga nimani ko‘rsatadi?
Grafikda "buqa yutib yuborishi" patternining hosil bo’lishi narx grafik tubiga yetganini va trend buqa tomoniga o‘zgarishga tayyorlanayotganini bildiradi.
Narxning yaqinlashib kelayotgan qayrilishiga aniq ishonch hosil qilish uchun, “buqa yutib yuborishi” shami quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
- "buqa yutib yuborishi" patternining paydo bo‘lishidan oldin yaqqol ifodalangan pasayuvchi trend bo‘lishi lozim;
- avval ayiq shami shakllanishi kerak, u to‘liq tanali yoki yuqori va pastki qismida kichik piliklar bilan ko’rinishda bo’lishi mumkin;
- ikkinchi shamning ochilish narxi birinchi shamning yopilish narxidan past bo‘lishi kerak. Ya’ni pastga qarab narx tafovuti (gep) hosil bo‘lishi shart;
- ikkinchi sham qurilishining oxirida, uning yopilish narxi birinchi shamning ochilish narxidan yuqori bo‘lishi kerak. Bunda yutib yuboruvchi shamning soyalari bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.
Ta’kidlash joizki, buqa yutib yuborishi signali quyidagi hollarda kuchayishi mumkin:
- pastga qaragan katta gep hosil bo‘lgan, ikkinchi shamcha esa ancha yuqorida yopilgan;
- uzun buqa yutib yuborishi shami shakllangan - trend o‘zgarishi ehtimoli ortadi;
- yutib yuboruvchi asosiy sham bir nechta oldingi shamlarni qamrab olgan;
- yutib yuboruvchi asosiy shamning soyalari yo’q;
- yutib yuboruvchi asosiy sham nafaqat birinchi shamning tanasini, balki uning soyalarini ham qamrab olgan;
- buqa yutib yuborishi shami shakllanayotgan paytda savdo hajmi ortgan bo’lsa.
“Buqa yutib yuborishi” patterniga misollar
Keling, "buqa yutib yuborishi" patternini kunlik taymfreymda Nvidia Corp aksiyalari misolida ko‘rib chiqamiz.
Grafikda uzoq muddatli pasayuvchi trenddan so‘ng "buqa yutib yuborishi" shamli qayrilish patternlarining ketma-ketligini ko’rish mumkin. Ushbu modellar narxlarning global qayrilishi va uzoq davom etuvchi buqa trendining boshlanishi uchun signal vazifasini bajargan.
Buqa yutib yuborishi shamining yana bir yorqin misolini quyida, XAUUSD ning kunlik grafikida ko‘rish mumkin. Pattern shakllangandan so‘ng, qimmatbaho metallar narxlari yuqoriga qayrilib, 5 oy ichida 43% dan yuqoriroq ko‘tarildi.
Ayiq yutib yuborishi modeli
Ayiq yutib yuborishi modeli ikkita shamdan iborat bo‘lib, birinchisi buqa shami, ikkinchisi esa ayiq shami bo‘lishi kerak. Ikkinchi sham yutib yuboruvchi hisoblanib, yuksaluvchi trenddan so‘ng narxning tez orada pastga qayrilishini bildiradi. Birinchi shamning tanasi qanchalik kichik va yutuvchi shamning tanasi qanchalik uzun bo‘lsa, narxning pastga qarab qayrilish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi. Shuningdek, birinchi shamning tanasidan tashqari soyalarini ham yutib yuborishi, ta’sirni kuchaytiradi va qayrilish ehtimolini oshiradi.
Ayiq yutib yuborishi modeli nimani anglatishi mumkin
Ayiq "yutib yuborishi" modeli yuqori narxlar zonasidagi cho‘qqida shakllanadi.
