Kriptovalyuta savdosida kredit yelkasi xuddi Forex bozoridagidek ishlaydi. Bu xizmat broker mablag‘laridan foydalanib, potensial daromadni ko‘paytirish imkonini beradi. Biroq, ayni paytda u treyderning xavf-xatarlarini ham oshiradi. Kredit yelkasidan haddan tashqari ko‘p foydalanish kapitalning katta qismini yo‘qotishga olib kelishi mumkin.
Ushbu maqolada biz kriptovalyuta bozorida savdo qilishda kredit yelkaning o’rni qandayligini batafsil tahlil qilamiz. U qanday ishlashi, qanday afzalliklar berishi va qanday xavf-xatarlarni keltirib chiqarishi haqida so‘z yuritamiz. Shuningdek, qarz mablag‘laridan foydalanishda zarar emas, balki foyda olish uchun xatarlarni qanday boshqarish kerakligi haqida gaplashamiz. Kredit yelkali kriptovalyuta savdosi spot savdosi yoki qarz mablag‘larisiz investitsiyalash kabi klassik investitsiya shakllaridan nimasi bilan farq qilishini tushunish muhimdir.
Maqolada quyidagi mavzular yoritilgan:
- Asosiy faktlar
- Kriptovaluta bozorida kredit yelka bilan savdo qilish
- Kriptovaluta olamida kredit yelka qanday ishlaydi
- Kredit yelkali tokenlar (Leveraged Tokens)
- Kriptotreydingda kredit yelkasidan nima uchun foydalaniladi
- Yelka bilan savdo qilishning afzalliklari va kamchiliklari
- Kriptotreydingda kredit yelkadan foydalanganda, xatarlarni qanday boshqarish kerak
- Spot bozorlarida kredit yelka bilan savdo qilish VS hosilaviy moliya instrumentlari (derivativlar) savdosi
- Me’yoriy jihatlar
- Kredit yelka bilan savdo qilish
- Haqiqiy savdo jarayoni namunalari
- Xulosa
- Kriptotreydingda kredit yelkani qo’llash bo‘yicha savollar
Asosiy faktlar
Asosiy tezis | Xulosalar va asosiy fikrlar |
Treydingda kredit yelka nima degani | Bitim hajmini bir necha bor oshirish hisobiga, pozitsiyani mustahkamlash va potentsial daromadni ko’paytirish maqsadida broker mablag’laridan foydalanish. |
Kredit yelka koeffitsiyenti | Potensial foydaning o‘sishiga va risk darajasiga mutanosib ravishda ta’sir ko‘rsatadi. |
Xatarlarni kamaytirish usullari | Bozorning burilishi maqbul bo‘lmagan zararlar keltirib chiqarmasligi uchun, optimal koeffitsiyentli kredit yelkadan foydalaning. Bitimni tuzish to‘g‘risidagi qarorni texnik va fundamental omillar bilan mustahkamlang. |
Taymfreymlar | Kriptovalyuta savdosida kredit yelka har qanday taymfreymlarda qo’llaniladi. |
Afzalliklar va kamchiliklar | Kredit yelkasi bitimlarning daromadliligini bir necha barobar oshirishga imkon beradi, ammo butun depozitni yo‘qotish xavfini ham oshiradi. |
Kriptovaluta bozorida kredit yelka bilan savdo qilish
Avvalo, savdoda kredit yelkasi va umuman marjinal savdo nima ekanligini ko‘rib chiqamiz. Treydingda pozitsiyalarning ikki asosiy turi mavjud:
- long yoki uzun pozitsiya;
- short yoki qisqa pozitsiya.
Long klassik spekulyativ tamoyil asosida amalga oshiriladi: aktivlarni belgilangan narxda sotib olib, ularni sotib olish paytidagi narxdan yuqoriroq narxda sotamiz. Shunday qilib, treyderlarga foyda olish uchun birja yoki broker ishtirokining zarurati yo‘q, ular shunchaki kriptovalyutani sotib olib, keyinchalik qayta sotish orqali ham daromad ko‘rishlari mumkin.
Qisqa pozitsiyalar boshqa tamoyil asosida ochiladi. Treyder brokerdan aktivni qarzga oladi, uni sotadi va narx tushgandan so‘ng tokenlarni sotib olib, brokerga qaytaradi. Kredit yelkasisiz amalga oshiriladigan kriptovalyuta savdosida barcha bitimlar treyder hisobida mavjud mablag‘lardan foydalangan holda joriy bozor narxida amalga oshiriladi, ammo aslida qisqa pozitsiya hatto kredit yelkasiz savdoda ham marjinal pozitsiyaga taalluqli bo‘ladi, chunki treyder brokerdan aktivni qarzga oladi.
Ushbu mexanizm kredit yelkasidan foydalanib kriptovalyuta savdosi va xavflarni boshqarishda katta moslashuvchanlikni ta’minlovchi kross-marjinal savdoga yo‘naltirilgan platformalarda ham qo‘llaniladi.
Kriptovalyuta savdosida kredit yelka treyderning qarz mablag‘i hisobiga xaridorlik qobiliyatini kuchaytiradi. Kredit yelkasidan foydalanish treyderga o‘z pozitsiyalari hajmini bir necha barobar oshirish va potentsial yuqori daromad olish imkoniyatini yaratadi.