Bu pattern narxlarning tez orada pasayishini ko‘rsatadi. Ayiq yutib yuborishi shami paydo bo‘lishidan avval uzoq davom etgan yuksaluvchi trend kuzatiladi. Birinchi buqa shami paydo bo‘lgan paytda savdo hajmi pasayadi. Bunda sham tanasining o‘lchami ahamiyatga ega emas.
Ikkinchi sham ochilishida yuqoriga qarab narx uzilishi yuzaga keladi - bu yuksalish trendi davom etayotganini bildiradi. Biroq, tanlangan vaqt oralig‘ining oxiriga kelib, kotirovkalar birinchi shamning ochilish narxidan pasayib ketadi. Ya’ni, ikkinchi shamning tanasi birinchi shamning tanasini yutadi. Bu paytda savdo hajmi o‘sa boshlaydi.
Shu vaqtda "buqalar" o‘z pozitsiyalarini foyda bilan yopishni boshlaydilar. "Ayiqlar" esa, aksincha, bozorga kirish uchun qulay nuqtalarni izlaydi va qisqa muddatli bitimlar ochadi.
Trend o‘zgarishi signali quyidagi shartlar bajarilganda kuchayadi:
- ayiq yutuvchi shamining tanasi qanchalik uzun va buqa shamining tanasi qanchalik qisqa bo‘lsa, narxlarning pastga qayrilish signali shunchalik kuchli bo‘ladi;
- ayiq shamida qisqa piliklar bo‘lishi yoki ularning umuman yo‘qligi sotuvchilar tomonidan kuchli bosim o‘tkazilayotganini va pastga yo‘nalgan trend tez rivojlanayotganini ko‘rsatadi;
- shamlar orasidagi katta farq ham qayrilish signalini kuchaytiradi;
- agar ayiq shami nafaqat buqa shamining tanasini, balki uning soyalarini ham yutib yuborsa.
“Ayiq yutib yuborishi” patterniga misol
Quyidagi Adidas AG aksiyalari grafigida ayiq yutib yuborishi kuzatilmoqda.
Yuksaluvchi tendensiyadan so‘ng, aktiv narxi asosiy qarshilik zonasida pastga qarab qayrilishni boshladi.
Xaridorlar narxni qo‘llab-quvvatlash darajasiga qaytarishga urinishdi, ammo bu hududda ayiq yutib yuborishining shamli modellari seriyasi shakllandi.
Trend o‘zgarishi signalining kuchayishiga birinchi va ikkinchi figurada yuqori piliklarning yo‘qligi sabab bo‘ldi. Qo‘shimcha tasdiq sifatida birinchi sham shakllanishida hajmlarning pasayishi va yutuvchi sham shakllanishida savdo hajmining oshishi xizmat qildi.
Qisqa pozitsiyalarni ochish uchun so‘nggi tasdiqlovchi signal birinchi qo‘llab-quvvatlash darajasining buzib o‘tilishi bo‘ldi, shundan so‘ng narx faol tushishni boshladi.
Yana bir “bearish engulfing” savdo patternini EURUSD soatlik grafigida ko‘rish mumkin.
Foreks savdosida narx uzilishisiz yutib yuborish patternini uchratish mumkin. Buning sababi shundaki, valyuta juftliklari bilan savdolar dam olish kunlaridan tashqari deyarli uzluksiz davom etadi. Bunda narx farqi ma’lum fundamental omillar tufayli yuzaga kelishi mumkin.
"Ayiq yutib yuborishi" patternlari paydo bo‘lganidan so‘ng narx pastga qayrildi va tez pasayishni boshladi. Ayiq trendi ikkita qayrilish modeli - "bolg‘a" va "teskari bolg‘a" yordamida to‘xtatildi.
Buqa va ayiq yutib yuborishi modellari: farqi nimada?
Buqasimon va ayiqsimon yutib yuborish patternlari bir-biriga qarama-qarshidir.
Biroq, ularni asosiy omil birlashtiradi - ular trend o‘zgarishi haqida ogohlantiradi va bozor ishtirokchilari uchun kuchli signal hisoblanadi.
Quyida ushbu modellarning farqlari haqida batafsil ma’lumot berib o’tamiz.
Buqasimon yutib yuborish patterni | Ayiqsimon yutib yuborish patterni |
Pasayuvchi trenddan keyin qo‘llab-quvvatlash zonasida shakllanadi. | Yuksaluvchi trenddan keyin qarshilik zonasida shakllanadi. |
Narxning ko‘tarilishi haqida ogohlantiradi. | Narxning pasayishi haqida ogohlantiradi. |
Buqasimon yutib yuboruvchi sham, pastga yo’nalgan narx uzilishi bilan ochiladi va davr oxiriga kelib avvalgi shamning ochilish narxidan yuqoriroq darajada yopiladi. | Ayiqsimon yutib yuboruvchi sham, yuqoriga yo’nalgan narx uzilishi bilan ochiladi va davr oxiriga kelib oldingi shamning ochilish narxidan pastroq darajada yopiladi. |
Yutib yuborish shamlarini savdo strategiyasida qanday qo’llash mumkin
Boshqa har qanday texnik tahlil modellari kabi, "yutib yuborish” patterni ham o‘ziga xos ogohlantiruvchi signallarni beradi. Quyida yutib yuborishi patterni bilan savdo qilish strategiyalarini ko‘rib chiqamiz.
Yutib yuborish strategiyasi. Trend qayrilishi.
Bu strategiya pattern shakllangandan so‘ng trend qayrilishida pozitsiyalarni ochishni nazarda tutadi. Bitimni ochish va yopish risk-menedjment va pul-menedjmenti qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
Buqa shami uchun
Uzoq muddatli pasayuvchi trendidan so‘ng grafik tubida buqa yutib yuborishi shamli patternining shakllanishi keyingi qayrilishni ko‘rsatadi - aktiv past narxlar zonasiga yetgan.
Buqa yutib yuborishi bo’yicha savdoni GBPUSD valyuta juftligi misolida ko‘rib chiqamiz.
Quyidagi to‘rt soatlik grafikda 1.2331 qo‘llab-quvvatlash darajasi atrofida "buqa yutib yuborishi" va "bolg‘a" modellarining bir nechta qayrilish patternlarini ko’rish mumkin. Keyin narx yuqoriga ko‘tarilib, 1.2493 qarshilik darajasiga yetdi. Shundan so‘ng, kotirovkalar korreksiyaga o‘tdi.
Shunga qaramay, narx asosga yetgani va 1.2385 darajasidagi birinchi "yutib yuborishi" patternidan so‘ng uzoq pozitsiyani ochish mumkinligi aniq bo‘ldi. Stop-loss taxminan 1.2304 qo‘llab-quvvatlash darajasidan pastga o‘rnatiladi.
So‘ngra grafikda "buqa yutib yuborishi" va "bolg‘a" patternlarining yana bir seriyasi shakllandi. Narx minimumlari va maksimumlari ham o‘sib bormoqda - bu ham buqa qayrilishining yana bir belgisidir.
Uzun pozitsiyani ochishning ikkinchi imkoniyati 1.2439 belgisi atrofida edi. Bu holda stop-lossni pastroqqa, taxminan 1.2358 ga qo‘yish kerak edi. 1.2493 asosiy qarshilik darajasining buzib o‘tilishi 1.2574 darajasidagi birinchi maqsadga erishish imkonini berdi. Bunday holatda foydaning 50 foizini olish va bitimning qolgan qismini ikkinchi va uchinchi maqsadlar uchun - mos ravishda 1.2682 va 1.2763 darajalarida qoldirish mumkin edi.