Biroq, garov sifatida faqat hisobingizdagi erkin mablag‘ ishlatilishi sababli, bozor sizning pozitsiyangizga qarshi borishi mumkinligini unutmang. Kredit yelkasi koeffitsiyentlari qanchalik yuqori bo‘lsa, narx bir pipsga o‘zgarganda foyda shunchalik ko‘p bo‘ladi. Ammo bu holat jiddiy zararlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan tugatish chegarasini ham shunchalik yaqinlashtiradi.
Agar siz kredit yelka bilan birinchi bor savdo qilib ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, yangi ish boshlayotgan treyderlar uchun qo‘llanmani o‘qib chiqishni tavsiya etamiz.
Yuqoridagi grafikda BTCUSD juftligi bo‘yicha kredit yelkasi (yashil chiziq) yordamida va uningsiz (sariq chiziq) savdo qilish misoli ko‘rsatilgan.
Kriptovaluta olamida kredit yelka qanday ishlaydi
Kredit yelkasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun treyder marjinal garovga ega bo‘lishi kerak. Ta’minot vazifasini savdo hisobvarag‘ining ijobiy balansi bajaradi, chunki bitimni ta’minlash qisman treyder mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Kredit yelka koeffitsientlari qanchalik yuqori bo‘lsa, treyderning ulushi shuncha kam bo‘ladi. Qolgan summani broker qoplaydi.
Uzoq/qisqa pozitsiyalar ochilgandan so‘ng, treyder ma’lum bir marja chegarasini saqlab turishi lozim. Ko‘pchilik brokerlar uchun marja talablari 25% bilan cheklanadi. Agar marja ta’minoti yetarli bo‘lmasa, broker hisobni to‘ldirish talabi bilan marjin-koll qiladi va bitimni majburiy tugatish jarayonini boshlaydi. Bu zaruriy jarayon bo‘lib, balansning manfiy qiymatga o‘tishiga, ya’ni treyder tomonidan brokerga berilgan qarz bo‘yicha qarz paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Uzun (long) pozitsiyada yelkani qo’llash misoli
Kredit yelkaning ishlash tamoyilini yaxshiroq tushunish uchun quyidagi misolni ko‘rib chiqamiz:
- Treyder balansi – $100
- Lot hajmi – $1000
- Kredit yelkasi – 1:50
- Bitim turi – long (uzun pozitsiya)
$1000 lot bilan uzun pozitsiyani ochish uchun treyder hisobida zalog (marja) sifatida $1000/50 = $20 bo‘lishi kerak. Bir qarashda, kredit yelkasi yordamida kriptovalyutalar bilan savdo qilish katta kapital talab qilmaydigandek tuyuladi, ammo bu faqat bozor prognoz qilingan yo‘nalishda harakat qilganda amal qiladi. Kredit yelkasi bilan kriptovalyuta savdosida yo‘l qo‘yilgan xato marjinal pozitsiyaning darhol yopilishiga olib kelishi mumkin.
Agar narx $1 ga tushsa, 1:50 kredit yelkasi bilan marja $50 ga oshadi. Agar narx $2 ga tushsa, hisob balansidagi mavjud mablag‘ yetarli bo‘lmaydi va margin-call sodir bo‘ladi, ya’ni pozitsiya avtomatik ravishda yopiladi (likvidatsiya).
Likvidatsiya xavfini kamaytirish uchun pastroq kredit yelkasi tanlash maqsadga muvofiq. Masalan, 10x kredit yelkasi bilan narxning $1 ga tushishi talab etilgan marjani faqat $10 ga oshiradi, bu esa hisobning tez likvidatsiya bo‘lish ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.
Agar bozor treyder prognoz qilgan yo‘nalishda harakat qilsa, qarz mablag‘lari sezilarli foyda keltirishi mumkin. Masalan, narx atigi $3 ga oshsa, 1:50 kredit yelkasi bilan treyder sof $150 foyda oladi. Biroq, bu imkoniyat yuqori xavf bilan bog‘liq bo‘lib, bozordagi kichik teskari harakat ham depozitni butunlay yo‘qotishga olib kelishi mumkin. Shuning uchun kredit yelkasidan foydalanishda risklarni boshqarish strategiyalariga qat’iy rioya qilish muhimdir.
Qisqa (short) pozitsiya ochishda yelkani qo’llash misoli
Qisqa pozitsiya (short) ochishda kredit yelkadan foydalanish tamoyilini yaxshiroq tushunish uchun quyidagi misolni ko‘rib chiqamiz:
- Treyder balansi – $500
- Lot hajmi – $5000
- Kredit yelkasi – 1:10
- Bitim turi – short (qisqa pozitsiya)
Agar 1:50 kredit yelkasi bilan $10,000 hajmdagi lot ochilsa, boshlang‘ich marja $10,000 / 50 = $200 bo‘ladi.
- Narx pasaysa: Har $1 lik tushish treyderga $50 foyda keltiradi.
- Narx ko‘tarilsa: Har $1 lik o‘sish $50 zarar keltiradi.
Agar treyder balansida $5,000 bo‘lsa va boshlang‘ich marja $200 ni tashkil qilsa, narx $96 ga oshganda margin-call yuz beradi, ya’ni pozitsiya majburan yopiladi va butun depozit yo‘qotilishi mumkin.
Yuqoridagi sxemada kredit yelkali short pozitsiyasi qanday ishlashini aniq ko‘rsatib berishga harakat qildim. Biz bitkoinni yuqori narxda qarzga olamiz va uni bozor narxida sotamiz. Narx pasaygandan so‘ng, butun summaga bitkoinni qayta sotib olamiz. Bitkoin narxi pastroq bo‘lgani sababli, uning miqdori ko‘proq bo‘ladi. Biz qarzga olingan BTC miqdorini qaytaramiz, farq esa foyda sifatida qoladi.
Kredit yelkali tokenlar (Leveraged Tokens)
Yillar davomida kredit yelkali tokenlarning yangi konsepsiyasi paydo bo‘ldi. Endi faqat Bitcoin, Ethereum, Tether kabi aktivlar bilan cheklanib qolmay, balki bozorda "3-karrali qisqa Ethereum" kabi g‘alati nomlarga ega tokenlarni ham uchratishingiz mumkin.
Kredit yelkali tokenlar – bu ERC-20 yoki EVM standarti bilan moslashtirilgan protokollar asosida yaratilgan aktivlardir. Ular foydalanuvchilar uchun qulay va ishlatishga oson bo‘lib, birjalarda boshqa aktivlar qatori erkin savdoga qo‘yilgan. Bundan tashqari, kredit yelkali tokenlar treyderlarga asosiy aktivlar narxlarining o‘zgarishidan yuqori daromad olish imkoniyatini beradi. Eng muhimi, marjani boshqarish yoki qarz olish zaruriyatisiz moliyaviy dastak (richag)dan foydalanish imkonini yaratadi.
Ushbu tokenlar marjali pozitsiyalarni ochishga qaraganda yaqqol ustunlikka ega, chunki marjani ta’minlash va likvidatsiya darajalari haqida tashvishlanishning hojati yo‘q. Biroq, boshqa tomondan, o‘rnatilgan avtomatik qayta balanslash mexanizmi tufayli yelkali tokenlarni uzoq vaqt ushlab turishning ilojisi yo’q.
Ushbu mexanizm "dastak"ni belgilangan darajada ushlab turish imkonini beradi, ammo shu bilan birga tokenning o‘z qiymatini o‘zgartirishi mumkin. Bundan tashqari, ulardan foydalanish qayta balanslashning o‘zi bilan bog‘liq qo‘shimcha komissiyalar va boshqa to‘lovlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Ular avtomatik ravishda balansni tiklashi mumkinligi sababli, ularning qiymatiga bozorning har qanday yo‘nalishdagi to‘satdan o‘zgarishi ta’sir qilishi mumkin. Oddiy ERC-20 tokenlaridan farqli o‘laroq, ularni hamyoningizga chiqarib ololmaysiz va ularni saqlashda qo‘shimcha komissiya olinishi mumkin.
Agar bozorda vaziyat "flet" bo‘lib, narx uzoq vaqt davomida trend bo’yicha harakatlanmasa, qayta balanslash va boshqa komissiyalar balansingizni yeb qo‘yadi. Bunday xarajatlar xuddi shunga o‘xshash yelka darajasiga ega bo‘lgan ochiq marjinal pozisiyaga qaraganda ancha yuqori bo‘lishi mumkin.
Kriptotreydingda kredit yelkasidan nima uchun foydalaniladi
Treyderlar har bir bitimdan ko‘proq daromad olish maqsadida kredit yelkasidan foydalanadilar. Biroq, yuqorida ko‘rsatilganidek, kredit yelkasi yordamida kriptovalyuta savdosi qilish jiddiy moliyaviy yo‘qotishlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Kredit yelkasidan foydalanishning yana bir sababi – kapital likvidligini oshirishdir. Masalan, bitta birjada 2x kredit yelkasi bilan pozitsiyani ushlab turish o‘rniga, 4x kredit yelkasi tanlanib, xuddi shu hajmdagi pozitsiyani kamroq depozit bilan ochish mumkin. Bu esa mablag‘ning bir qismini boshqa maqsadlar uchun ishlatishga imkon beradi. Masalan, boshqa aktivlar bilan savdo qilish, steyking, markazlashmagan birjalarga (DEX) likvidlik taqdim etish, NFT-ga sarmoya kiritish va hokazo.
Sinalgan broker bilan savdoni boshlang
Yelka bilan savdo qilishning afzalliklari va kamchiliklari
Kredit yelkasi bilan savdo qilish, boshqa birja instrumentlari kabi, afzalliklari va kamchiliklariga ega. Kredit yelkasidan to‘g‘ri foydalanish va xatarlarni oqilona boshqarish orqali salbiy oqibatlarga duch kelmasdan bitimlardan yuqori daromad olish mumkin. Savdoning yakuniy natijasi strategiyaning samaradorligi va treyderning bozorni mohirona tahlil qila olish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Quyida kredit yelkali kriptovalyuta savdosining asosiy afzalliklari va kamchiliklari keltirilgan jadval berilgan. Tanlangan strategiya spot savdo, kross-marjinal savdo yoki leverajli pozitsiya bo‘ladimi, bundan qat’i nazar, barcha potensial xavf-xatarlarni tushunish muhimdir.