Ayiq shami uchun
Ayiq yutib yuborishi uzoq davom etgan yuksalish trendidan so‘ng yuqori narxlar zonasidagi cho‘qqida shakllanadi. Pattern bo‘yicha savdo qilish misoli sifatida Tesla Inc kompaniyasining kunlik qimmatli qog‘ozlar grafigini ko‘rib chiqamiz. Quyidagi skrinshotda, aktiv 310.00 belgisiga yetganini, ammo qarshilik darajasini buzib o‘ta olmaganini ko’rish mumkin.
Narx uzoq vaqt davomida 268.00 - 310.00 oralig‘idagi flet kanalida turib qoldi va qayrilish figuralarini hosil qildi.
Qayrilishning birinchi signali "oqshom yulduzi" patternining paydo bo‘lishi edi, bu "buqa"larga uzun pozitsiyalarni yopish kerakligini bildiradi. Ketma-ket yana ikkita qayrilish sham modeli paydo bo‘ldi - "osilgan odam" va "qora bulutlar pardasi".
Oxirgi qayrilish va 268.00 asosiy qo‘llab-quvvatlash darajasining buzib o‘tilishidan avval, grafikda bir qator ayiq "yutib yuborishi" patternlari shakllandi. 310.00 darajasining takroriy testlanishida hosil bo‘lgan pattern 268.00, 226.00, 194.50, 163.00, 142.00 mo’ljallari bilan qisqa pozitsiyalarni ochish uchun yakuniy signal bo‘ldi. Bu holda stop-lossni yuqoriroqqa, taxminan 320.50 darasida o’rnatish kerak edi.
Trend bo‘yicha savdoda yutib yuborish shami
Yutib yuborish patternlarini har doim ham qayrilish patternlari sifatida ko‘rib chiqib bo‘lmaydi.
Kuchli trend paytida ushbu model harakatning davom etishiga ishora bo‘lishi mumkin. Bunday holatni Apple Inc aksiyalari misolida batafsil ko‘rib chiqamiz.
Quyidagi grafikda aktiv narxi 22.40 asosiy qo‘llab-quvvatlash zonasidagi o‘z asosiga yetdi, bu yerda "ikki jarlik" narx figurasi hosil bo‘ldi. "Buqasimon yutib yuborish" qayrilish modeli buni tasdiqladi, shundan so‘ng 24.00 sohasida 27.20 foyda olish maqsadida uzoq muddatli pozitsiyani ochish mumkin edi. Stop-loss 23.20 darajasida yutib yuboruvchi shamning eng past qiymatidan pastroq o’rnatiladi.
Keyinchalik, narx 24.80 qarshilikning birinchi darajasini muvaffaqiyatli testdan o‘tkazdi, bu esa avval yana bir "buqa yutib yuborishi" figurasini hosil qildi. Shuni ta’kidlash joizki, ushbu modellar trend doirasida "buqalar" yengib o‘tgan deyarli har bir yangi bosqichda shakllanadi. Shu bilan birga, 27.20 darajasida "ayiq yutib yuborishi" figurasi paydo bo‘ldi, bu esa ushbu indikatorning treyderlar uchun juda muhimligini anglatadi. Biroq, sotuvchilarning vaziyatni o‘zgartirishga urinishi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, buni buqasimon "bolg‘a" patternlari tasdiqlaydi.
Trend bo‘yicha "yutib yuborish" figurasi bilan savdo qilish strategiyasining mohiyati narxning yangi maqsadli darajalarga izchil o‘sishi yoki pasayishidan iborat bo‘lib, bu darajalarda mazkur model shakllanadi. Bunday figuralarning vujudga kelishi barqaror narx harakatining davom etayotganidan dalolat beradi.
Ushbu strategiya bozorning xolis manzarasini ko‘rish va aniq maqsadlar bilan bitimlar ochish imkonini beradi. Shuni ta’kidlash kerakki, ushbu taktikani kuchli trend paytida va narxning aynan qayrilish nuqtasidan boshlab qo‘llash lozim.