Afzalliklari | Kamchiliklari |
Bozorda treyderning moliyaviy imkoniyatlarini o‘n va hatto yuz barobargacha oshirish. | Yelka potensial daromadni oshirgani kabi, potensial zararni ham ko‘paytiradi. |
Bozorga kichik depozitlar bilan kirish imkoniyati. | Yangi boshlaganlar uchun optimal kredit yelkasi koeffitsiyentini tanlash qiyin. |
Kichik hajmli boshlang’ich kapital bilan savdo qilish mumkin bo’lmagan yanada qimmatroq investitsion instrumentlar bilan ishlash imkoniyati. | Bozor sharoitlari tez o‘zgarishi mumkin va yelkadan foydalanish tezkor hamda sezilarli yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. |
Investitsion portfelning moslashuvchinligi. | Yelkadan foydalanganlik uchun qo‘shimcha komissiya va foizlar undirilishi mumkin, bu esa savdodan keladigan umumiy daromadni kamaytiradi. |
Portfelda boshqa investitsiyalarni bozorning salbiy harakatlaridan himoyalash yoki xedjlash instrumenti mavjudligi. | Agar bozor ochiq pozitsiyaga qarshi harakat qilsa, treyder marjin-koll bilan yuzlashishi mumkin, bu esa qo‘shimcha mablag‘ kiritishni talab etadi. |
Arbitraj savdosi – fyuchers va spot kurslari o‘rtasidagi farqdan olinadigan daromad. |
Yelka bilan savdo qilishning afzalliklari
Kriptovalyuta dunyosida kredit yelkasi treyderning moliyaviy imkoniyatlarini oshirish uchun qo‘llaniladi. Bozorda oqilona harakat qilish orqali qarz mablag‘lari katta foyda olish imkonini beradi. Investorlar va treyderlar kredit yelkasidan asosan daromadni oshirish maqsadida foydalanadilar. Moliyaviy leveridj investorlarning dastlabki kapital hajmi kam bo‘lganda ham qimmatbaho investitsiya variantlariga kirish imkoniyatini yaratadi.
Kredit yelkasi qisqa muddatli savdolarda qo‘llanilishi mumkin, ayniqsa, katta kapital talab qilinganda yoki treyder narx harakati bo‘yicha aniq ishonchga ega bo‘lib, foydani maksimal darajaga yetkazmoqchi bo‘lganda.
Yelka bilan savdo qilishning kamchiliklari
Kredit yelkasining afzalliklariga qaramay, u jiddiy xavf-xatarlarni ham o‘z ichiga oladi. Eng asosiy xatar – bu likvidatsiya ehtimoli. Agar bozor treyderning pozitsiyasiga qarshi harakatlansa, yuqori kredit yelkasi marja talabini keskin oshirib, depozitning majburiy yopilishiga olib kelishi mumkin.
Yangi boshlovchi treyderlarga kredit yelkasidan foydalanish tavsiya etilmaydi, chunki tajribasizlik moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Savdo samaradorligini oshirish va tavakkalchilikni minimallashtirish uchun avvalo oddiy savdo strategiyalarida yetarli tajriba to‘plash muhimdir.
Kredit yelkasi bilan ishlashda xatarlarni boshqarish qobiliyatini g‘oyat muhim deb hisoblayman. Hech qachon qarz olingan yoki yo‘qotishga qurbingiz yetmaydigan mablag‘lar bilan savdo qilmang.
Kriptotreydingda kredit yelkadan foydalanganda, xatarlarni qanday boshqarish kerak
Marjali savdo tarafdorlari xatarlarni samarali boshqarish usullarini doimiy ravishda takomillashtirib boradilar. Bu kredit yelkadan maksimal darajada samarali foydalanish imkonini beradi va majburiy yopilish (margin-call) xavfini kamaytiradi.
Asosiy usullardan biri – bozor tebranishlariga nisbatan yetarlicha bardoshli kredit yelka koeffitsiyentini tanlashdir. Ayniqsa, kriptovalyuta savdosida bu juda muhim, chunki ushbu bozor yuqori volatillikka ega bo‘lib, Forex bilan solishtirganda kamroq bashorat qilinadi.
Tajribali treyderlar ayrim instrumentlar uchun qo‘shimcha cheklovlar belgilaydilar. Masalan, agar kredit yelkasidan bozorning flet harakatlarida foydalanmoqchi bo‘lsangiz, 1:10 o‘rniga 1:5 koeffitsiyentini tanlash mantiqiy bo‘ladi. Aksincha, agar bozor aniq trend ko‘rsatib turgan bo‘lsa, kattaroq kredit yelkasi ishlatilishi mumkin, ayniqsa, agar savdo strategiyangiz shakllangan trend bo‘yicha uzun yoki qisqa pozitsiyalar ochishga asoslangan bo‘lsa.
Kredit yelka bilan savdo qilishda katta yo‘qotishlarning oldini olish uchun quyidagi asosiy risklarni boshqarish strategiyalariga rioya qilish kerak:
- Stop-Loss Orderi – Bozor savdo pozitsiyasiga qarshi harakat qilganda uni avtomatik ravishda yopish uchun zarur vosita. Kriptovalyuta savdosida katta yo‘qotishlar va likvidatsiyaning oldini olish uchun stop-loss orderlarini eng yaqin mahalliy minimum darajasida o‘rnatish tavsiya etiladi.
- Take-Profit Orderi – Narx belgilangan maqsadli darajaga yetganda avtomatik ravishda foydani qayd etish uchun mo‘ljallangan kutib turuvchi order. Bu, ayniqsa, narx harakatlari va chiqish nuqtalarini oldindan aniq bashorat qilish qiyin bo‘lgan yangi treyderlar uchun foydalidir.