Bozorga kirish va tasdiqlovchi signallari
"Yutib yuborish" modeli kuchli qayrilish patternidir. Grafikda bu figuraning paydo bo‘lishi trendning tez orada o‘zgarishidan darak beradi. Biroq, "yutib yuborish" boshqa texnik ko‘rsatkichlar yoki sham modellari tomonidan qo‘shimcha tasdiqni talab qiladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, "yutib yuborish" aniqroq signallarni H4 va undan yuqori taymfreymlarda beradi. Kichikroq vaqt oraliqlarida pattern treyderni chalg‘itib, soxta signallar berishi mumkin. Bu kuchli bozor tebranishlari tufayli sodir bo‘ladi.
"Yutib yuborish" quyidagi mezonlarga javob berishi kerak:
- Model yuqori yoki past narxlar zonasida uzoq davom etgan yuksaluvchi yoki pasayuvchi harakatdan so‘ng shakllanadi. Kuchli trend holatlarida "yutib yuborish" patterni, tendensiyaning davom etishini tasdiqlashi mumkin.
- Patternni tashkil etuvchi ikkita sham turli yo‘nalishga ega bo‘lishi kerak. Yutib yuboruvchi sham oldingi shamni to‘liq qamrab olishi lozim.
Yutuvchi shamning kuchaytiruvchi omillari quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Birinchi shamni shakllantirishda savdo hajmining pasayishi va ikkinchi shamni shakllantirishda hajmning o‘sishi.
- Yutuvchi sham qanchalik hajmli va katta bo‘lsa, patternning birinchi shami esa qanchalik kichik bo‘lsa, narxning o‘zgarishi haqidagi signal shunchalik kuchli bo‘ladi.
- Yutuvchi sham bir nechta oldingi shamlarni qamrab oladi.
Yutib yuborish shamli patterni bilan qanday savdo qilish mumkin
Foreksda "yutib yuborish" yordamida muvaffaqiyatli savdo qilish uchun shamli tahlilni turli texnik indikatorlar bilan birga qo‘llash mumkin.
Keling, GBPUSD valyuta juftligi misolida bosqichma-bosqich qo‘llanmani ko‘rib chiqamiz:
- Birinchi navbatda, savdo vositasini tanlagandan so‘ng, eng yaqin qo‘llab-quvvatlash va qarshilik darajalarini aniqlash zarur.
- Keyin grafikka quyidagi texnik ko‘rsatkichlarni qo‘shish kerak: hajmlar, RSI va MACD.
"Buqa yutib yuborishi" patterni aniqlanganda, ushbu modelni texnik indikatorlar va boshqa sham figuralari orqali tasdiqlanishini kutish muhimdir.
Bizning misolimizda ko‘rinib turibdiki, "buqa yutib yuborishi" hosil bo‘lgandan so‘ng grafikda yana bir yutib yuborish modeli va "bolg‘a" qayrilish patterni shakllangan. "Bolg‘a" shami sohasida MACD indikatori nol chegarani pastdan yuqoriga kesib o‘tdi va musbat zonada o‘sa boshladi. Bundan tashqari, RSI 50 darajasini kesib o‘tdi, bu esa buqa tendensiyaga o‘tishni anglatadi.
- Faqat shunday tasdiqlardan keyingina o‘sish boshlanadi, deyish mumkin. Narx qarshilikning birinchi darajasidan yuqorida mustahkamlangandan so‘ng, uzun pozitsiyani ochish lozim. Bizning holatimizda foyda maqsadlari ikkinchi va uchinchi qarshilikning mahalliy darajalarida joylashgan edi.
- Bunda stop-lossni birinchi qarshilikdan pastroqqa qo‘yish kerak. Bizning holatimizda, risk-menejmentga ko‘ra, stop-orderni yutib yuboruvchi shamlarning maksimum zonasida o’rnatish lozim edi. Agar uni yanada pastroqqa qo‘yilsa, noto‘g‘ri prognoz holatida treyder depozitning sezilarli qismini yo‘qotishi mumkin.