- Limit Orderi – Oldindan belgilangan narxda yoki undan yaxshi sharoitda savdo bitimini bajarish uchun mo‘ljallangan order bo‘lib, bozorga kirish va chiqish ustidan ko‘proq nazoratni ta’minlaydi.
- Savdo Rejasi – Kirish narxi, stop-loss darajalari, pozitsiyani o‘rtacha qilish va oshirish strategiyasi, foyda qayd etish va risklarni boshqarishni oldindan rejalashtiring. O‘z savdo rejangizga qat’iy rioya qiling – undan har qanday chetga chiqish ogohlantiruvchi signal bo‘lishi kerak.
- Likvidatsiya Darajasini Boshqarish – Doimo likvidatsiya narxini kuzatib boring va uni pozitsiyangizdan xavfsiz masofada ushlab turing. Likvidatsiya darajalarini hisoblashda aktivning volatilligi va savdo rejangizdagi stop-loss darajalarini inobatga oling.
- Izolyatsiyalangan marja kredit yelkali pozitsiyalarni qo'llab-quvvatlash va kross-marjali savdo uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar miqdorini cheklash imkonini beradi. Bu imkoniyat sizga yanada moslashuvchan savdo strategiyasini ishlab chiqishda yordam beradi.
Kredit yelka bilan savdo qilishning asosiy qoidasi – mas’uliyat va qat’iy intizomda bo’lish. Har doim potensial risklarni oldindan hisoblang. Kichikroq kredit yelka tanlab, kamroq foyda olish yaxshiroq, chunki likvidatsiya xavfini o‘z tajribangizda his qilishdan ko‘ra ehtiyotkor bo‘lish afzal.
Spot bozorlarida kredit yelka bilan savdo qilish VS hosilaviy moliya instrumentlari (derivativlar) savdosi
Savdo qilishni endigina boshlaganingizda ham, spot bozorlari haqida allaqachon eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu deyarli barcha markazlashtirilgan kriptovalyuta birjalari taklif etadigan eng sodda savdo usulidir.
Spot bozorining farqli jihati shundaki, u haqiqiy aktivlar bilan ta’minlangan bitimlar asosida ishlaydi. An’anaviy spot bozori tovarlar (neft, metallar, don) bozori hisoblanadi va unda barcha savdo buyurtmalar kitobi yordamida amalga oshiriladi. Kriptovalyuta bilan savdo qilishda ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Spot bozoridagi barcha bitimlar 1 ga 1 nisbatda kripto bilan ta’minlangan deb hisoblanadi va siz bu mablag‘larni istalgan vaqtda o‘z hamyoningizga yechib olish imkoniyatiga egasiz.
Spot savdosi odatda o‘z mablag‘laridan foydalangan holda, kredit yelkasisiz amalga oshiriladi. Biroq, yelka bilan savdo qilishni ma’qul ko‘ruvchi treyderlar spot bozorida ham faoliyat yuritishlari mumkin. Shuni e’tiborga olish lozimki, spot bozorida kredit yelkasi hajmi kichikroq, vositachilik haqi esa yuqoriroq bo‘ladi.
Biz muhokama qilgan kredit yelkali tokenlar ham spot bozorida savdo qilish uchun qo‘shimcha leveridj instrumenti hisoblanadi.
Derivativlar savdosida siz haqiqiy aktiv bilan emas, balki uning ta’minlanishini kafolatlovchi tilxat bilan savdo qilayotganingizni tushunishingiz lozim. Derivativlar yetkazib beriladigan va muddatsiz shartnomalarga bo‘linadi. Foreks va kriptovalyuta bozorida muddatsiz derivativlar oddiyroq va likvidroq savdo vositasi bo‘lgani sababli eng ommalashgan hisoblanadi.
Hosilaviy moliya instrumentlarining o‘ziga xos xususiyati – bu yirik kredit yelkadan foydalanish imkoniyatidir. Ko‘pincha bu ko‘rsatkich 1:100 va hatto 1:500 koeffitsiyentidan ham oshib ketadi. Hosilaviy instrumentlardan foydalanishning yana bir yaqqol afzalligi – bu nisbatan past komissiyalardir.
Me’yoriy jihatlar
Tajribasiz treyderlarning kredit yelka tufayli kapital yo‘qotishi bo‘yicha ommaviy shikoyatlari ba’zi davlatlarni qonuniy darajada litsenziyalash, qo‘shimcha cheklovlar joriy etish yoki umuman brokerlarga kredit yelkadan foydalanishni taqiqlashga majbur qildi.
Masalan, Kanadada CSA FTX kriptovalyuta birjasi bilan bog‘liq voqeadan so‘ng kriptovalyuta savdosida kredit yelkadan foydalanishni taqiqladi. Regulyatorning ta’kidlashicha, virtual valyutalar bilan savdo, birinchi navbatda, treyderlarni asossiz tavakkalchiliklardan himoya qilishi kerak. Ushbu taqiq marjin savdosi bilan shug‘ullanuvchi ham institutsional investorlar, ham jismoniy treyderlarga ta’sir qildi. Yaqinda Singapur ham shu kabi cheklovlarni joriy qildi, biroq faqat chakana treyderlar uchun.