Treydingda yutib yuborish shamlaridan foydalanish bo‘yicha maslahatlar
Treydingda sham modelidan foydalanish bo‘yicha bir qator maslahatlar:
- "Yutib yuborish" patternini kattaroq vaqt oraliqlarida qo‘llashga harakat qiling. Ularda trend qayrilishi yoki davom etishi uchun kuchliroq signallar paydo bo‘ladi. Kunlik savdo uchun H1 va undan yuqori taymfreymlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
- Patternni tekshirish uchun hajm indikatoridan foydalaning. Shunda bozor tuzoqlaridan qochib qutulasiz.
- Pozitsiya ochishdan avval, albatta, boshqa sham modellari va texnik indikatorlar yordamida "yutib yuborishi" patternining tasdiqlanishini kuting.
- Foyda bo’yicha mo’ljallarni aniqlash uchun qo‘llab-quvvatlash va qarshilik darajalaridan foydalaning.
- Bozorni oldindan aytib bo‘lmaydi, shuning uchun depozitni yo‘qotish xavfini kamaytirish uchun stop-loss orderini o’rnating.
Yutib yuborish patternlari bo‘yicha savdo qilishning afzalliklari
Buqa va ayiq yutib yuborishi patternlari ham yangi ish boshlaganlar, ham tajribali treyderlar orasida juda mashhur. Xo‘sh, bu modelning savdoda nima afzalliklari bor?
"Yutib yuborish" shamli patternining afzalliklarini ko‘rib chiqamiz.
- Bu patternni narxlar grafigida osongina aniqlash mumkin. Model turli yo‘nalishga ega bo‘lgan ikkita shamdan iborat. Bu shamlarning ikkinchisi grafikda yaqqol ko‘zga tashlanadi.
- "Yutib yuborish" patternini har qanday taymfreymda, barcha moliyaviy bozorlarda uchratish mumkin.
- Risk va foyda nisbati jozibador. Yutib yuborish patterni bo‘yicha stop-loss orderi, trend yo’nalishiga qarab, yutuvchi shamning minimal yoki maksimal qiymatidan biroz pastroq yoki yuqoriroq belgilanadi.
Yutib yuborish shamli patternlarining kamchiliklari
- Ko‘pincha treyderlar "yutib yuborish" patternini narxning orqaga qayrilishi bilan adashtirib yuboradilar. Uni asosiy qarshilik va qo‘llab-quvvatlash darajalari sohasida izlash lozim. Ikkinchi shamni qurishda hajmlarga ham e’tibor qaratish kerak: agar ular birinchisidan past bo‘lsa, narxning pasayishi ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi. Shuningdek, "yutib yuborish" patternini trend davom etishini ko‘rsatuvchi va uzun tanaga ega bo‘lgan "Marubozu" modeli bilan osongina adashtirib yuborish mumkin.
- "Yutib yuborish" patternini qo‘shimcha sham modellari va texnik indikatorlar yordamida tasdiqlash zarur. Shu sababli, savdo qilishdan avval sham tahlilining boshqa qayrilish figuralarini o‘rganib chiqish lozim.
Xulosa
"Yutib yuborish" patterniga treydingda alohida ahamiyat beriladi. Ushbu modelning grafikda shakllanishi bozordagi tendensiyaning o‘zgarishidan darak beradi. Bu figura moliya bozorlarida tez-tez uchraydi va uni aniqlash oson. Patternning kattaroq taymfreymlarda paydo bo‘lishi trendning yanada globalroq qayrilishi haqida dalolat beradi.
Psixologik nuqtai nazardan, pattern shakllanayotgan paytda pozitsiyalarning ommaviy yopilishi tufayli oldingi tendensiya zaiflashadi. Shu bilan birga, alternativ trend kuchayadi - qarama-qarshi yo‘nalishda bitimlar ochiladi.