Avstraliya esa boshqacha yo‘l tanladi. To‘liq taqiqlash o‘rniga, moliyaviy idoralar turli moliyaviy instrumentlar uchun kredit yelkaning ruxsat etilgan koeffitsiyentlarini tartibga solishni boshladi. 2020-yildan boshlab, mamlakatda kriptovalyutaning marjali savdosiga maksimal 1:2 kredit yelkasi bilan ruxsat berildi, bu esa kredit yelkaning afzalliklarini deyarli yo‘qqa chiqardi. Shu bilan birga, 1:2 kredit yelkasi bilan savdo qilish tavakkalchilik darajasi bo‘yicha yelkasiz savdodan deyarli farq qilmaydi.
Xuddi shunday yondashuvni Rossiya moliyaviy regulyatorlari ham qo‘lladi. 2023-yil sentabr oyida Rossiya Markaziy banki brokerlik kompaniyalari mijozlarining yangi toifasini – kam tavakkal darajasiga ega mijozlarni joriy qildi. Ular kredit yelkasi bilan bir yilga yetmagan vaqt ishlagan treyderlardir. Ushbu toifadagi treyderlar uchun regulyator, standart tavakkal darajasiga ega investorlar bilan solishtirganda, kamaytirilgan kredit yelka koeffitsiyentlarini belgiladi. Agar tajribali investorlar 1:3 kredit yelkasi bilan savdo qilish huquqiga ega bo‘lsa, yangi boshlovchilar uchun bu ko‘rsatkich 1:1,4 gacha pasaytirilishi mumkin.
Kredit yelka bilan savdo qilish
Kredit yelkasi bilan savdo qilish - shaxsiy investitsiyalar cheklangan sharoitda potensial foydani oshirishning mashhur usullaridan biri. Biroq, kredit yelkasi bilan malakali va minimal xavflar bilan savdo qilishni anglash muhimdir.
Savdo strategiyasini ishlab chiqishda birinchi qadam optimal yelka hajmini tanlashdir. Yangi boshlayotgan treyderlarga haddan tashqari xavf-xatarlardan saqlanish uchun mo‘tadil yelkadan (masalan, 1:10 yoki 1:20) foydalanish tavsiya etiladi. Tajribali treyderlar 1:50 gacha va undan yuqori yelkadan foydalanishlari mumkin, ammo faqat risk-menejmentga qat’iy rioya qilinganda.
Har bir pozitsiya uchun stop-loss va tek-profitdan albatta foydalaning. Agar siz BTC/USD kriptovalyuta juftligi bo‘yicha bitim ochayotgan bo‘lsangiz, stop-loss ehtimoliy zararlaringizni mablag‘laringizning 1-2 foizidan oshmaydigan darajada cheklashi lozim. Bu narxlarning keskin o‘zgarishida katta yo‘qotishlarning oldini olishga yordam beradi.
Bozorning volatilligini ham hisobga olish muhim. Kredit yelkasi bilan savdo qilish aniq ifodalangan trendlar va o‘rtacha volatillikka ega bozorlarda eng samarali hisoblanadi. Yuqori noaniqlik yoki narxlarning kuchli tebranishi davrida yelkani tushirish yoki umuman vaqtincha undan foydalanishdan voz kechish maqsadga muvofiqdir.
Kredit yelkasi bilan muvaffaqiyatli savdo qilishning yana bir jihati - bozorni muntazam kuzatib borish va o‘zgarishlarga tezkor reaksiya bildirishga tayyor bo‘lishdir. Pozitsiya ochilish/yopilish nuqtalarini aniqlash uchun texnik tahlil o‘tkazing. Qo‘llab-quvvatlash va qarshilik darajalari, trend chiziqlari, shuningdek, RSI, MACD va Bollinger Bands indikatorlari mashhur instrumentlar hisoblanadi.
Qolaversa, doimiy ravishda o‘qib-o‘rganish va malaka oshirish - kredit yelkasi bilan muvaffaqiyatli savdo qilishning garovidir. Strategiyalaringizni haqiqiy savdoda qo‘llashdan oldin sinab ko‘rish uchun demo hisobdan foydalaning.
Ro'yxatdan o'tmasdan qulay platforma orqali Forex demo hisobiga bepul kirish imkoniyatini qo'lga kiriting
Haqiqiy savdo jarayoni namunalari
Kredit yelkasi nima ekanligini va puxta o‘ylangan savdo strategiyasida u qanday afzalliklar berishini yaxshiroq tushunish uchun uzun pozitsiya ochishda kredit yelka bilan muvaffaqiyatli savdo qilishning real misolini keltiraman:
- Treyder USDT bo’yicha 500 AQSh dollari miqdorida depozit kiritadi.
- U kredit yelkadan 1:20 koeffitsiyent bilan foydalanishga qaror qiladi, chunki bundan yuqori koeffitsiyent bilan savdo qilishni haddan tashqari xatarli deb hisoblaydi. Ushbu kredit yelka bilan potensial lotning umumiy qiymati $10 000 ga oshadi.
- U ETH bozorida $5000 miqdorida uzun (long) pozitsiya ochadi, bu vaqtda bozor narxi $2705 bo‘lib, muhim psixologik daraja – $2700dan yuqori ko‘tarilgan.
- Stop-loss ni $2690 darajasida belgilaydi. Agar ETH narxi $15 ga pasaysa, yo‘qotish $55,45 ni tashkil qiladi.