Qulay va ko‘p funksiyali LiteFinance veb-terminalida keng turdagi savdo instrumentlariga ega bo‘lgan "yutib yuborish" patterni bo‘yicha savdoni sinab ko‘rishingiz mumkin.
“Yutib yuborish” shamli patternlari bo‘yicha FAQ
"Yutib yuborish" shami ham yusaluvchi, ham pasayuvchi bo‘lishi mumkin. Yuksaluvchi model uzoq davom etgan pasayish trendining oxirida, pasayuvchi sham esa ko‘tarilish tendensiyasining oxirida shakllanadi.
Sham tahlilining boshqa patternlari singari, "yutib yuborish" figurasi ham 100% muvaffaqiyatni kafolatlay olmaydi. Biroq, bu model treydingdagi asosiy qayrilish patternlaridan biri hisoblanadi. Undan ko‘plab treyderlar foydalanadi.
Ushbu patternning aniqligi u qaysi taymfreymda shakllangani va tasdiqlovchi sham modellari bor yoki yo’qligiga bog‘liq. Trend qayrilishi kattaroq taymfreymlarda aniqroq prognoz qilinadi.
Yo‘q, yutuvchi sham oldingi sham piligini qoplashi shart emas. Bunda oldingi sham tanasining yutib yuborishi muhim shart hisoblanadi. Soyalarning yutib yuborishi trend qayrilishi uchun signalni kuchaytiradi.
Pattern grafikda osongina aniqlanadi. Uning paydo bo‘lishini qidirish yoki kutish yo tayanch chizig‘i yonida, yo qarshilik chizig‘i yonida amalga oshiriladi. Vizual ravishda grafikda pattern shamlarning turli yo‘nalishlarini hisobga olgan holda ikkinchi shamning birinchisini yutib yuborishi ko’rinishida aks ettiriladi.
Bu modeldan kamida H1 taymfreymida foydalanish maqsadga muvofiq. Kichik taymfreymlarda bozor shovqini ko‘p bo‘ladi. Bu treyderni chalg‘itishi va vosita bo‘yicha noto‘g‘ri pozitsiyani ochish xavfini keltirib chiqarishi mumkin.
Eng ishonchli namuna mavjud emas. Har qanday sham modelining o‘ziga xos afzalliklari va kamchiliklari bor. Buning sababi shundaki, bozor turli omillar ta’sirida kutilmagan tarzda o‘zgarishi mumkin. Grafikning texnik tahlili bilan bir qatorda, savdoda fundamental tahlildan ham foydalanish zarur.
Yo‘q, pilik yutuvchi shamni hosil qilishda alohida ahamiyatga ega emas. Pilik faqat ma’lum vaqt oralig’ida eng past va eng yuqori narx qiymatini ko‘rsatadi.
Ikkinchi shamning yuqoriga yoki pastga qarab oyna hosil qilib ochilishi va mos ravishda oldingi shamdan pastroq yoki yuqoriroq narxda yopilishi yutuvchi sham hisoblanadi.
Qayrilish shamlari boshqa narx patternlari yoki texnik indikatorlar bilan birgalikda, ularni fundamental tahlil bilan uyg‘unlashtirgan holda qo‘llanilishi lozim. Qayrilish modelining shakllanishi - yangi trend bo‘yicha bitimni ochish uchun signal hisoblanadi.

Ushbu maqolada yozilganlar faqat muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, LiteFinance ning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin. Ushbu sahifada chop etiladigan materiallar faqat ma'lumot berish maqsadlarida taqdim etilgan va 2014/65/EU Direktivasi maqsadlariga xizmat qiluvchi investitsiyavi maslahat yoki konsultatsiya sifatidatalqin qilinmasligi kerak.
Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu maqola intellektual mulk obyekti hisoblanadi, va uni ruxsatsiz nusxalash yoki tarqatish taqiqlangan.