- Kun davomida token narxi $2765 gacha oshadi.
- Shu darajada ETHUSDT kursi kuchli qarshilikka uchragani ko’rinadi, va treyder foydani qayd etishga qaror qiladi. Natijada, u ushbu savdo sessiyasidan $221,81 miqdorida profit oladi, va bunda yo‘qotish xavfi atigi $55,45 ga teng bo‘ladi.
Keling, muvaffaqiyatli yopilgan qisqa pozitsiya orqali foyda olishning yana bir misolini ko‘rib chiqamiz:
- Treyder savdo hisobiga $1000 USDT kiritadi.
- U turli kriptovalyuta aktivlari bilan savdo qilish uchun 1:10 kredit yelkasi dan foydalanishga qaror qiladi. Bunday yelka va umumiy pozitsiya hajmi kriptovalyuta bozorida nisbatan tavakkalli hisoblanadi. Biroq, treyderning xarid quvvati $1000 dan $10 000 gacha oshadi. Yuqoriroq kredit yelkasi esa bozorning kutilmagan burilishi natijasida hisobning tezkor likvidatsiyasiga olib kelishi mumkin.
- Treyder BTC bozorida $63 090 narxida short pozitsiya ochadi, chunki $64 000 darajasiga yetganda kuchli sotuv bosimi paydo bo‘lganini va bozor teskari harakatlana boshlaganini kuzatadi.
- U stop-loss ni $64 150 darajasiga belgilaydi. Salbiy ssenariyda, agar narx $1060 ga oshsa, yo‘qotish $168 bo‘ladi.
- Treyder bozor $60 000 darajasigacha pasayishini kutadi va shuning uchun take-profit ni $60 153 darajasida belgilaydi.
- 30 daqiqa ichida narx keskin pasayib, $60 153 darajasiga yetadi, natijada treyder $168 xavf bilan $465,52 foyda oladi.
Ushbu misollarning ikkalasi ham kredit yelka orqali foydani oshirish imkoniyatini namoyish etadi. Xarid quvvatini oshirish uchun qarz mablag‘laridan foydalangan holda, xavflarni hisobga olish muhimdir. Juda yuqori kredit yelkasi tanlashdan saqlaning hamda stop-loss va take-profit vositalaridan foydalaning.
Xulosa
Kredit yelkasi bilan savdo qilish treyderga dastlabki investitsiya miqdori kichik bo‘lsa ham sezilarli daromad olish imkoniyatini beradi. Brokerning qarz mablag‘laridan foydalanish orqali savdo quvvatingizni 10, 50, hatto 1000 barobarga oshirish mumkin.
Ayniqsa, xatarni nazorat qilish instrumentlarini taqdim etuvchi marjinal kriptovalyuta savdosida ixtisoslashgan platformalardan foydalanish juda muhimdir. Sizni spot savdosi qiziqtiradimi yoki kredit yelkali kriptotreydingmi, bundan qat’i nazar, platforma tanloviga jiddiy yondashish zarur.
Biroq, potentsial foyda ortishi bilan risk darajasi ham mutanosib ravishda oshadi. Yuqori kredit yelkalaridan noto‘g‘ri foydalanish ko‘plab yangi treyderlarning butun savdo hisobini yo‘qotishiga olib kelgan. Shu sababli, ushbu vosita bilan ishlashda ehtiyotkorlik talab etiladi, ayniqsa kriptovalyutalar savdosida, chunki raqamli aktivlar bozorining yuqori volatilligi shundoq ham zarar ko‘rish xavfini oshiradi.
Kriptotreydingda kredit yelkani qo’llash bo‘yicha savollar
Kriptovalyuta treydingida kredit yelka bilan savdo qilish Forex bozoridagi kabi ishlaydi. Broker treyderga qarz mablag‘larini taqdim etadi, bu esa unga pozitsiyani mustahkamlash va bitim hajmini oshirishga yordam beradi. Buning hisobiga, bitimdan olinadigan potentsial daromad ham bir necha barobarga ko’payadi.
Kredit yelka bilan savdo qilish, siz kriptovalyuta bilanmi yoki boshqa aktiv bilan savdo qilishingizdan qat’i nazar, har doim qo‘shimcha xavflar bilan bog’liq bo’ladi. Qarz mablag‘lari marja – ya’ni treyderning garov mablag‘lari bilan ta’minlanishi kerak. Yuqori koeffitsientlarda bozorning qarama-qarshi harakati hisobni tezda nolga tushirish xavfini oshiradi.
Kriptovalyuta bozori yuqori volatillikka ega bo‘lib, bu kredit yelka tanlashda asosiy omillardan biridir. Juda katta koeffitsient hisobga haddan tashqari bosim yuklaydi va bozor qisqa muddatga ham qarshi harakat qilsa, marjin-coll yuzaga kelishiga olib kelishi mumkin.
1:20 kredit yelkasi deganda, treyder investitsiya qilgan summasidan 20 baravar katta pozitsiyani ochishi tushuniladi. Masalan, agar kredit yelkasiz bitim hajmi $20 bo‘lsa, 1:20 kredit yelkasi bilan hajm $400 gacha oshadi.
Kichik depozitlar uchun treyderlar odatda past koeffitsiyentli kredit yelkadan foydalanadilar yoki bitimlarni minimal lotlarda ochadilar. Biroq, yakuniy javob ko‘p jihatdan brokeringiz qanday minimal bitim hajmiga ruxsat berishi va savdoni boshlash uchun qancha minimal depozit talab qilishiga bog‘liq. Masalan, agar broker mikro-lotlar (1000 ta asosiy valyuta birligi) bilan savdo qilishga imkon bersa, hatto 1:100 kredit yelkasi 1000 dollargacha bo‘lgan pozitsiyalarni ochish imkonini beradi. Ammo bu valyuta kurslaridagi tebranishlar sizning depozitingizga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatishini ham anglatadi.
Yangi boshlovchilar uchun 1:2 dan 1:10 gacha bo‘lgan koeffitsiyentli kredit yelkasidan foydalanishni maslahat berardim. Aks holda, bozor pozitsiyaga qarshi yo‘nalishda o‘zgarganda, marja chegarasini ushlab qolish juda mushkul bo‘ladi.
Kredit yelka savdo hajmini oshirishga va treyderning xaridorchilik quvvatini bir necha barobar oshirishga imkon beradi. Siz o‘z kapitalingizdan 5, 10, hatto 50 baravar ko‘p miqdorda kriptovalyutalar sotib olishingiz va sotishingiz mumkin. Ammo, shuni unutmaslik kerakki, potentsial foyda qanchalik ko‘p bo‘lsa, hisobni nolga tushirish xavfi ham shunchalik ortadi.
Kredit yelka bilan savdo qilish – bu broker tomonidan taqdim etilgan qarz mablag‘laridan foydalangan holda bitimlarni amalga oshirish jarayonidir. Pozitsiya ochishda treyderning hisobidagi mablag‘lar garov sifatida ishlatiladi va bozor treyderning qarama-qarshi yo‘nalishda harakat qilsa, yo‘qotishlarni qoplashga xizmat qiladi.
Agar siz aktivning narxi ko‘tarilishini kutayotgan bo‘lsangiz-u, aksincha, kotirovkalar pasayishni boshlasa, bunday vaziyat savdo hisobingizning nolga tushishi oqibatida pozitsiyangizning tezda yopilishiga olib kelishi mumkin. Qarz mablag‘lari uchun garov ta’minoti zarurati bilan bog‘liq asosiy xatarlar aynan shundan kelib chiqadi.
Kredit yelkasidan foydalanib kriptovalyutalar bilan savdo qilish shaxsiy mablag‘larni jalb qilmasdan, bitimning potensial daromadliligini bir necha baravar oshirish imkonini beradi. Kredit yelkasi qanchalik yuqori bo‘lsa, kriptovalyutalar savdosidan olinadigan foyda shunchalik ko‘p bo‘ladi.
Bozor volatilligini va unga bog‘liq xavflarni hisobga olish muhimdir. Kredit yelkasi bilan savdo qilishda marjani yetarli darajada ta’minlashga e’tibor berish kerak, aks holda bozor teskari harakat qilganda tezkor marjin-coll yuzaga kelishi mumkin. Shu sababli, treyderlar odatda mo‘tadil kredit yelkasini tanlashadi.
Aksariyat yirik kriptobirjalar kredit yelka yordamida savdo qilish imkoniyatini taklif etadi. Biroq, brokerlar odatda yanada kengroq imkoniyatlarni taqdim etishadi. Masalan, LiteFinance 1:1000 gacha bo‘lgan kredit yelkasini taqdim etadi, biroq ko‘pgina kriptobirjalar 1:150 dan yuqori kredit yelkalarini taqdim etmaydi.
Kredit yelkadan foydalanish bitimlarning daromadliligi va zararliligini koeffitsiyentga mutanosib ravishda oshiradi. Masalan, agar 1:50 nisbatdagi kredit yelkasi bilan savdo amalga oshirilsa, u holda bitimlarning foydaliligi va zararliligi 50 marta oshadi.
Kredit yelka bilan savdo qilishda xavflarni kamaytirish uchun turli strategiyalar qo‘llaniladi. Masalan, trend strategiyasi bozor kuchli trend yo‘nalishida bo‘lganda pozitsiya ochishga yordam beradi, bu esa riskni kamaytiradi. Skalping esa minimal narx o‘zgarishlaridan foyda olishga qaratilgan bo‘lib, margin-call xavfini kamaytiradi.
Avstraliyaning ASIC regulyatori kriptovalyuta va boshqa aktivlar bilan savdo qilishda kredit yelkasidan foydalanishni ma’lum darajada cheklab qo‘ydi. Kriptovlayuta uchun 1:2 dan ortiq bo‘lmagan kredit yelkasi bilan savdo qilishga ruxsat etiladi, bu esa ushbu yondashuvning butun mohiyatini yo‘qqa chiqaradi.

Ushbu maqolada yozilganlar faqat muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, LiteFinance ning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin. Ushbu sahifada chop etiladigan materiallar faqat ma'lumot berish maqsadlarida taqdim etilgan va 2014/65/EU Direktivasi maqsadlariga xizmat qiluvchi investitsiyavi maslahat yoki konsultatsiya sifatidatalqin qilinmasligi kerak.
Mualliflik huquqi to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq, ushbu maqola intellektual mulk obyekti hisoblanadi, va uni ruxsatsiz nusxalash yoki tarqatish taqiqlangan.